www.ziyouz.com kutubxonasi
15
So‘nggi gap Fotima Sulton bilan Qutlug‘ Nigor xonimga qaratilganini hamma sezdi.
Xonimning xayoli shu xatarli vaziyatda ota-onadan uzoqda — Andijonda turgan yolg‘iz
o‘g‘li Boburda edi. Hazrat uni nega farzandlari qatori tilga olmadi?
— Hazratim, bergan o‘gitingizni bebaho gavhar o‘rnida qabul qilurmiz, — dedi Nigor
xonim. — Ijozat bersangiz, bitta o‘tinchim bor.
— Ijozat.
— Urush xatari kuchlik ekan. Bobur mirzoni Andijondan poytaxtga chaqirtirsangiz,
yonimizda bo‘lsalar...
— Andijon qal’asi mustahkam. Bobur mirzo u yerda bo‘lsa qal’a yanada mustahkam
bo‘lur. Bizning Mirzoga ishonchimiz katta.
Bu javob bilan xonimning iltimosi rad etildi. Fotima Sulton yonida uyqusirab o‘tirgan
o‘g‘ilchasi Jahongir mirzoni sekin bag‘riga bosib, boshini silab qo‘ydi. Bu bilan u Qutlug‘
Nigor xonimdan ko‘ra o‘zining ahvoli yaxshiroq ekanini namoyish qilmoqchi edi.
— Bobur mirzoning onasi sizdan umrbod minnatdor, hazratim, — dedi Qutlug‘ Nigor
xonim, — faqat hali o‘n ikki yoshga to‘lmagan bola... urush maydonida...
— Xonim, ortiqcha xavotirga o‘rin yo‘q. Bobur mirzoning yoniga eng yaxshi beklarimiz
yuborilgan. Yosh bo‘lsa ham sarkardalikka tayyorlanmog‘i zarur. Agar mening kunim
bitsa, o‘rnimni Bobur mirzo olg‘ay.
Endi o‘ttiz to‘qqiz yoshga kirgan va qirchillama yigit yoshini yashayotgan Mirzoning o‘z
o‘limi haqidagi so‘zlaridan haram ahli og‘ir jimlikka cho‘mdi. Hammaning xayoli qonli
urushga ketdi. Xonzoda begim otasi haqidagi boyagi noxush o‘ylarini unutib, unga ko‘zi
mo‘ltirab qaradi. Umarshayx mirzo gapining ta’sirini yanada oshirgisi kelib davom etdi.
— Agar men bu foniy dunyodan ko‘z yumsam, hammangiz Bobur mirzoning amrini
hozirgi mening amrim kabi bajo keltirgaysiz. Jahongir mirzo!
Podshoh otasi bilan muomalaga yaxshi o‘rgatilgan o‘n yashar bola darhol sergaklanib,
qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi:
— Labbay, hazratim!..
— Mening bu gaplarimni sen ham esda tutgil. Bobur mirzo sendan faqat ikki yosh katta
bo‘lsa ham, agar mening o‘rnimda qolsa, sen unga farzanddek sodiq bo‘lg‘il.
— Xo‘p, hazratim!..
Bola otasining so‘zlaridagi ma’noni durust tushunmagani uchun bunchalik tez va oson
«xo‘p» dedi. Ammo ayollar murakkab hislar tug‘yonida qoldilar. Qorako‘z begimning
Umarshayx mirzoga termilib turgan ko‘zlarida yosh yiltilladi. Mirzo buni ko‘rdi-yu,
suyukli xotinining boyagi o‘pichlari esiga tushib, vidolashuv alomatiga o‘xshab tuyuldi.
Umarshayx mirzo o‘zining so‘nggi gaplari ham vasiyatga o‘xshab ketganini endi sezdi.
Yuziga birdan ajal sharpasi tekkanday yuragi «shig‘» etdi. «Menga ne bo‘ldi? O‘limni
bo‘ynimga olib vasiyat qildimmi? Yo‘q, yo‘q!»
Mirzo o‘z gaplaridan o‘zi qo‘rqib ketganini payqagan Xonzoda begim bugun otasining
allanechuk yordamga muhtoj bir ahvolda ekanini ko‘rib, unga bexosdan rahmi keldi.
— Hazratim, men mungliq qizingiz, sizga xudodan Shayx Sa’diyning umrini tilaymen!
Ilohim yuzga kiring!
— Aytganing kelsin, qizim! — deb Umarshayx mirzo yengil bir so‘lish oldi. U qizining
ziyrakligini, so‘nggi paytda bo‘y yetib, husni yetilib, ko‘zga nihoyatda yaqin bo‘lib
qolganini go‘yo endi sezdi-da, qo‘shib qo‘ydi:— Men axir sening to‘yingni
o‘tkazmoqchimen!
Xonzoda begimni Samarqand podshosining o‘g‘li Boysunqur mirzoga so‘ratgan edilar.
Lekin Umarshayx mirzo bunga rozi bo‘lmagan edi. Mana endi agar juda do‘ppi tor kelsa,
balki u qizini podshoh akasining o‘g‘liga berib, shu yo‘l bilan urushni yarashga
aylantirar? Lekin bunday istiqbol Xonzoda begimga qorong‘i tundek mavhum va vahimali