O’z-o’zini tarbiyalash metodlari. O’quvchida o’z-o’zini tarbiyalashga, ya’ni, o’z ustida ongli, bartartib ishlashga ehtiyoj paydo bo’lgandagina tarbiya jarayonini samarali deb hisoblash mumkin. Tarbiya jarayonida o’z-o’zini tarbiyalash metodlaridan foydalanish samarali hisoblanadi.
O’z-o’zini tahlil (nazorat) qilish o’z shaxsi, mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish, mavjud sifatlarni boyitish yoki salbiy odatlarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyat usuli.
O’z-o’zini tahlil (nazorat) qilish uchun o’quvchi o’zining yurish-turishi, intizomi, ijobiy fazilatlarining ortib borishi va aksincha, salbiy odatlarining kamayib borishi haqida muntazam ravishda kundaligiga yozib boradi.
O’z-o’zini baholash mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish asosida o’z shaxsiga baho berishga yo’naltirilgan faoliyat usuli.
O’quvchining qobiliyatini o’z kuchi bilan yuzaga chiqishiga yordamlashish zarur. O’z-o’zini baholash qiyin, lekin o’quvchini bunga etarli tayyorlash mumkin. Shu bois o’quvchi irodali bo’lishi, o’z burchini tushunishi, tahsil va tarbiya olish uchun sababli asos bo’lishi, ya’ni, tarbiyalanishni xohlashi, o’zini o’rtoqlari, atrofdagilarning ko’zi bilan ko’rish va o’z-o’zini takomillashtirishga intilishi lozim.
Maktab amaliyotida izohlash ishontirishga tayanadi. Ishontirish vositasida o’quvchi ruhiyatiga sezilarsiz holda ta’sir etiladi. Boshlang’ich sinf o’quvchilari hamda o’smirlar ishonuvchan bo’lishadi. Pedagog ishontirishdan tarbiyalanuvchi ma’lum ko’rsatmani qabul qilishi zarur bo’lgan vaziyatlarda foydalanadi. Mazkur metoddan boshqa metodlarning ta’sirini kuchaytirish uchun ham foydalaniladi.
Munozara tarbiyalanuvchilarga hissiy-og’zaki ta’sir ko’rsatish asosida ularda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga yo’naltirilgan bahs-munozara usuli bo’lib, siyosiy, iqtisodiy, madaniy, estetik va huquqiy mavzularda o’tkaziladi. Munozara turli nuqtai nazarlar to’qnashgan vaziyatda o’quvchilarda ma’lum hodisaga nisbatan ishonch hosil qilishga yordam beradi.