187. Eslang (ey, Muhammad,) Alloh ahli kitoblardan, uni (Kitobni) odamlarga, albatta, aniq bayon qilasizlar, uni (hech kimdan) sir tutmaysizlar, deb ahd olgan edi. Lekin, ular uni ortlariga uloqtirib, uni ozgina bahoga sotib yubordilar. Bu savdolari naqadar noxush! 188. O'z qilmishlariga suyunadigan, qilmagan (yaxshi) ishlari uchun maqtalishni sevadiganlar azobdan xalos bo'ladilar deb, aslo hisoblamang! Ularga alamli azob (bordir). 189. Osmonlar va Yerning hukmronligi Allohga tegishlidir. Alloh har narsaga qodirdir. 190. Osmonlar va Yerning yaratilishida, tun va kunning o'rin almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir. 191. Ular turib ham, o'tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar: "Ey, Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok zotdirsan. Bas, bizni do'zax azobidan saqlagin! Izoh: Ya'ni aql egalari bo'lmish musulmonlar imkoniyatlariga qarab namozlarni tik holda, o'tirib, unga ham ojiz bo'lsalar, yotgan holda imo-ishora bilan o'qiyveradilar. Boshqa bir tafsiri shuki, bu yerdagi zikrdan maqsad namoz emas, balki Allohni yod etish, duo va iltijo, tasbeh kabi zikrlardir. 192. Ey, Rabbimiz! Kimni Sen do'zaxga kirgizsang, albatta, uni xor qilgan bo'lursan. Zolimlarga esa yordamchilar yo'qdir. 193. Ey, Rabbimiz! Biz "Rabbingizga imon keltiring" deb, imonga chorlagan jarchi (Muhammad)ni eshitdik va darhol imon keltirdik. Rabbimiz! Gunohlarimizni kechir, xatolarimizni o'chir va bizlarni solih kishilar qatorida vafot ettir! 194. Ey, Rabbimiz! Yana bizlarga payg'ambarlaring vositasi ila va'da qilgan narsalaringni ato et va bizlarni qiyomat kunida sharmsor qilmagin! Albatta, Sen va'daga xilof qilmagaysan". Izoh: Bu oyatdagi "payg'ambarlaringga" degan so'zni payg'ambarlaringga imon keltirganimizga qilgan va'dang yoki ularning tili bilan va'da qilgan savoblaringni ato et, deb tushunish ham mumkin.