www.ziyouz.com kutubxonasi
8
shu hammomning tarhini o‘zingiz chizing. Qurilishiga ham siz sarkor bo‘ling. Qancha haq
tilasangiz beray. Xo‘pmi?
Me’morlikni muqaddas bir san’at deb ishongan mulla Fazliddin Yoqubbekning shahvoniy
niyatlarini eshitib nafrati keldi:
— Janob bek, uzr, men harom ishdan qo‘rqamen!..
— Nimasi harom?.. Men hammomni o‘z aqchamga qurdirgaymen!
— Hammomga maxfiy tuynuklar qo‘yib quradigan sarkorlar boshqa... Siz o‘shalarga
murojaat qiling. Menga Mirzo hazratlari pokiza bir dargoh qurdirmoqchilar. Shu kunlarda
madrasa tarhini chizish bilan bandmen. Ruxsat eting, men boray...
O‘rinlaridan turganda Yoqubbek mulla Fazliddinga o‘qrayib ko‘z tikdi:
— Lekin men aytgan gap shu yerda qolsin, janob me’mor. Aks holda...
— Albatta, bu gap shu yerda qolur! Lekin siz ham mendan ozurda bo‘lmang. Ora ochiq!
Ma’qulmi, janob bek?
— Ma’qul!
Mulla Fazliddin shu bilan bu bo‘yni yo‘g‘on bekdan qutuldim, deb o‘ylagan edi. Lekin
bundan o‘n besh kuncha burun Ahmad Tanbal degan bir badavlat bek mulla Fazliddinni
so‘roqlab, kechki payt uning uyiga keldi. Ikkovlari xoli qolganda Ahmad Tanbal
cho‘ntagidan bir hamyon oltin oldi-da, mulla Fazliddinga uzatdi:
— Taqsir, mana shu oltinni olingu bitta surat chizib bering.
— Qanaqa surat?
Yoshi yigirma beshlardan oshgan bo‘lsa ham, yuziga hali durust soqol chiqmagan,
ko‘sanamo Ahmad Tanbal og‘zini me’morning qulog‘iga yaqinlashtirib shivirladi:
— Malikamizning surati kerak menga!
— Qaysi malikamiz? — sergaklanib so‘radi mulla Fazliddin.
— Chorbog‘da tillakori ko‘shk qurganingizda ko‘rgansiz... Xonzoda begim... O‘zi ham
sizning san’atingizga ixlosmand emish-ku...
Mulla Fazliddinning yuragi taka-puka bo‘lib ketdi. Nahotki bu bek po‘lat sandiqdagi
suratdan xabardor bo‘lsa!
— Kim sizga shunday dedi?.. Men me’mormen... Men faqat imoratlarning suratini
chizamen...
— Mendan yashirmang, janob me’mor! Men shariat peshvosi emasmen. Surat chizishni
bizda man qilganlariga men ham qarshimen! Hirotda Shohruh mirzo Boysunqur mirzo
uchun qurdirgan saroyning devorlari go‘zal qizlar surati bilan bezalgan ekan. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri-yu, lekin... Har joyning o‘z toshu tarozisi bor. Agar Xonzoda begimning surati
haqida siz aytgan gapni podshoh hazratlari bilib qolsalar, nima bo‘lishini o‘ylaysizmi?
— Bilmagay! — deb shivirladi Ahmad Tanbal. — Ikkovimizdan boshqa hech kim ogoh
bo‘lolmagay! Xo‘p deng! Mang, oltinni oling!
— Shoshmang, bek. Meni surat chizadi, deb sizga kim aytdi?..
— Eshitdik-da!
— Kimdan?.. Hasan Yoqubbekdanmi?..
— Hasan Yoqubbek bir bog‘bondan eshitgan ekan...
«Demak. Ahmad Tanbalning bu yerga kelganidan Hasan Yoqubbek xabardor! — o‘yladi
mulla Fazliddin.— Bular birgalashib meni qo‘lga tushurmoqchi bo‘lsa kerak. Sendek
qurbaqataxlit bek uchun Xonzoda begimning suratini chizib berib men ahmoq
emasmen!».
— Janob Ahmadbek, kamina bog‘larning suratini chizganda bir chetiga bog‘bonni ham
tasvirlashim mumkin. Me’morlik san’ati buni inkor etmaydi. Ammo malikaning suratini
chizish uchun menda na san’at bor, na haq va na jur’at!
— Xullas, mening so‘zimni yerda qoldirmoqchimisiz?