www.ziyouz.com кутубхонаси
13
G’ULOM ZAFARIY (1889-1938) G’ulom Zafariy ko’p qirrali ijod sohibi bo’lib, u o’zbek milliy teatri, teatr tanqidchiligi,
musiqa tarixi va nazariyasi, qolaversa, milliy adabiyotimiz taraqqiyotida munosib o’rin
egallaydi. U 1889 yili Toshkentning Beshyog’och dahasiga qarashli Kattabog’
mahallasida tavallud topdi. Avval eski maktabda, xususiy rus maktabida, Ko’kaldosh
madrasasida ta’lim oldi. U 1912-1914 yillarda O’sh shahrida o’qituvchilik qildi. 1914
yildan boshlab Toshkentdagi «Turon» truppasida aktyorlik qildi, o’qituvchi bo’lib ishladi.
1917 yildan «Ishchilar dunyosi» oynomasida bo’lim boshlig’i, oliy bilimgoh va
oliygohlarda faoliyat ko’rsatdi.
G’ulom Zafariy ijodi 1914 yillardan boshlangan bo’lib, u dastlab o’z she’rlari bilan
taniladi. So’ngra esa «Baxtsiz shogird» (1914) nomli bir pardali p’esa yozadi, keyin
«Bahor», «Gunafsha», «To’sqinchilik», «Yorqinoy», «Rahimli o’qituvchi», «Mozorlikda»,
«Maqtangan kishi», «Tatimboy ota» hamda «Cho’pon Temir» (1924), «Yoshlar endi
berilmas» (1926) kabi p’esa va dostonlar yaratdi. Biroq Zafariy yozuvchi, dramaturg
sifatida o’zining «Halima» p’esasi bilan mashhur bo’lgan. «Halima» 1920 yilda yozilgan
bo’lib, o’sha yili 14 sentyabrda «Turon» truppasida Mannon Uyg’ur tomonidan
sahnalashtiriladi. Mazkur asar to’ng’ich milliy muzikali drama bo’lib, uning musiqiy
bezagini ham muallifning o’zi mashhur sozanda Shorahim Shoumarov hamda mulla
To’ychi Hofiz yordamida bajardi. Ayni chog’da «Halima» o’z davrida milliy opera sifatida
baholangan. Professor Fitrat ham ushbu asarni opera deb ataydi.
G’ulom Zafariy o’zbek milliy kuylari, maqom va maqom sho’balarini juda yaxshi
bilgan amaliyotchi va nazariyotchi ham edi desa xato bo’lmas. Uning «Sharq kuylari va
cholg’ulari», «Muzika muammosi», «O’zbek musiqasi to’g’risida» kabi maqolalari shular
jumlasidandir.
G’ulom Zafariy 1937 yilda qatag’onlikka uchrab, 1938 yilda qatl etilgan.
O’zbek adiblari. Sobir Mirvaliyev – “Fan” nashriyoti - 1993