L.A.Rostovetskayaning eksperimental tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, “o‘zi” uchun fikr va boshqalar uchun fikr” bir-biridan tubdan farq qiladi. Fikrni ob’ektivlashtirish - uni sub’ektivlashtirishga nisbatan muhim va murakkab bosqichdir.
Uchinchi yo‘nalish D.B.Elqonin va V.V.Davidovlarning tadqiqotlarida kuzatiladi. V.V. Davidov o‘quv dasturlarini tuzishning an’anaviy usullarini tanqid qilib, ularga kiritilgan ta’lim mazmuni va metodlari oqilona bilimning mahsuldor shakllarini emas, empirik tafakkur asoslari va qoidalarini o‘quvchilariga singdirish mujassamlanganligini ta’kidlaydi. Bularga qarama-qarshi g‘oya sifatida muallif “umumiy mazmundan fikran xususiylikka” tamoyili bo‘yicha o‘quvchilarda tafakkurning zamonaviy ilmiy-texnikaviy tipini, ya’ni ularda nazariy tafakkurni shakllantiruvchi dasturlarni tuzishni zarur deb hisoblaydi.
Muallifning maktab ta’limida nazariy tafakkurning rolini oshirishga intilishi yuqori bahoga loyiq.
To‘rtinchi yo‘nalish - psixologiyada keng tarqalgan ta’limot bo‘lib, ijodiyot muammolarini tahlil qilishga qaratilgandir. Hozirgi davrda ijodiy jarayonning psixologik tabiati va qonuniyatlari yuzasidan juda ko‘p bahslar olib borilmoqda.
YA.A. Ponomarevning tadqiqotlari intuitsiya (ichki his, ichdan his qilish) mohiyatini yoritishga imkon beruvchi sub’ektiv sharoitlarni aniqlashga yordam beradi. Muallif sub’ektiv sharoitlar qatoriga muammoning mavjudligini, vazifani hal qilishga mos bo‘lmagan usullarni tugatish, muammoga qiziqishni saqlagan holda echim uchun mavjud usullar yaroqsizligiga ishonish, ijodning birinchi bosqichlarida muammoning qisqartirilishi va sxemalashtirilishi kabilarni kiritadi.
SHunday qilib, YA.A. Ponomarev tadqiqotlarining ahamiyati shundan iboratki, u ichdan his qilish (intuitsiya) mexanizmini eksperimental o‘rganish zarurligini va mumkinligini ko‘rsatdi. Intuitsiya qonuniyatlarini bilishga asoslangan holda, o‘qituvchi ta’lim jarayonida faraz vujudga keltirishi, ilhomlanishi, ijodiy vaziyatlar va psixologik holatlar yaratishi mumkin.