O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993
www.ziyouz.com кутубхонаси
1
Sobir Mirvaliyev
O’ZBEK ADIBLARI
(xrestomatiya)
Toshkent
“Fan” nashriyoti
1993 yil
MUHAMMADSHARIF SO’FIZODA
(1869-1937)
Muhammadsharif So’fizoda 1869 yilning 29 yanvarida Namangan viloyati, Chust
tumanida hunarmand-kosib oilasida tug’ilgan.
Otasi Egamberdi So’fi
pichoqchilik, charx tortish ishlari bilan mashg’ul bo’lgan. Onasi
Zaynab xola xohishiga ko’ra u qo’shnisi Manzura otindan xat-savod o’rganadi, eski
maktablarda ta’lim oladi. U Hofiz, Bedil, Alisher Navoiy, Muqimiy va Furqat kabi
allomalar ijodini chuqur o’zlashtirib, she’rlar mashq qila boshlaydi. Turkistonda
chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeti»
kabi Qozon, Orenburg va Boqchasaroyda
chiqadigan ro’znoma, oynomalar bilan qiziqadi. Boku va Tiflisda chop etilgan ozor tilidagi
asarlarni mutolaa qiladi.
1893—1898 yillarda u Qo’qonda yashab, Muqimiy, Furqat ta’sirida «Vahshiy» taxallusi
bilan hajviy asarlar yaratadi. Ayniqsa, uning «Dakaning», «Bedanang», “Ayting bu
so’zimni”, «O’pay», «Beg’ubor dardu olam» kabi hajviy va lirik g’azallari e’tiborga
loyiq
edi. Biroq hali Muqimiy hajviyasi zarbidan qutulib ulgurmagan zamona hokimlari yosh
Muhammadsharifning keskin tanqidiga qarshi hujum boshlaydilar. Oqibatda u 1899 yili
Qo’qondan Chustga qaytib keladi. Ikki yil o’tgach, uni amir-amaldorlar «ul beadab va
bad aslni» dahriylikda ayblab, qatl etishga hukm chiqaradilar.
O’zining yozishicha, «so’ng
Chustdan qochib, Mir viloyatiga tafakkur qilib, muddati 14
yil har mamlakatda yurub» («Turkiston viloyatining gazeti», 1914, 10-son) umr
kechiradi. Xuddi shu 1900—1914 yillar So’fizoda dunyoqarashida muhim bosqich
hisoblanadi. Avval Bokuga borib,
Jalil Dulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi
ozarbayjon adabiyotining taraqqiyparvar vakillari bilan tanishadi. So’ng Arabiston
shaharlari, Hindiston va Turkiya mamlakatlarida oddiy mehnatkash xalq hayotini ko’radi.
1910-1913 yillarda Qo’ng’irotda
muallimlik qiladi, ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlarini
yozib, Boku va Orenburgda chiqadigan ro’znoma va oynomalarda tez-tez ko’rina
boshlaydi. Ayniqsa, uning mahoratidan darak beruvchi «O’zbek xonimiga», «Xonimlar
isminda», «Vatan», «Muslimalar» asarlari e’tiborli edi.
1913 yilda Chustga qaytib kelib, yetim maktablari ochadi va unda muallimlik qiladi.
Dunyoviy fanlarni yengil va yangi usulda o’rgatishga bel bog’laydi. Ayni chog’da ayrim
shariat peshvolarini, boy-amaldorlarni o’tkir hajviy tig’ bilan savalaydi.
Bunga chiday
olmagan hokim sinf vakillari uni halok etish payiga tushadilar. Buni sezgan shoir
So’fizoda 1915 yili yana xorijiy mamlakatlarga ketishga majbur bo’ladi.