toʻrtinchidan, davlat ta’lim standartlari va talablari, oʻquv jarayoniga oʻquv rejalari va dasturlarini, ta’lim sohasiga eksperimental va innovatsion faoliyat ta’limni joriy etish bilan bogʻliq masalalar tartibga solingan. Oʻqishga qabul qilish, jumladan maqsadli qabul qilish meхanizmi bayon etilgan;
beshinchidan, davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilish dastaklari reglamentlangan:
a) birinchilarga quyidagilar kiradi:
nodavlat ta’lim tashkilotlarining faoliyatini litsenziyalash – litsenziyalar Ta’lim inspeksiyasi tomonidan cheklanmagan muddatga, har bir ta’lim turi uchun alohida beriladi;
ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish – Ta’lim inspeksiyasi tomonidan 5 yil muddatga amalga oshiriladi. Bunda nodavlat ta’lim tashkilotlari litsenziya olingan kundan e’tiboran 5 yil davomida akkreditatsiyadan oʻtgan deb hisoblanadi, bu muddat tugagach, ushbu attestatsiya va akkreditatsiyadan oʻtkaziladi. Davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan tashkilotlar maхsus reyestrga kiritiladi, bu haqdagi ma’lumotlar Ta’lim inspeksiyasining saytiga joylashtiriladi;
хorijiy davlatda 1992 yil 1 yanvardan keyin olingan ta’lim toʻgʻrisidagi hujjat tan olish, shuningdek ta’lim sohasidagi rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish. Tan olish va apostil qoʻyish ham Ta’lim inspeksiyasi vakolatiga kiradi;
b) Ta’lim inspeksiyasi quyidagilarga haqli:
nodavlat ta’lim tashkilotlarida ta’lim-tarbiya jarayonining sifatini nazorat qilish va monitoringini amalga oshirish – biznes-ombudsmanni хabardor qilgan holda;
ta’lim tashkilotlari tomonidan berilayotgan ta’limning mazmuni va sifati ta’lim toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga nomuvofiqligini aniqlagan hollarda – ularni bartaraf etish yuzasidan ularga taqdimnomalar kiritish. Taqdimnoma bajarilmagan taqdirda - ta’lim tashkilotining davlat akkreditatsiyasi toʻgʻrisidagi sertifikatini bekor qilish.
2017 – 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasi o’rta muddatli istiqbolda davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlarini belgilab bergan eng muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. Mazkur hujjat asosida ta’lim sohasiga doir qator islohotlar amalga oshirildi. Ta’lim tizimini xalq bilan muloqot va ilg’or xorijiy tajribalar asosida isloh qilishga asosiy e’tibor qaratildi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi «O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to’g’risida» PQ-3305-son qarori asosida respublikamizda ilk bor Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi.
Uzluksiz ta’lim tizimining muhim bo’g’ini bo’lgan maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, samarali davlat boshqaruvi tizimini yaratish, maktabgacha ta’lim muassasalari davlat va nodavlat tarmog’ini kengaytirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalarni qamrab olishni keskin oshirish, ta’lim-tarbiya jarayonlariga zamonaviy ta’lim dasturlari va texnologiyalarini tatbiq etish orqali bolalarni har tomonlama intellektual, ma’naviy-estetik, jismoniy rivojlantirish hamda ularni maktabga tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi «Maktabgacha ta’lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillash-tirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PF-5198-son Farmoni qabul qilindi. Mazkur farmonda quyidagilar O’zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo’nalishlari etib belgilandi:
birinchidan, maktabgacha ta’lim sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;
ikkinchidan, ilg’or xorijiy tajribani hisobga olgan holda maktabgacha yoshdagi bolalarni har tomonlama intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;
uchinchidan, respublikada davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari orasida sog’lom raqobat muhitini yaratish hisobiga barcha bolalarning maktabgacha ta’lim muassasalariga bosqichma-bosqich qamrab olinishini ta’minlash, ularga soliq imtiyozlari va preferensiyalar berish, byudjetdan subsidiyalar ajratish, shuningdek, bolalarning maktabgacha ta’limi va tarbiyasining muqobil shakllarini amaliyotga tatbiq etish;
to’rtinchidan, zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, ta’lim va tarbiyaning samarali shakllari hamda usullarini ta’lim-tarbiya jarayoniga, shu jumladan nodavlat sektorida joriy etish;
beshinchidan, milliy madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob o’qishga qiziqishni uyg’otuvchi o’quv-metodik, didaktik materiallar, o’yin va o’yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’minlash;
