11.3. O‘quvchilar jamoasining rivojlanish darajasi va bosqichlari Jamoani shakllantirish muayyan qonuniyatlarga bo‘ysunadigan uzoq muddatli murakkab jarayondir.
Jamoaning vujudga kelish uchun to‘rt bosqich zarur. Jamoaning shakllanish bosqichlarida dastlab o‘qituvchi butun guruhga talab qo‘yadi hamda mazkur jarayonda jamoa faollarining shakllanishiga alohida e’tibor qaratadi. Navbatdagi bosqichda muayyan darajada shakllangan jamoa faollari (aktivi) jamoa a’zolari oldiga ma’lum talablarni qo‘yadi. Uchinchi bosqichda esa jamoa umumiy holda jamoaning har a’zosidan muayyan tarzdagi faoliyatni olib borishni talab qiladi. So‘nggi (to‘rtinchi) bosqichda esa jamoaning har bir a’zosi o‘z oldiga mustaqil ravishda jamoa manfaatlarini ifoda etuvchi talabni qo‘yish layoqatiga ega bo‘ladi.
Jamoaning shakllanish bosqichlarini belgilash shartli hisoblanadi, chunki jamoaning bosqichlari chegara yoki oraliqqa ega emas. Shunga qaramay, pedagogik nuqtai nazardan jamoaning shakllanish bosqichlariga ajratish juda muhimdir. Bolalar jamoasi rivojlanishning birinchi bosqichi. Mazkur bosqichda talab faqat pedagoglar tomonidan qo’yiladi. Bu jamoa rivojlanishining boshlang’ich nuqtasidir. Ushbu davrdagi jamoa hali tarbiyalovchi jamoa bo’lmay, balki tashkil etuvchi birlik (sinf, guruh)dir. Tarbiyalanuvchilar talablarning qo’yilishiga e’tiborsiz qaraydilar. Jamoa a’zolarining uzluksiz ijodiy faoliyatini tashkil qilish va ularni muayyan (yagona) maqsad atrofida birlashtirishga erishish orqali jamoa qaror topadi. Tarbiyalanuvchilarning jamoa faoliyatida ishtirok etishi tufayli asta-sekin boyib boradigan tajriba, faoliyat natijasini birgalikda muhokama qilish, qilinadigan ishlarni rejalashtirish jamoa a’zolarida mas’uliyat, javobgarlik, faoliyat birligi, shuningdek, ishchanlik munosabatining paydo bo’lishiga tarbiyalanuvchilardan jamoa faoliyatiga nisbatan qiziqishning paydo bo’lishiga olib keladi. Bolalarning jamoa faoliyatini tashkil etish borasidagi tajribalarga ega emasliklari bois, mazkur bosqichda pedagogning asosiy maqsadi jamoa a’zolarini oddiy tarzda uyushtirishdan iborat bo’ladi.
Ushbu bosqichda pedagogning talabchanligi qat’iyligi, izchilligi, murosasizligi va jamoaning barcha a’zolariga talabni birday qo’ya olishi hal qiluvchi omil hisoblanadi. Bu vaziyatda o’qituvchining «hukmdorlik» davri uzoq davom etishi mumkin emasligini, aks holda bir qarashdan intizomning vujudga kelganligi ma’lum bo’lsada, guruh a’zolarining faolliklarini rivojlantirish uchun Sharoitning mavjud emasligini hisobga olish zarur. Jamoa hayotining birinchi bosqichida jamoa faollarining paydo bo’lishi ushbu davr uchun xarakterli hodisadir. Jamoa faoli (aktivi) muayyan guruhning Shunday a’zolaridandirki, ular jamoa manfaatiga muvofiq tarzda harakat qiladilar va pedagog faoliyati va talablariga nisbatan hayrixohlik bilan munosabatda bo’ladilar. Faollar pedagogning yaqin yordamchilari sifatida ish olib boradilar.