www.ziyouz.com кутубхонаси
60
SHAROF RASHIDOV (1917—1983) Adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov 1917 yilning 5 noyabrida Jizzaxda dehqon
oilasida tavallud topgan, Narimonov maktabida tahsil ko‘rdi. 1934 yilda Jizzaxdagi
pedagogika texnikumini, 1941 yilda Samarqand dorilfununini tugatadi. Shundan so‘ng
muallim va muxbir sifatida o’z faoliyatini boshlaydi.
1938-1941 yillarda Samarqand viloyatining «Lenin yo‘li» ro‘znomasida ishlaydi. 1941-
1942 yillarda Ulug‘ Vatan urushida qatnashadi. Frontdan qaytgach, 1944-1947 yillarda
rahbarlik ishiga o‘tadi. Samarqand viloyat partiya kotibi bo‘lib faollik ko‘rsatadi,
1947—1949 yillarda «Qizil O’zbekiston» ro’znomasiga muharrirlik qiladi. 1940-1950
yillarda O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasi raisi, 1950-1959 yillarda O’zbekiston Oliy
Kengashi Rayosatining raisi, 1959-1983 yillarda O’zbekiston Kompartiyasining Birinchi
kotibi bo‘lib ishladi. Toki umrining oxirigacha Respublika partiya tashkilotiga rahbarlik
qildi. Shuningdek, Ittifoq Partiya Markaziy qo‘mitasi Siyosiy Byurosi a’zoligiga nomzod
ham edi. U o’n bir marta «Lenin ordeni», ikki marta (1974, 1977) «Mehnat qahramoni
Oltin yulduzi» va Lenin mukofoti sovrindori ham bo‘lgan.
Uning ijodi asosan 30-yillarning ikkinchi yarmida boshlangan bo‘lib, dastlab
she’riyatda qalam tebratgan. Uning birinchi she’riy to‘plami «Samarqand kuylari” nomi
bilan bosilgan. So‘ng esa «O’lkam», «Orzuimiz» (1939) kabi she’rlari chop etilgan. Ulug’
Vatan urushi davrida fashizmga qarshi g’alabaga yetaklovchi she’rlar yozib, 1945 yilda
«Qahrim» nomi bilan to‘plam sifatida chop ettiradi. U ayni chog’da adabiyotshunos va
munaqqid sifatida ham qalam tebratgan edi. U jang maydonlarida:
Agar jangdan qaytsam orqamga,
La’nat o‘qing, yashashim bekor, —
degan ahd bilan ona-Vatan dushmanlariga, fashizmga qarshi qahr-g‘azab tuyg’ularini
to‘kib sochadi.
Sharof Rashidov maqolanavis — publisistlikdan kamolga yetgan adib darajasiga
ko‘tarildi. Shuning uchun ham uning badiiy ijodi namunalarida bu ruh yetakchi o‘rinni
egallaydi. Adibning katta nasr namunalari bo‘lgan «G’oliblar», «Bo‘rondan kuchli»,
«Qudratli to‘lqin” romanlarida urushdan keyingi O’zbekiston xalqini, tiklanish yillaridagi
mehnat jasoratlari badiiy ifodasini topgan.
Ijodkorning «Kashmir qo‘shigi», «Komde va Mudan” kabi lirik qissalari an’anaviy
Sharq dostonchiligi uslubida bitilgan bo‘lib, yoshlik, bahor, go‘zal hayot nashidasi
madhiga bag‘ishlangandir. Adib hayotining so‘nggi yillarida yaratgan «Dil amri» qissasi
Vatan urushi yillarida Belorus zaminida kechgan jang manzaralari, turli millat
jangchilarining g’alaba yo‘lida olib borgan hayot-mamot kurashi tasviriga bagishlangan.
Sharof Rashidov Sho‘ro hokimiyati davrining barcha davlat arboblari singari vafotidan
keyin qoralandi. Hayoti va ijodini o‘rganish ta’qiqlandi. Mustaqillik sharofati bilan
kamtarin adib va davlat arbobining nomi qayta tiklandi. U 1983 yilning kuzida to‘satdan
vafot etdi.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993