Pedagogika tarixi fan sifatida. Eng qadimgi davrlardan VII asrga (1)
7.4. Iogann Genrix Pestalotsining didaktika va boshlang’ich ta’lim metodikasiga qo’shgan hissasi. Adolf Distervergning rivojlantiruvchi ta’lim nazariyasi. Iogann Fridrix Gerbart Germaniyada tug`ildi. Gerbart dastlab lotincha klassik
maktabda, so`ngra esa Iyen universitetida o`qidi.
Gerbart universitetni tamomlagach, shveytsariyalik bir aristokrat oilasida
tarbiyachi bo`lib ishladi. 1800 yilda u Pestalotssining Burgdorf institutiga bordi.
Lekin u ulug` pedagogning demokratik qarashlarini o`zlashtira olmadi.
1802 yildan boshlab Gerbart Gyottingen va Kenigsberg universitetlarida
professor bo`lib ishladi. Gerbart bu universitetlarda o`zining pedagoglik faoliyatini
kengaytirib yubordi: psixologiya va pedagogikadan leksiyalar o`qidi, o`qituvchilar
tayyorlash seminariyalariga rahbarlik qildi. U seminariya huzurida tajriba maktabi
ochib, o`zi bu maktabda matematikadan dars berdi.
Gerbart o`zining «Tarbiya maqsadlaridan kelib chiqqan umumiy pedagogika»
(1806), «Psixologiya darsligi» (1816), «Psixologiyani pedagogikaga tatbiq qilish
to`g`risidagi xatlar» (1831), «Pedagogikaga doir leksiyalar ocherki» (1835) degan
kitoblarida pedagogikaga doir g`oyalarini keng bayon qilib berdi.
Tarbiyaning mohiyati, maqsadi va vazifalari. Gerbart tarbiya maqsadini belgilab
olishga katta ahamiyat berdi. U tarbiyaning maqsadi yaxshi fazilatli kishini tarkib
toptirishdan iborat, deb hisoblaydi. Gerbart shu maqsadni abadiy va o`zgarmas deb
hisoblab, odamlarni mavjud munosabatlarga moslasha oladigan, o`rnatilgan huquq
tartibini hurmatlaydigan, shu tartibga itoat qiladigan kishilar qilib tarbiyalashni
ko`zda tutdi.
Pedagog o`zi tarbiyalayotgan bolaning oldiga shunday maqsad qo`yishi lozimki,
bola ham o`sib katta bo`lganidan keyin o`z oldiga shunday maqsadlar qo`ya bilsin.
Mana shu bo`lajak maqsadlar: 1) ro`yobga chiqishi mumkin bo`lgan maqsadlar va
2) zarur maqsadlar deb ikkiga bo`linishi mumkin.
Odam bir vaqti kelib muayyan ixtisos sohasida o`z oldiga qo`yishi mumkin
bo`lgan maqsadlar ro`yobga chiqishi mumkin bo`lgan maqsadlardir.
Zarur maqsadlar deb shunday maqsadlarga aytiladiki, bu maqsadlar odamga o`z
faoliyatining har qanday sohasida kerak bo`ladi.
Gerbart axloqiy tarbiyaning o`ziga xos vositalari qatorida quyidagilarni
ko`rsatib o`tadi.
1. Tarbiyalanuvchini tiyib turish (bolani boshqarish, uni itoatkor bo`lishga
o`rgatish — bu vositaga xizmat qiladi). Bolalar uchun xatti-harakat chegaralarini
belgilab qo`yish kerak.
2. Bolani belgilab olish, ya`ni uni shunday sharoitga qo`yish kerakki, bu
sharoitda u «quloq solmaslik og`ir kechinmalarga olib kelishini» faqat
tarbiyachining ko`rsatmalaridangina emas, balki shu bilan birga o`z tajribasidan ham
tushunib oladigan bo`lsin.
3. Xulqning aniq qoidalarini belgilab qo`yish.
4. Tarbiyalanuvchining ko`nglida «osoyishtalik va ravshanlik» bo`lishini
ta`minlab turish, ya`ni «tarbiyalanuvchida haqiqatga nisbatan shubha tug`ilishi»
uchun asos bermaslik.
5. Ma`qullash va sazo berib turish yo`li bilan bolaning ko`nglini
«to`lqinlantirib» turish.
6. Bolani «xabardor» qilib turish, ya`ni uning nuqsonlarini ko`rsatib va tuzatib
turish.
Axloqiy tarbiyada jazo choralarini ham qo`llash kerak, lekin intizom
o`rnatish uchun qo`llaniladigan jazo choralari tarbiyalash maqsadida beriladigan
jazo choralaridan farq qilinishi lozim, tarbiyaviy jazo choralari qasos g`oyasi bilan
bog`lanmasdan, balki tarbiyalanuvchiga xayrixohlik bilan qilinayotgan
ogohlantirish choralari bo`lishi lozim.
Tarbiyalanuvchining ongida har qaysi narsani o`zimcha mustaqil hal qila
beraman, degan fikrning kuchayib ketishiga yo`l qo`yish juda xavflidir.
Tarbiyalanuvchining har qanday odamlar orasida (ulfatchilikda) bo`lishiga juda
ehtiyotlik bilan qarash kerak, «ijtimoiy turmush oqimi bolani o`z girdobiga
tortmasligi va tarbiyaga qaraganda zo`rroq bo`lib ketmasligi lozim». Gerbart
tarbiyachining obro`sini nihoyatda darajada yuqori ko`tarishni talab qildi, bu obro`
tarbiyalanuvchining nazarida «ko`pchilikning fikridan» hamisha ustun bo`ladi deb
hisobladi, shuning uchun ham «tarbiyachi juda zo`r obro`ga ega bo`lishi,
tarbiyalanuvchi bunday obro` oldida boshqalarning har qanday fikrini nazare`tiborga olmaydigan bo`lishi g`oyat zarurdir».
Gerbart g`oyalari Germaniyada, Rossiyada, G`arbiy Yevropaning ko`pgina
mamlakatlarida keng tarqaldi. Amerikada ham bu g`oyaga talab tug`ildi.
Yevropa va AQSH da klassik o`rta maktablar ko`p jihatdan Gerbart
pedagogikasiga asoslanib qurildi. Gerbartning bolalarni boshqarish tizimi keng
yoyildi. Bu tizim bolalar tashabbusini bo`g`ishga va ularni kattalarning obro`yiga
hech so`zsiz bo`ysundirishga qaratilgan tizim edi.
Gerbart pedagogikani ilmiy fan darajasiga ko`tarish uchun ko`p ish qildi. U
pedagogikaning o`ziga xos tushunchalar tizimi borligini ko`rsatdi.
Gerbartning didaktika masalalarini ishlab chiqqanligi katta ahamiyatga ega
bo`ldi. Uning ko`p tomonlama qiziqish to`g`risida, ta`limning tizimli bo`lishi
to`g`risida, qiziqish va diqqatni o`stirish to`g`risida aytgan fikrlari hech shubhasiz
qimmatlidir. Gerbartning ta`lim bilan tarbiya o`rtasidagi o`zaro munosabatlarni
belgilab berishga uringanligiga ijobiy baho bersa arziydi.