2.2. Qanday qilib firmalar ishdan qoniqishi va motivatsiyani ta’minlab beradilar? Motivlashtirish strategiyasini tanlashda uchta yondoshuv mavjud:
1. Rag‘batlantirish va jazo strategiyasi: ya’ni, kishilar mukofot olish uchun ishlaydilar:
• kim ko‘p va yaxshi ishlasa, unga yaxshi haq to‘lanadi; • kim undan ko‘p ishlasa, shunchalik ko‘p haq to‘lanadi; • kim sifatsiz ishlasa, u jazolanadi. 2. Ish orqali motivlashtirish: xodimga uni qoniqtiradigan ishni bersangiz bas, ijro etish
sifati yuqori bo‘ladi.
3. Menejerlar bilan doimiy aloqada bo‘lish strategiyasi: bo‘ysunuvchilar bilan birga
maqsadni aniqlab olish, unga ijobiy aks aloqaga imkon berish, hattoki u to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri,
yohud yanglishgan hollarda ham. Bu motivlashtirish modeli rahbar bilan xodim o‘rtasidagi
munosabatni tahlil qilish va unga ustuvorlik berishga asoslanadi.
Motivlashtirishning quyidagi usullari qo‘llaniladi:
• pulni rag‘batlantirish va mukofotlash sifatida ishlatish; • jazolash; • raqobatni kuchaytirish; • ish orqali motivlashtirish; • yutuqni tan olish va taqdirlash; • xodimlarni o‘qitish va yuksaltirish; • salbiy ta’sirni cheklash va meyorlash; • guruh mehnatini mukofatlash va rag‘batlantirish; • xodimlarni boshqarish ishlariga jalb etish va h.k.
Amerikalik ruhshunos Abraxam Maslou XX asrning 40-yillarida o‘zining ehtiyojlar ustunligi
nazariyasini yaratib, kishilar o‘z motivlari jarayonida ehtiyoj va qiziqishning 5 turiga tayanadilar
dedi. Birinchi o‘rindagi ehtiyojlar - bu bazis ehtiyojlar, ya’ni yashashni ta’minlash uchun zarur
bo‘lgan ehtiyojlar. A. Maslouning fikricha, inson, eng avvalo ana shu bazis ehtiyojlarini
qondirish uchun ishlaydi. Bazis ehtiyojlar, ya’ni oziq-ovqatga, kiyim-kechakka, uy-joyga,
uyquga bo‘lgan ehtiyoj qondirilsa, boshqa darajadaga ehtiyojlar ham asta-sekin ahamiyat kasb
etib boradi. Masalan, xavfsizlikka, ya’ni tinchlik, tartib, himoyaga bo‘lgan ehtiyoj ham
birlamchi bosqichdagi ehtiyojning yangi darajasidagi zaruriyatdir. Biron ijtimoiy guruhda
bo‘lish, boshqa kishilar bilan aloqaga kirishish ehtiyoji ierarxiyaning uchinchi bo‘g‘iniga
kiradi. Bu guruhdagi ehtiyojlarni sotsial ehtiyojlar deb ham yuritiladi. Hurmatga bo‘lgan ehtiyoj
ehtiyojlar piramidasining to‘rtinchi bo‘g‘inini tashkil qiladi. Bu ehtiyojlar kishining boshqalar
tomonidan tan olinishiga bo‘lgan ehtiyoj, ya’ni mavqe, nufuz, shon-shuhrat, muvaffaqiyat,
diqqat-e’tibor. O‘zligini isbotlash ehtiyoji, ya’ni Maslou ierarxiyasidagi eng yuqori daraja
yashirin imkoniyatlarning haqiqatga aylanishi, nimaga erishish mumkin bo‘lsa, shunga erishish.
Bu ehtiyojlar shaxsning o‘sishida o‘z aksini topadi. A. Maslou, odamlar - bu qonmagan
ehtiyojlarini qondirishga intiluvchi “ochko‘z maxluq”lar, degan edi.
Birlamchi ehtiyojlar qondirilgach, boshqa zaruriyatlar kishilarni yuqori darajadagi
ehtiyojlarga qarab harakat qilishga majbur qiladi. Ho‘sh, bu ehtiyojlarni qondirish uchun rahbar
qanday usul va yondoshuvlarni qo‘llashi kerak. Shularning ayrimlarini quyidagi jadvalda
keltiramiz (3-jadval). Bu ehtiyojlarni hech qachon to‘la-to‘kis qondirish imkoniyati bo‘lmaydi.
Shu sababli ehtiyojlarga asoslangan motivatsiya jarayoni cheksizdir.