XIV ASRNING IKKINCHI YARMI VA XVI ASRDA MOVAROUNNAHRDA TARBIYA VA MAKTAB.
Ijtimoiy hayotning ta’lim -tarbiya, maktab va pedagogik fikrlar rivojiga ta’siri. Movarounnahr mo‘g‘ul urug‘lari va qabilalarining ijtimoiy hayotida yuz bergan katta o‘zgarish, ularning mahalliy ijtimoiy tuzumini qabul qilishlari, xo‘jalik va madaniy hayotdagi o‘zgarishlar mo‘g‘ullarning etnik xususiyatlarini ham o‘zgartirib yuboradi. Mamlakat aholisining ijtimoiy hayotida sodir bo‘lgan jiddiy o‘zgarishlar, shubhasiz uning iqtisodiy jihatdan jonlanishiga turtki ham bo‘ldi.
XIII asrning ikkinchi yarmi va XIV asr boshlarida shahar va qishloqlarda xo‘jalik hayotining jonlanishi bilan shubhasiz mo‘g‘ullar istilosi va bosqini davrida kuchli zarbaga uchrab inqirozga yuz tutgan fan, adabiyot, ma’rifat va madaniyatning ayrim tarmoqlari ham tiklana boshlaydi.
Garchi yozma manbalarda bizgacha aniq ma’lumotlar etarli darajada etib kelmagan bo‘lsa-da, har qalay bu davrda ilm va ma’rifat ham ayrim yirik hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlarida jonlanadi. Buxoroda bino qilingan «Mas’udiya» va «Xoniya» kabi madrasalarning har birida mingtagacha tolibi ilm ahli tahsil ko‘radi.
So‘fiylik ta’lim otining ma’naviy hayotga ta’siri. So‘fiylar inson ma’naviy-ruhiy komillikka erishish yo‘llarida to‘rt bosqichni o‘tishi kerak, deydi.
Birinchi bosqich – shariat. Diniy marosimlar va shariat aqidalarini, taqvolarini aynan, izchil bajarish, chunki shariat qonun bo‘lib, bu qonun vujudni va qalbni tarbiyalaydi.
Ikkinchi bosqich – tariqat: nafsni tiyish, xushnudlik, xudoni o‘ylash, xilvat, ma’naviy muhabbatni chuqurlashtirib, xudo to‘g‘risida o‘ylash, ya’ni tariqat – fano, o‘zdan kechish, ko‘ngilni poklab, ruhni nurlantiruvchi yo‘l, faoliyat shakli.
Uchinchi bosqich – ma’rifat: hamma narsaning, butun borliqning asosi – xudo ekanini, o‘zining mohiyati xudo mohiyati bilan birgaligini bilish va anglash. Bunda odam uchun barcha kibr-u havo, manmanlik, shon-shuhrat bema’ni bo‘lib ko‘rinadi, shunda u orif, ya’ni bilimli, xudoni tanigan bo‘ladi.
To‘rtinchi bosqich – haqiqat. Bunda so‘fiy xudoning dargohiga erishadi, vasliga vosil bo‘ladi, u bilan birlashadi, shu orqali inson foniy, ya’ni «analhaq» bo‘la oladi.
Dostları ilə paylaş: |