oltinchidan, zamonaviy pedagogik texnologiyalar va metodlarni hisobga olgan holda bolalarni tarbiyalash va har tomonlama rivojlantirish masalalarini professional darajada hal etishga qodir bo’lgan maktabgacha ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
ettinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarini moddiy rag’batlantirish tizimini yaratish va tajribali yuqori malakali va kasbiy jihatdan puxta tayyorlangan pedagog kadrlar hamda tarbiyachilarni ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb qilish;
sakkizinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchi-larining ratsional va belgilangan me’yorlar asosida sog’lom va to’g’ri ovqatlanishini ta’minlash uchun munosib sharoitlar yaratish, ko’ngilochar va bilim beruvchi mashg’ulotlar elementlari bo’lgan, hajmlari va intensivligi asosiy tibbiy taqdimnomalar bilan belgilanuvchi serharakat o’yinlar va mashqlar uyushtirish;
to’qqizinchidan, O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga tibbiy xizmat ko’rsatish hamda ularning hayoti va sog’lig’ini himoya qilish bo’yicha profilaktika chora-tadbirlarini muvofiqlashtirish.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-sentabrdagi «O’zbekiston respublikasi Xalq ta’limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to’g’risida»gi PQ-3304-son Qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, quyidagilar O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo’nalishlari etib belgilansin:
birinchidan, xalq ta’limi tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish, umumiy o’rta va maktabdan tashqari ta’limni har tomonlama rivojlantirish, o’quvchilarning bilimi va ma’naviy-axloqiy darajasini yanada yuksaltirish;
ikkinchidan, o’rta ta’lim maktablari hamda o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o’rtasida o’zaro integratsiyani ta’minlash orqali 11 yillik o’rta ta’limni joriy etish bo’yicha tashkiliy-metodik tadbirlar tizimini amalga oshirish;
uchinchidan, umumiy o’rta ta’lim maktablarining 10-11-sinf o’quvchilariga kasb-hunar o’rgatish hamda umumiy o’rta ta’limning davlat ta’lim standartlariga va maktabdan tashqari ta’limga qo’yiladigan davlat talablariga muvofiq xalq ta’limi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda o’quvchilarga kasb-hunar o’rgatishda metodik rahbarlik qilish;
to’rtinchidan, umumiy o’rta ta’lim muassasalarida chet tillarini o’qitish samaradorligini ta’minlash, o’quvchilarni kasb-hunarga yo’naltirish va mehnat ta’limini yaxshilash bo’yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
beshinchidan, o’quv-tarbiya jarayoniga o’qitishning zamonaviy ilg’or shakllarini, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, o’quvchilarning o’quv, psixologik va jismoniy yuklamasini optimallashtirishni hisobga olgan holda ta’lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
oltinchidan, mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablarga javob beradigan, ilg’or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo’llagan holda yangilangan o’quv reja va dasturlarga muvofiq ishlab chiqilgan o’quv va o’quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodi yaratilishi va nashr etilishini tashkil qilish;
yettinchidan, mehribonlik uylari faoliyatini takomillashtirish, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarning ijtimoiy-psixologik reabilitatsiyasini va huquqiy himoya qilinishini ta’minlash, ularning ijtimoiy-mehnat ko’nikmalarini hosil qilishiga va jamiyatga uyg’unlashuviga ko’maklashish;
sakkizinchidan, rivojlanishida turli nuqsonlari bo’lgan hamda davolanishga va sog’lomlashtirishga muhtoj bo’lgan bolalarning (shu jumladan inklyuziv) ijtimoiy kafolatlarini ta’minlovchi chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ularning ta’lim-tarbiya olishlari uchun moslashuv muhitini yaratish, imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) faoliyatini muvofiqlashtirish;
to’qqizinchidan, xalq ta’limi muassasalarida O’zbekiston yoshlar ittifoqi bo’limlari faoliyatini samarali yo’lga qo’yish orqali o’quvchilarni umuminsoniy qadriyatlar, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga mustaqillik g’oyalarini yanada chuqur singdirish, «ommaviy madaniyat» ko’rinishidagi yot g’oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash;
o’ninchidan, umumiy o’rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari tomonidan davlat ta’lim standartlari va talablari bajarilishining tizimli monitoringini olib borish;
o’n birinchidan, ta’lim muassasalarida byudjet mablag’laridan maqsadli va samarali foydalanishni hamda byudjet intizomiga rioya etishni ta’minlash;
o’n ikkinchidan, ta’lim muassasalarida bino va inshootlardan samarali foydalanish ishlarini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish.
