II.6. Sotsial psixologik eksperiment
Sotsial psixologik eksperiment bu sotsial hodisalarni o‘rganish maqsadida tekshiruvchi bilan tekshiriluvchi o‘rtasidagi maqsadga qaratilgan muloqotdir. Bunday muloqotning bo‘lishi uchun eksperimentator, ya’ni tekshiruvchi maxsus sharoit yaratadi va ana shu sharoitda aniq reja asosida faktlar to‘playdi. Umumiy psixologiyada bo‘lgani kabi, sotsial psixologiyada ham tabiiy va laboratoriya eksperimenti turlari farqlanadi. Tabiiy eksperimentga misol qilib, rus pedagogi Anton Semyonovich Makarenkoning jamoaning shakllanishi va uni uyushtirish borasida olib borgan tadqiqotlarini olish mumkin. Amerikalik psixolog Muzafer Sherif esa guruhlararo munosabatlarga taalluqli fenomenlarni tabiiy sharoitlarda maxsus reja asosida tekshirib o‘rgangan. Uning asosiy maqsadi vaqtinchalik tuzilgan jamoa yozgi ta’til lagerlarida ziddiyatlarning paydo bo‘lishidagi psixologik sabablarni o‘rganishdan iborat edi.
Laboratoriya eksperimenti odatda maxsus sharoitlarda, maxsus xonalarda, kerakli asbob-uskunalar yordamida o‘tkaziladi. Birinchi marta laboratoriya sharoitida sotsial psixologik tadqiqotni rus olimi Bexterev o‘tkazgan edi. U maxsus asboblar yordamida idrokning aniqligini, xotiraning sifatini, kuzatuvchanlik xususiyatlarini yakka holda va guruh sharoitida solishtirib o‘rgandi hamda guruhning borligi har bir guruh a’zosi psixik jarayonlariga bevosita ta’sir etishini isbot qildi.
Laboratoriya eksperimenti keyinchalik B.G.Anan’yev, E.S.Kuz’min, V.S.Merlin, V.N.Myasishev, L.I.Umanskiy va boshqalar tomonidan yanada takomillashtirildi va sotsial psixologiyada apparatura uslubi keng qo‘llanila boshlandi. Masalan. F.D.Gorbov va M.A.Novikovlar tomonidan gomeostat, L.I.Umanskiy tomonidan yaratilgan guruh uchun integratorlar paydo bo‘ldi va amliyotda bir guruh hodisalarni tekshirishda keng ishlatila boshlandi. Masalan guruhiy gomeostat guruhni tashkil etuvchilar o‘rtasida harakatlardagi moslikning bor-yo‘qligini tekshiradi. Bu moslamaning mohiyati shuki, guruh a’zolari yumaloq stol atrofida o‘tiradilar, har bir qatnashuvchi ro‘parasida tablo va o‘zi xohlagan tomonga burishi mumkin bo‘lgan strelka bo‘lib, tekshiruvchi har birining harakatini kuzatib turadi.
Lekin ularga topshiriq quyidagicha beriladi: «Siz strelkani shunday buringki, sizning harakatingiz boshqalarnikiga mos bo‘lsin, aks holda, sizning beparvoligingiz tufayli butun guruh jazo oladi». Agar guruhda hamjihatlik, bir-birini tushunish bo‘lsa, ular o‘zaro kelishib olib, xatolarni minimal qiladigan bo‘lib qoladilar, shu jihatdan turli guruhlar turlicha xulq-atvor namoyon qilishi, bunda guruhning muloqot tajribasi, guruh peshqadamining qobiliyatlari yetakchi rol o‘ynashi eksperimental tarzda isbot qilinadi.
Dostları ilə paylaş: |