Rag’batlantiruvchi marketing muayyan tovar va xizmatlarga talabning yo’qligi
kuzatilishi bilan tavsiflanadi. Bu erda iste'molchilarning ushbu tovarga nisbatan befarqligi yoki
qiziqishi yo’qligi haqida gap boradi. Marketing vazifasi bo’lib iste'molchilarning mahsulotga
nisbatan befarqligini o’zgartirish uchun mahsulotga xos bo’lgan foydali tomonlarini
iste'molchilarning ehtiyojlari va manfaatlari bilan bog’lash usullarini axtarib topish hisoblanadi.
Rag’batlantiruvchi marketing quyidagi vaziyatlar sabablarining oldini olishga mo’ljallangan:
iste'molchilar mahsulotning imkoniyatlarini umuman bilmasligi, to’siqlarni yo’qotish va hokazo.
Rag’batlantiruvchi marketingning asosiy qurollari: reklamani kuchaytirish, narxlarni keskin
pasaytirish, siljitishning boshqa usullarini qo’llash.
Rivojlantiruvchi marketing xaridorlarning ko’pchiligi mavjud mahsulotlardan
qoniqmagan, lekin yashirin talab shaklidagi ehtiyoj mavjud bo’lgan paytda bo’lishi mumkin
(masalan, zararsiz sigaretalar, tejamliroq avtomobillarga talab). Mazkur holda aniq tovar yoki
xizmat shaklida mavjud bo’lmagan tovarga potentsial talab mavjud bo’ladi. Shuning uchun
marketing vazifasi bo’lib potentsial bozorning o’lchamlarini baholash va potentsial talabni
haqiqiy talabga aylantira oladigan samarali mahsulotlarni ishlab chiqarish hisoblanadi.
Marketolog potentsial talabni aniqlashni va bozorni rivojlantirish uchun kerakli yo’nalishda
hamma marketing vositalarini muvofiqlashtirishni bilishi kerak. Marketingning ta'sirchan
qurollari sifatida yuzaga keladigan yangi extiyojlarga javob beradigan mahsulotlarni ishlab
chiqarish, ularni qondirishning sifat jihatdan yangi bosqichiga o’tish, reklamadan foydalanish va
aniq iste'molchilar guruhlariga mo’ljallangan, o’ziga xos mahsulot imijini yaratish.
Remarketing - bu pasayib boruvchi talab sharoitida ilgarigi marketing kompleksini
qaytadan anglash asosida uni tiklash maqsadida qo’llanadigan marketing turi. Marketingning
asosiy vazifasi talabni jonlantirishning yangi imkoniyatlarini axtarishdan iborat, ya'ni: tovarga
yangi xususiyatlarni berish orqali tovarning hayotiy davrini uzaytirish, yangi bozorlarga kirib
borish va hokazo. Umuman olganda, talabning pasayishi vaziyatlari hamma tovar va xizmatlar
uchun, har qanday davrlar uchun xos. Shuning uchun marketologlar shuni nazarda tutishlari
kerakki, talab pasayish tendentsiyasiga ega bo’lganda, kelajakda bozorni boshqa tomonga
yo’naltirish bo’yicha chora-tadbirlar bo’lmaganda, u yanada pasayishi mumkin va shu orqali
yuzaga kelgan vaziyatdan chiqish yo’llarini cheklab quyishi mumkin.
Sinxromarketing - bu bozorning shunday vaziyatiki, unda talab vaqt jihatidan tovarlarni
taklif qilish tuzilmasiga mos kelmaydigan mavsumiy yoki boshqa tebranishlar bilan
harakterlanadi. Bunda talab korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan ancha ortiq bo’lishi
mumkin yoki, aksincha, mazkur tovarni ishlab chiqarish hajmi bozor segmentining talablaridan
ko’proq bo’lishi mumkin. Masalan, muzeylarning ish kunlarida kamroq mijozlarga ega bo’lishi
yoki shahar transporti xizmatlariga talab hatto kun davomida o’zgarib turishi mumkin. Kurort
hududlari aniq ifodalangan mavsumiy tebranishlarga ega. Sinxromarketingda talab
tebranishlarini silliqlashtirish (nomuntazam talab) egiluvchan narxlar, siljitish usullari va
marketingning boshqa qurollari yordamida amalga oshirilishi mumkin.