Mehnat bozorining zamonaviy ehtiyojlariga muvofiq uzluksiz ta’lim tizimini takomillashtirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ta’lim xizmatlarining ochiqligi va sifati masalalariga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi «Umumiy o’rta, o’rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PF-5313-son Farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, 2018/2019 o’quv yilidan boshlab majburiy umumiy o’rta va o’rta maxsus ta’lim umumta’lim maktablarida, shu jumladan, ixtisoslashtirilgan maktablarda, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktab-internatlarida, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida hamda akademik litseylarda uzluksiz va 11 yillik muddatda; 2019/2020 o’quv yilidan boshlab kasb-hunar kollejlariga o’qishga qabul qilish umumta’lim maktablarining 11-sinflari bitiruvchilari hisobidan, ixtiyoriylik asosida, tegishli mutaxassislikka (kasbga) ega bo’lish uchun 6 oydan 2 yilgacha bo’lgan o’qitish muddatlarida amalga oshirilishi belgilab berildi.
Umumiy o’rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o’quvchilari ta’lim olishlari bilan birgalikda ularga kasb-hunar o’rgatish, o’quvchilarning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda kelajakda ularning ta’limni davom ettirishlari yoki egallagan kasblari bo’yicha mehnat faoliyati bilan shug’ullanishlariga shart-sharoitlar yaratish, o’quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish va ularni zarur jihozlar bilan ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi «Umumiy o’rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o’quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o’quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida»gi 868-son qarori qabul qilindi.
O’quv-ishlab chiqarish majmuasida kasbiy ta’lim berishning vazifalari etib quyidagilar belgilab qo’yildi:
o’quvchilar tomonidan kasb-hunar ko’nikmalarining o’zlashtirilishini ta’minlash, maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan kasblarni o’rgatish orqali ularning kasb-hunar olishga bo’lgan ehtiyojini qondirish;
kasbiy ta’lim berish jarayonida «usta-shogird» an’analari, mahalliy va xorijiy ilg’or tajribani o’rgangan holda eng maqbul usullardan foydalanish hamda kasblarning malaka talablari va kasbiy ta’lim berish jarayonining metodik ta’minotini takomillashtirib borish;
kasbiy ta’lim berish jarayoniga innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali kasbiy ta’lim berish sifatini ta’minlash;
o’quvchilarda mustaqil ijodiy fikrlagan holda mehnat jarayonini tashkil etish ko’nikmalarini shakllantirish orqali ularning mehnat faoliyati bilan faol shug’ullanishi imkonini beruvchi kasb egasi bo’lishlarini ta’minlash;
mehnat bozori uchun maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlik talab etilmaydigan kasblar bo’yicha raqobatbardosh kadrlar tayyorlashni ta’minlash.
Akademik litsey – o’rta maxsus o’quv yurti. Akademik litsey o’quvchilarning intellektual qobiliyatlarini jadal o’stirishni, ularning chuqur, tabaqalashtirilgan va kasb-hunarga yo’naltirilgan bilim olishlarini ta’minlaydi. Akademik litseyda o’quvchilar o’zlari tanlab olgan ta’lim yo’nalishi (gumanitar, texnika, agrar va b. sohalar) bo’yicha bilim saviyalarini oshirish hamda fanlarni chuqur o’rganishga qaratilgan maxsus bilim olish imkoniyatiga ega bo’ladilar.
Akademik litseylarning faoliyatini ular joylashgan hududning demografik, iqtisodiy va boshqa omillarini hamda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirish natijalari nuqtai nazaridan olib borilgan tahlillar bu sohadagi ishlarning qoniqarli emasligini ko’rsatmoqda. Hozirgi paytga kelib akademik litseylar sonini optimallashtirish, ulardagi ta’lim sifatini oshirish va mazmunini yangilash, ularni bitirib chiqayotgan yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga o’qishga kirish ko’rsatkichlarini tubdan yaxshilash bo’yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati paydo bo’lmoqda.
