So‘z turkumlarini aniqlash va ularni morfologik jihatdan to‘liq tahlil qilish. 296- mashq. O‘qing, yuklama va modal so‘zlarni topib, ularni to‘liq tahlil qiling.
1. Xullas, akasiga teng keladigan yigit yo‘qday edi dunyo-da. (J. Abd.) 2. Mohidil uchun bu uchrashuv katta mukofot, albatta. (J. Abd.) 3. Aftidan, mustaqil hayot kechirmoqqa ilk bor qadam qo‘yish ham kishida hayajon uyg‘otar ekan. (J. Abd.) 4. Faqat Mastura xolagina qattiq mehr qo‘yganidan, u bilan xuddi bemorga muomala qilganday juda muloyim va ehtiyotkorona so‘zlashardi. (J. Abd.) 5. Axir jo‘nar paytida xat yozishni... va’da bermaganmidi? (J. Abd.) 6. Menimcha, ular mashinada ketdilar. (Yu. Semyonov.) 7. Xayriyat, shunaqa o‘rtoqlaringiz ham bor ekan! (SH.) 8. O d i l o v. G‘ayrati-ku yaxshi, lekin o‘jarligi yomon! (A. Q.) 297- mashq. O‘qing. Ko‘makchi, bog‘lovchi, yuklama va modal so‘zlarni topib, morfologik tahlil qiling.
1. Qishloqning u boshidan bu boshiga yetgunga qadar biror kimsaning qorasi ko‘ringani yo‘q. (J. Abd.) 2. Faqat shirin xotiralarnigina eslashga urinishdi. (J. Abd.) 3. Odamning xarakterini o‘zgartirishdan qiyin narsa yo‘q. (J. Abd.) 4. Ertadan boshlab besh yil ichida orttirgan nazariy bilimini amalda namoyish qilishi kerak. SHuning uchun oxirgi bor darsliklarni ko‘zdan kechirmoqda, chog‘i. (J. Abd.) 5. Aftidan, ularning ko‘pchiligi kechagi bo‘ron yetkazgan shikastlarni tuzatish, qum to‘lib qolgan xandaqlarni tozalash bilan band. (J. Abd.) 6. Axir, kishi yashash, kurash, yaratish, baxt uchun tug‘ilmaydimi?! (B. Daminov.) 7. Voy, g‘alati gapni gapirasiz-a, domlasi, ona o‘z bolasiga yomonlikni ravo ko‘radimi? (A. Q.) 298-mashq. O‘qing. Mustaqil va yordamchi so‘zlarni topib, ularga to‘liq xarakteristika bering.
Otda ko‘p yurib o‘rgangan Ortiq endi mototsikl egaridan tushmaydi. Egardan tushsa, umri barbod bo‘ladigandek qo‘rqadi. Akasining shu zaif tomonini Avaz yaxshi biladi, o‘zaro gap bilan buni yo‘qotib bo‘lmasligini sezadi. SHuning uchun boya ataylab uni ko‘pchilikning oldida uyaltirib, ko‘zini sal ochmoqchi bo‘ldi. Lekin buning natijasida ikkovining orasi battar sovuganini sezib, hozir ta’bi tirriq bo‘lib boryapti. (P.Qodirov)