70. Ular (Ibrohimga) makr qilmoqchi bo'ldilar. Biz esa ularning o'zlarini ko'proq ziyon ko'ruvchi qilib qo'ydik. 71. Unga hamda Lutga najot berib, (ularni) Biz barcha olamlar uchun muborak qilgan yer (Shom)ga (yubordik). 72. Biz (Ibrohimga) Ishoqni hadya etdik va Ya'qubni ham (nabira qilib) qo'shib berdik hamda barchalarini solih kishilar qildik. 73. Yana ularni Bizning amrimiz bilan (odamlarni) hidoyat etadigan peshvolar qildik va ularga yaxshi amallar qilishni, namozni to'la ado etishni va zakot berishni vahiy qildik. Ular Bizgagina ibodat qiluvchi bo'ldilar. 74. Lutga esa hikmat va ilm ato etdik va uni iflos ishlar qiluvchi qishloq (ahli)dan qutqardik. Darhaqiqat, ular yomon, buzuq qavm edilar. 75. Uni (Lutni) o'z rahmatimizga doxil qildik. Haqiqatan, u solihlardandir. 76. Nuhni (eslang), u ilgari nido qilganida, Biz uni (nidosini) mustajob qilib, o'zini va ahlini buyuk g'amdan qutqardik. Izoh: Buyuk g'am - to'fon balosi. 77. Unga oyatlarimizni yolg'onga chiqargan qavm ustidan g'alaba ato etdik. Darhaqiqat, ular yomon qavm edilar. Bas, ularni barchasini g'arq qilib yubordik. 78. Dovud va Sulaymonning ekinzor xususida hukm qilgan kezlarini (eslang). O'shanda unga qavmining qo'ylari (tunda) kirgan (va uni payhon qilgan) edi. Biz ularning (chiqargan) hukmiga shohid edik. 79. Bas, Biz uni Sulaymonga anglatdik. Biz har ikkisiga hikmat (payg'ambarlik) va ilm ato etdik. Tog'lar va qushlarni Dovud bilan birga tasbeh aytadigan qilib bo'yin sundirib qo'ydik. Biz shunday qila oluvchidirmiz. Izoh: Rivoyat. Dovud bilan Sulaymon (a. s.)lar huzuriga ikki da'vogar kelib, ulardan birining qo'ylari ikkinchisining ekinzoriga kirib, payhon qilib ketganini aytib, fatvo so'raydilar. Dovud (a. s.) qo'ylar ekinzor egasiga berib yuborilsin, deydilar. Shunda Sulaymon (a. s.) bu hukmga e'tiroz bildirib, qo'ylarni ekinzor egasiga, yerni esa qo'ylarning egasiga berib, ekinzorni avvalgi holiga keltirgandan keyin qo'ylarni qaytarib berishga, bu vaqtgacha tug'ilgan qo'zilar esa ekinzor egasida qoldirilishini taklif etadilar. Dovud (a. s.) bu hukmga rozi bo'ladilar.