Mazkur sohadagi mavjud muammolarni hal etish hamda akademik litseylarda o’quv jarayoni sifati va samaradorligini tubdan oshirish, akademik litseylarda umumta’lim maktablarining eng qobiliyatli bitiruvchilarini jamlash, umumta’lim maktablari bitiruvchilarining tanlangan kasblar va mutaxassisliklarni egallab olishga bo’lgan ehtiyojini qondirish uchun shart-sharoitlar maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14 martdagi “O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” PQ-2829-son qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorning 2-bandida akademik litseylarning muhim vazifalari va faoliyati yo’nalishlari belgilab berildi:
umumta’lim maktablarining eng iste’dodli o’quvchilarini tanlash, ularning intellektual qobiliyatlarini yanada rivojlantirish va o’qishni oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishga maqsadli chuqur tayyorlash;
o’quvchilarning ijodiy salohiyati namoyon bo’lishi va faollashishiga ko’maklashuvchi, individual iste’dodlarni va har bir o’quvchining qobiliyatlari hamda xususiyatlarini hisobga olgan holda bilimlarni egallab olish jarayonida mustaqil faoliyat ko’nikmalarini shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi ta’lim muhitini yaratish;
ilg’or mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda ta’lim jarayonini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish va uning mazmunini doimiy ravishda yangilab borish.
Oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda, kadrlar tayyorlash mazmunini tubdan qayta ko’rish, xalqaro standartlar darajasiga mos oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash uchun zarur sharoitlar yaratilishini ta’minlash maqsadida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-2909-son Qarori qabul qilindi.
Qabul qilingan qarorga ko’ra, quyidagilar oliy ta’lim tizimini kelgusida kompleks rivojlantirishning eng muhim vazifalari etib belgilandi:
har bir oliy ta’lim muassasasi tomonidan xorijdagi etakchi turdosh ilmiy-ta’lim muassasalari bilan istiqbolli hamkorlik aloqalarini yaqindan yo’lga qo’yish, o’quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan eng zamonaviy pedagogik texnologiyalar, ta’lim dasturlari va o’quv-metodik materiallarni keng joriy etish, ilmiy-pedagogik faoliyatga yuqori malakali chet el o’qituvchilari va olimlarini jalb etish;
oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlashning maqsadli mezonlarini shakllantirish, oliy ta’lim muassasalaridagi ixtisoslik yo’nalishlari va mutaxassisliklarni hududlar va sohalar bo’yicha joriy etilayotgan dasturlarning talab va ehtiyojlari, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarni kompleks taraqqiy ettirish istiqbollarini inobatga olgan holda optimallashtirish;
yangi avlod o’quv qo’llanmalarini yaratish va oliy ta’lim tizimiga keng tatbiq etish, oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy o’quv-metodik va ilmiy adabiyotlar bilan ta’minlash, jumladan, eng yangi xorijiy adabiyotlarni sotib olish va tarjima qilish negizida axborot-resurs markazlari fondlarini muntazam yangilab borish;
pedagog kadrlarning kasb malakasi va mahoratini sifat jihatidan muntazam oshirib borish, pedagog va ilmiy xodimlarning stajirovkadan o’tishini yo’lga qo’yish, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini PhD dasturi va xorijiy magistratura dasturlari asosida o’qitish;
oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyatini mustahkamlash, oliy ta’lim tizimida ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, ularning akademik ilm-fan bilan integratsiyasini kuchaytirish, professor-o’qituvchilar tarkibining ilmiy faoliyati samaradorligini oshirish, iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug’ullanishga jalb etish;
oliy ta’limning ma’naviy-axloqiy mazmunini kuchaytirish, talaba-yoshlarning qalbi va ongiga milliy istiqlol g’oyasini, xalqimizning yuksak ma’naviyati va insonparvarlik an’analariga sadoqat tuyg’usini chuqur singdirish, biz uchun mutlaqo yot va begona bo’lgan g’oyalarga nisbatan ularda mustahkam immunitet va tanqidiy munosabatni shakllantirish;
oliy ta’lim muassasalari moddiy-texnika bazasini ularning o’quv va ilmiy-laboratoriya binolarini, sport inshootlari va ijtimoiy-muhandislik infratuzilmalarini qurish, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya qilish orqali yanada mustahkamlash, zamonaviy ilm-fan sohalarining ustuvor yo’nalishlari bo’yicha o’quv-ilmiy laboratoriyalar bazasini zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash;
oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan ta’minlash, talabalar, o’qituvchi va yosh tadqiqotchilarning jahondagi ilg’or ta’lim resurslari, ilmiy adabiyotlar va ma’lumotlar bazasi bo’yicha elektron kataloglarga kirish imkoniyatini kengaytirish.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to’g’risida» 2017 yil 16 fevraldagi PF-4958-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 22-mayda «Oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida» Qarori qabul qilindi.
Tayanch doktorantura — O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan moliyalashtiriladigan, ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur o’rganish va doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish bo’yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun OTM va ITMlarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari bo’yicha oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim shakli.
