35. Qasamki, Biz Musoga Kitob (Tavrot) ato etdik va birodari Horunni u bilan birga vazir etdik. 36. So'ngra dedik: "Bizning oyatlarimizni yolg'onga yo'ygan qavm (Fir'avn va uning qavmi) oldiga boringiz!" Bas, (o'z kufrlaridan qaytishmagach,) Biz ularni (dengizga g'arq qilish bilan) qirib tashladik. 37. Nuh qavmini (eslang)! Qachonki, ular payg'ambarlarini inkor etishgach, Biz ularni g'arq qildik va ularni odamlar uchun ibrat qilib qo'ydik. Yana Biz (bu kabi) zolimlar uchun (oxiratda ham) alamli azob tayyorlab qo'ygandirmiz. 38. Od, Samud (qabilalarini) va quduq egalarini hamda shu oradagi ko'p avlodlarni (eslang)! Izoh: Quduq egalari - Shuayb payg'ambarning halokatga uchragan qavmi. 39. Barchalariga masallar keltirdik va (gap kor qilmagach), barchalarini butunlay yo'q qilib yubordik. 40. Aniqki, ular (safar kezlarida) shumli yomg'ir (ya'ni, tosh) yog’dirilgan shahardan o'tgandirlar. Axir, ular uni ko'rmasmidilar (ibrat olmasmidilar)?! Yo'q, ular qayta tirilishga umid qilmagan kimsalardir! 41. (Ey, Muhammad,) qachonki, ular Sizni ko'rsalar: "Alloh mana shuni payg'ambar qilib yubordimi?! 42. Agar sabr qilib (mahkam turmaganimizda), haqiqatan, u bizlarni ilohlarimizdan ozdirayozdi-ya", - deb Sizni masxara qilurlar. Yaqinda - azobni ko'rgan vaqtlarida, kim yo'ldan ko'proq ozgan ekanini bilib olurlar. 43. Ko'rdingizmi, kim havo(yi nafs)larini iloh qilib olgan bo'lsa, Siz uning ustida muakkal (mas'ul) bo'larmidingiz?! 44. Yoki Siz ularning ko'plarini (haq so'zni) tinglay oladilar yo anglay oladilar deb o'ylaysizmi?! (Yo'q, aslo!) Ular hayvonlarga o'xshaydilar, xolos. Balki, ular yanada yo'ldan ozganroqdirlar.