6. PEDAGOGIK TAKT TUSHUNCHASI. Pedagogik takt – o‘qituvchi kasbiy mahoratining asosi bo‘lib, o‘quvchilarga barcha demokratik talablar asosida pedagogik ta’sir o‘tkazish, muloqotni insonparvarlik tuyg’ulari asosida o‘rnatish o‘lchovi, o‘quvchilarda mustaqil fikr yuritishni hamda ongli intizomni tarkib toptirish ko‘nikmalarini hosil qilish shaklidir. Pedagogikada o‘qituvchining o‘quvchilar bilan munosabati ularning yosh xususiyatlariga qarab belgilanishi va bu qonuniyatga amal qilinishi qat’iy talab qilinadi. Shunday ekan, o‘qituvchi ta’lim–tarbiya jarayonida hali to‘liq shakllanmagan, ta’sirlarga va ruhiy kechinmalarga tez beriluvchi, ota–onasining sevimli farzandi bo‘lgan murg’ak qalb egalari bilan muloqot qilayotganligini aslo unutmasligi kerak.
7. TAKTIKANI TANLASH VA UNI QO‘LLASH QOIDALARI. Taktika tanlash turli vaziyatlarda xilma-xil rollarni bajarish bilan bog’liq. Bu haqida ma’lumotni psixoterapevt A.B.Dobrovich kitoblaridan olish mumkin. Bu to‘rtta pozitsiya bo‘lib, ular quyidagicha: “yuqoridan pastga”, “pastdan yuqoriga”, “yonma-yon” va “aralashmaslik” pozitsiyasi.
“Yuqoridan pastga”pozitsiyasida o‘qituvchi mustaqil hal etishni namoyish etadi, mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi. Bu pozitsiya “ota-ona” pozitsiyasi.
“Pastdan yuqoriga” pozitsiyasi tobelik, shaxsning o‘ziga ishonmasligi. A.B.Dobrovich so‘zi bilan aytganda, bu “ta’lim oluvchi” pozitsiyasi.
“Yonma-yon”pozitsiyasida farosatlilik va vazminlik, vaziyatga qarab ish tutish, boshqalarning ham manfaatini o‘ylash, o‘zi va ular o‘rtasida mas’uliyatni to‘g’ri taqsimlash ifoda etiladi. Bu “katta odam” pozitsiyasi.
«Aralashmaslik» pozitsiyasi – aralashmaslik, faollikni namoyon etmaslik.
Har bir pozitsiyaning qo‘llanishi vaziyat talabiga mos tanlanadi.
8. PEDAGOGIK TEXNIKA HAQIDA MA’LUMOT. Pedagogik texnika – o‘qituvchining nafaqat ta’lim–tarbiya jarayonida, balki butun kasbiy faoliyatida zarur bo‘lgan umumiy pedagogik bilim va malakalari majmuidir. Pedagogik texnikaning muhim jihatlari – bu avvalo o‘qituvchining mahoratini belgilovchi kasbiy ko‘nikmalari hisoblanadi, ya’ni uning savodli va ifodali so‘zlay olishi, o‘z fikr-mulohazasini va bilimini tushunarli tilda ta’sirchan bayon qilishi, his-tuyg’usini jilovlay olishi, o‘zining shaxsiy xususiyatlariga xos mimik va pantomimik qobiliyatlarga ega bo‘lishi, aniq imo-ishora, ma’noli qarash, rag’batlantiruvchi yoki istehzoli tabassum, so‘zning cheksiz qudrati orqali o‘quvchilar ongiga va tafakkuriga ta’sir o‘tkazishi, hozirjavoblik, psixologik bilimlarga ega bo‘lishi kabilardir.