Bugungi kunda respublikamiz ta’lim sohasida innovatsion va kreativ fikrlaydigan, zamonaviy kadrlar tayyorlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yuksak ma’naviyat egalari etib tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2019 yil 23-avgust kuni ta’lim tizimidagi muammolar yechimiga bag’ishlangan videoselektor yig’ilishida Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan tamoyilga asoslangan holda, milliy g’oya va uning mafkuraviy negizlarini puxta ishlab chiqish, yosh avlodni bolalikdan milliy g’urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalash dolzarb ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, o‘g‘il-qizlarning zamonaviy bilim olishi, yuksak ma’naviyatli bo‘lib ulg‘ayishi uchun zarur sharoit yaratish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Predizentimiz rahbarligida maktablarda 11 yillik ta’lim qayta tiklanib, uning qoshida o‘quv-kasb kursi tashkil etildi, kasbiy ta’lim tizimi takomillashtirildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 15-iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida yosh avlod tarbiyasi haqida alohida to‘xtalib o‘tdi: “Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala – bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim – yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, - deya ta’kidladi prezidentimiz.
Bu vazifalar maktab, oila, mahalla, butun jamoatchilikka katta mas’uliyat yuklaydi. Mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasining barcha bo‘g‘inlari – maktabgacha ta’lim, maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim tizimini takomillashtirish, yangi muassasalar bunyod etish va mavjudlarini qayta ta’mirlash, ularning moddiy-texnik, o’quv-uslubiy ta’minotini takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yoshlar kamolotida o‘z samarasini beradi.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev soha mutasaddilari oldiga vazirlik va uning bo’linmalari ta’lim-tarbiyaning mazmuni, o’quv dasturlari, uning sifati va o’quv qo’llanmalari bilan ta’minlash masalalariga jiddiy e’tibor qaratish vazifasini qo’yib, bugungi kunda respublikamiz bo’yicha 400 nomdagi 32 million nusxa darslik va o’quv-metodik qo’llanmalar nashr qilinganligini, bu esa rejadagi ko’rsatkichning 87,5 foizini tashkil tashkil etishini ta’kidlab o’tdi.
Yuqoridagilarni inobatga olib mualliflar tomonidan o’quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish maqsadida pedagogika oliy ta’lim muassasalarining barcha yo’nalishlari uchun “Umumiy pedagogika” darsligi tayyorlandi. Mazkur darslik mualliflar D.I.Ro’ziyeva, B.X.Xodjayevlar tomonidan tayyorlangan, Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligidan 28.06.2018 yilda №BD-5110100-3.01 raqami bilan ro’yxatga olingan “Umumiy pedagogika” fan dasturi asosida ishlandi.
Darslik pedagogika oliy ta’lim muassasalarining barcha bakalavriat ta’lim yo’nalishlari uchun tayyorlandi, undan pedagog, magisrt va talabalar hamda ilmiy izlanuvchilar foydalanishi mumkin.