Qarang: mazkur Qonunning 10-moddasi uchinchi qismi, 19-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 174-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizomning 67-bandi.
Voyaga yetgan fuqarolar faqat o‘z roziligiga ko‘ra vasiy yoki homiy etib tayinlanishi mumkin.
Tuman, shahar hokimi vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxsning yozma arizasiga muvofiq vasiy yoki homiy tayinlaydi.
Vasiy yoki homiy tayinlashda uning axloqiy va boshqa shaxsiy fazilatlari, majburiyatlarni bajarish qobiliyati, vasiy, homiy va vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxs o‘rtasidagi munosabatlar, vasiy yoki homiy oilasining vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsga munosabati, shuningdek vasiylikdagi yoki homiylikdagi shaxsning istagi inobatga olinishi lozim.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur qonunning 22-moddasi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 22-sentabrdagi 269-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi nizomning 68 va 69-bandlari.
Vasiylik yoki homiylik belgilash zarurligi haqida vasiylik va homiylik organlariga ma’lum bo‘lgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay vasiy yoki homiy tayinlanishi kerak.
Agar vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsga bir oy ichida vasiy yoki homiy tayinlanmagan bo‘lsa, vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajarish vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxs aniqlangan joydagi tegishli vasiylik va homiylik organining zimmasiga vaqtincha yuklatiladi.
Ota-onasi bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan tegishli vasiylik va homiylik organi ularning ota-onasi yoki qarindoshlari qaramog‘ida bo‘lmaganligi fakti aniqlangan kundan e’tiboran vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajaradi.
Vasiylik va homiylik organi vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxs haqidagi ma’lumotlarni olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga, shuningdek sog‘liqni saqlash muassasalariga yozma so‘rov yuboradi. Bunda vasiylik va homiylik organi fuqaro to‘g‘risidagi faqat vasiyning yoki homiyning majburiyatlarini bajarish qobiliyatini aniqlash imkonini beradigan axborot taqdim etilishini talab qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Vasiy yoki homiy bo‘lish istagini bildirgan shaxs haqidagi vasiylik va homiylik organi tomonidan olingan ma’lumotlar maxfiy bo‘lib, oshkor qilinmaydi, qonunchilikda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(21-moddaning to‘qqizinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Yashash joyidan qat’i nazar, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxsning qarindoshlari, u yashayotgan oilaning shaxslari, aka-ukalarni va opa-singillarni ular o‘rtasidagi qarindoshlik aloqalarini uzmasdan vasiylikka yoki homiylikka olayotgan shaxslar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari vasiy yoki homiy etib tayinlanishda imtiyozli huquqqa ega.
Vasiy va homiy tayinlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.