Mashq va o’rgatish metodlari muayyan mashq yordamida bolalar faoliyatini oqilona, maqsadga muvofiq va har tomonlama puxta tashkil qilish, ularni axloq me’yorlari va xulq-atvor qoidalarini bajarishga odatlantirishdir. Odatlar bolalikdan tarkib topadi va shaxs rivojlanishining keyingi bosqichlarida mustahkamlanib boradi.
O’qituvchi hamda ota-onalar bolalarda ijobiy odatlarning tarbiyalanib borayotganligini kuzatib borishlari kerak. O’quvchilar odatlarni o’z yaqinlaridan meros qilib olmaydi, balki ular atrofdagilar bilan faol muloqotga kirishishlari tufayli taqlid qilish, uzluksiz tarbiyani yo’lga qo’yish asosida tarkib toptiriladi. Natijada odat xarakterga aylanadi.
Mashq muayyan xatti-harakatlarni ko’p marotaba takrorlashni o’z ichiga oladi. Mashq va odatlantirish o’quvchi uchun ongli, tjobiy jarayondir. Mashq natijasini ko’nikma, odat, yangi bilimlar hosil qilinadi, o’quvchining aqliy qobiliyati rivojlanadi, ma’naviy-axloqiy sifatlari boyiydi, hayotiy tajribasi ortadi.
O’rgatish tarbiyalanuvchilar ijtimoiy xulq-atvor ko’nikmalari, odatlarini shakllantirish maqsadida rejali va izchil tashkil qilinadigan turli harakatlar, amaliy ishlardir.
Topshiriq o’quvchilarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba ko’nikmalarini shakllantirish maqsadida qo’llaniladigan usul. O’quvchilarning topshiriqlarni jamoa bo’lib bajarishlari ularda ijtimoiy xulq tajribalarini shakllantirishda alohida ahamiyatga ega. O’quvchilar o’z kuchlarini umum ishiga sarflashga, jamoa uchun mas’uliyatni his etishga o’rganadilar, mehnat qilish o’quvchilarning harakatlarini shakllantiradi, mustahkamlaydi.
Pedagogik talab turli xatti-harakatlarni bajarish hamda faoliyatda ishtirok etish jarayonida o’quvchi tomonidan amal qilinishi zarur bo’lgan ijtimoiy xulq-atvor me’yorlari. Pedagogik talab tarbiyaning eng muhim usullaridan biridir. Pedagogik talab ma’lum harakatlarni rag’batlantiruvchi yoki to’xtatuvchi hamda o’quvchini oqilona harakatlarni bajarishga undovchi xarakterga ega bo’lishi mumkin.