Doktorantura — O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag’lari hisobidan moliyalashtiriladigan, ishlab chiqarishdan ajralgan holda mutaxassislikni chuqur o’rganish va doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida ular tomonidan ilmiy izlanishlar olib borish bo’yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi izlanuvchilari uchun OTM va ITMlarida tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari bo’yicha oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim shakli.
Mustaqil izlanuvchilik — ishlab chiqarishdan ajralmagan holda doktorlik dissertatsiyasini tayyorlash va himoya qilish maqsadida mutaxassislikni chuqur o’rganish va ular tomonidan ilmiy izlanishlar bo’yicha falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajalari izlanuvchilari uchun OTM va ITMlarda tashkil etiladigan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar bo’yicha oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim shakli.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida» 2015-yil 12-iyundagi PF-4732-son Farmoniga muvofiq oliy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimining o’qitish shakllari va usullarini, pedagog kadrlar tarkibining sifat darajasini zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-avgustdagi «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to’g’risida»gi 242-son qarori bilan «Oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari to’g’risida»gi Nizom tasdiqlandi. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-fevraldagi 103-son Qarori bilan mazkur Nizomga qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritildi.
Yuqorida qayd etib o’tilgan hujjatlarga asosan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o’qish tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo’lgan vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda O’zbekiston Respublikasi Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan qayta tayyorlash va malaka oshirish kursi o’quv rejasining namunaviy tuzilmasi asosida ishlab chiqilgan 288 soat hajmdagi o’quv dasturlari bo’yicha ikki oy davomida, ishdan ajragan holda amalga oshiriladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilari o’qishni tugatgandan keyin attestatsiya komissiyalari tomonidan o’tkaziladigan attestatsiyadan o’tishlari kerak. Attestatsiya komissiyasi tegishli sohalardagi yetakchi olimlar va mutaxassislar, ilmiy kengash a’zolari, o’quv-uslubiy ishlar sohasidagi yirik mutaxassislar safidan kamida 7 kishidan iborat bo’lgan oliy ta’lim muassasasi rektori yoki fan doktori ilmiy unvoni berish bo’yicha ilmiy kengash raisi boshchiligida shakllantiriladi. Attestatsiyadan muvaffaqiyatli o’tgan qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari tinglovchilariga qat’iy hisobda turadigan davlat namunasidagi hujjat hisoblanadigan malaka attestati beriladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o’qish yakunlari bo’yicha attestatsiyadan o’tmagan oliy ta’lim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlari bir yil mobaynida pulli asosda o’qishning tegishli yoki turdosh yo’nalishi (mutaxassisligi) bo’yicha keyingi qayta tayyorlash va malaka oshirish kursi yakunida attestatsiyadan o’tishadi.
Oliy ta’lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarini takroran o’zlashtirishi asosiy ishdan ajralmagan holda kurslarning o’quv dasturlarini mustaqil ravishda yoki masofadan o’qitish usullari orqali o’zlashtirish asosida amalga oshiriladi.
Mustaqil ravishda yoki masofadan o’qitish usullari orqali qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari o’quv dasturlari bo’yicha tayyorlanib kelgan tinglovchilar yakuniy attestatsiyaga kiritiladi. Yakuniy attestatsiya tegishli yo’nalishlar bo’yicha tayanch oliy ta’lim muassasalari huzuridagi attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o’qish yakunlari bo’yicha attestatsiyadan takroran o’tmagan yoki asosiy ish joyi bo’yicha belgilangan muddatda qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslaridan takroran o’tmagan taqdirda, ushbu xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilish muddatidan hamda bo’sh turgan pedagog lavozimini egallash tanlovi davrining tugagan muddatidan qat’i nazar, mehnat shartnomasi belgilangan tartibda ikki oy mobaynida bekor qilinadi. Bunda ular o’z pedagogik faoliyatini boshqa ta’lim muassasalarida (oliy ta’lim muassasalaridan tashqari) davom ettirishi yoxud boshqa tashkilotlarda ishlashi hamda o’zining kasbiy malakasini mustaqil ravishda oshirishi mumkin.
Uzluksiz ta’lim tizimining isloh qilinishi qanday omillar bian bog’liq?
11 yillik majburiy ta’limga o’tilishining sabablarini izohlang.
O’quv-ishlab chiqarish majmuasining asosiy maqsadini tushuntirib bering.
Kasb-hunar ta’limini tashkil etishga yangicha yondashuvnii qanday baholaysiz?
Oliy ta’lim tizimining isloh qilinishi asosida qanday natijalarga erishiladi?
Oliy o’quv yurtidan keying ta’lim bosqichlariga izoh bering.
Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga qo’yiladigan talablarga baho bering.
Dostları ilə paylaş: |