119. Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo'rqingiz va (imonda) sodiq kishilar bilan birga bo'lingiz! 120. Madina aholisi va ularning tevaragidagi a'robiylar uchun Allohning Rasulidan qolishlari va undan kechib o'zlari bilan mashg'ul bo'lishlari joiz emas edi. Buning boisi-ularga Alloh yo'lida biror tashnalik, qiyinchilik, ochlik yetsa va kofirlarni jahlini chiqaradigan qadam bossalar, dushmanga biror musibat yetkazsalar, albatta, ularga shu sababli yaxshi amal yozilur. Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilar mukofotini zoye qilmas. 121. Biror kichik yoki katta sadaqa qilsalar yoki (Alloh yo'lida) biror vodiyni bosib o'tsalar, albatta, qilgan yaxshi ishlari sababli Alloh ularni mukofatlashi uchun ularga (savob) bitilur. 122. Mo'minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari) dinni o'rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?! 123. Ey, imon keltirganlar! Yaqinlaringizdagi kofirlarga qarshi jang qilingiz! Ular sizlardan dag'allikni topsinlar! Yana bilib qo'yingizki, albatta, Alloh taqvolilar bilan birgadir. 124. Biror sura nozil qilinsa, ular ichida: "Bu (sura) qaysilaringning imonlaringizni ziyoda etdi?" - deydigan (munofiq)lar ham bo'ladi. Ammo imon keltirganlarning imonlarini esa (bu sura) ziyoda qilur va ular shod bo'lurlar. 125. Ammo dillarida illat (shak va nifoq) bo'lganlarning esa, iflosliklari (kufrlari)ga yana ifloslik (kufr) qo'shiladi va ular kofirlik hollarida o'lurlar. 126. Ko'rmaydilarmi, (ular) har yili bir yoki ikki marta sinovga uchramoqdalar. (Shundan) so'ng (ham) na tavba qiladilar va na eslatma oladilar.