17-mavzu: Pedagogikaga oid terminlar glossariysi
Terminlar tizimida ham kuzatiladigan polisemiya hodisasini o‘zbek tilining pedagogik terminologiyasi asosida tahlil qilishga harakat qilamiz. Kuzatuvlarimiz natijasida quyidagi ko‘p ma’noli umumleksik birliklarning ayrim ma’nolari terminologik ma’no kasb etishi va shu orqali pedagogik terminlar tizimiga kirishi aniqlandi: guruh, dars, bilim, ta’lim, didaktika kabilar. Ushbu birliklarning ko‘p ma’nolilik xususiyatga egaligi, ma’nolarining umumleksik yoki terminologik xarakter kasb etishi masalasini tahlil qilish uchun umumfilologik va terminologik lug‘atlarga murojaat qilamiz.
O‘zbek tilining izohli lug‘atida guruh so‘zining besh xil ma’nosi izohlangan: “1 Bir to‘p odam, to‘da. 2 Maqsad, maslak, faoliyat va sh. k. lar umumiyligi asosida shakllangan rasmiy yoki norasmiy jamoa. 3 Umumiy belgi, xususiyatga ega bo‘lgan bir turdagi narsa, hodisalar majmui, turkumi. 4 Dars, mashg‘ulot o‘tkazish maqsadida birlashtirilgan kishilar, talabalar bo‘linmasi, to‘pi. 5 Tabaqa, toifa; daraja” [11].
Ko‘rinadiki, guruh so‘zining qayd qilingan to‘rtinchi ma’nosi ta’lim sohasi tushunchasi bilan bog‘liq bo‘lib, ana shu ma’no asosida pedagogik terminologiya tizimiga aloqadorlik kasb etadi. Guruh so‘zi terminologik ma’no xarakter kasb etgan ushbu 4-ma’nosi asosida pedagogika sohasiga oid qator tushunchalarni ifodalovchi terminlarning yuzaga kelishida ham faol ishtirok etadi. Jumladan, kichik guruh, guruh a’zosi, guruh bahosi, guruh xatosi, kuni uzaytirilgan guruh, guruhlash, qayta guruhlash, talabalar guruhi, ishchi guruh, tashkiliy guruh, ekspertlar guruhi, gomogen guruh, guruhli faoliyat texnologiyasi, guruhli o‘qitish, guruhlar bilan ishlash kabi pedagogik terminlar tarkibida muhim komponent hisoblanadi.
O‘zbek tilining leksik birligi bo‘lgan dars so‘zi ham pedagogika sohasi termini sifatida xizmat qiladi. Dars so‘zining umumfilologik lug‘atda ikki xil ma’nosi izohlanganligi uning ko‘p ma’noli birlik ekanligidan dalolat beradi: “1 Ta’lim muassasalarida ilm, ma’lumot berish maqsadida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari, saboq. 2 ko‘chma Hayotiy tajribadan kelajak uchun chiqarilgan foydali natija, ibrat, saboq”[11]. Izohdan ma’lum bo‘ladiki, dars so‘zining birinchi ma’nosi sof terminologik xarakter kasb etadi. Ikkinchi ma’no esa, lug‘at maqolasida qayd qilinganidek, ko‘chma ma’no bo‘lib, umumleksikaga xos. Maxsus ensiklopedik lug‘atda ham dars polisemantik termin sifatida tavsiflangan. Biroq dars tushunchasi bilan bog‘liq leksik birlikning umumleksikaga oid ko‘p ma’noliligi bilan terminologik tizimga xos ko‘p ma’noliligi o‘rtasida jiddiy farq ko‘zga tashlanadi, ya’ni umumlingvistik izohli lug‘atda qayd qilingan dars so‘zining birinchi ma’nosida soha tushunchasiga aloqadorlik mavjud, ikkinchi ma’nosi terminologik xususiyatga ega emas. Soha lug‘atida esa dars terminining qayd qilingan har ikki ma’nosi ham terminologik mohiyatlidir: “DARS (arab. – saboq, ma’ruza) 1) uzluksiz ta’lim muassasalarida amalga oshiriladigan ta’limning asosiy shakli; 2) o‘quv ishlarining asosiy tashkiliy shakli, mantiqiy tugallangan, yaxlit o‘quv-tarbiyaviy jarayonning aniq vaqt bilan cheklangan qismi”[11]. Soha lug‘atida qayd qilingan ikki xil ma’no o‘rtasida jiddiy semik farqlilik sezilmaydi. Shunga asosan, ushbu ma’nolarni umumlashtirgan holda dars terminining terminologik ma’nosini “o‘quv-tarbiyaviy jarayonning muayyan bilim hosil qilish, ko‘nikma va malakani shakllantirishga qaratilgan, mantiqiy tugallangan, aniq vaqt bilan belgilangan asosiy tashkiliy shakli” tarzida tavsiflash lozim. Metodikaga oid termin va tushunchalar lug‘atida dars termini monosemantik termin sifatida to‘g‘ri yondashuv asosida izohlangan: “DARS. Maktabdagi o‘quv jarayonining asosiy tashkiliy shakli (oliy ta’limdagi amaliy mashg‘ulot turi), uning maqsadi tugallangan natijaga erishishdir; talabalarning doimiy tarkibi bilan, qat’iy jadvalga muvofiq amalga oshiriladi”) [11].
Yuqorida qayd qilinganlarga ko‘ra, dars so‘zi umumleksik birlik sifatida ko‘p ma’noli bo‘lishi mumkin, terminologik tizimda esa bir ma’noli termin sifatida qayd qilinishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shuningdek, dars so‘zining umumfilologik izohli lug‘atdagi birinchi ma’nosi oldidan pedagogikaga oid terminologik ma’no ekanligiga ishora qiluvchi ped. pometasi qo‘yilishi lozim, shunda mazkur so‘zning leksema-terminlik maqomi ta’minlanadi. Dars termini ta’lim-tarbiya jarayoni va faoliyati tushunchalari bilan bog‘liq darslik, darsxona, dars tahlili, dars maqsadi, dars shakli, dars tipi, dars jadvali, dars turi kabi pedagogika sohasiga tegishli ko‘plab terminlarning yasalishida ham faol ishtirok etadi.
O‘zbek tilining pedagogika terminologiyasida quyidagi birliklarning ham polisemantik terminlar sifatida qayd qilinganligini kuzatishimiz mumkin: “Avtoritar texnologiya – 1) an’anaviy ta’lim jarayonining ifodasi bo‘lib, o‘qitish jarayonida o‘quvchi obyekt, o‘qituvchi subyekt sifatida faoliyat ko‘rsatishiga asoslangan tizim; 2) o‘quv-tarbiya jarayonida o‘quvchini bo‘ysundirish asosida boshqarish texnologiyasi. Adabiyot o‘qitish metodikasi – 1) adabiyot ta’limi nazariyasi hamda metodikasi bo‘yicha talabalarga muayyan bilim, ko‘nikma, malakalar hosil qilishga yo‘naltirilgan o‘quv fani; 2) adabiyot o‘qitish metodikasi xususiy pedagogikaning asosiy sohasi. Kurs – 1) oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida o‘quv davri, bosqichi (masalan: birinchi kurs, ikkinchi kurs va h.k.); 2) biror fan va ilm sohasining muayyan doiradagi tugallangan bayoni (masalan: ta’limning kurs tizimi). Pedagogik ijodkorlik – 1) ta’lim beruvchi tomonidan o‘quv-tarbiya vazifalarini yuksak sifat darajasida o‘zgacha hal etilishi. 2) ta’lim-tarbiya amaliyoti va nazariyasining boyitilishi. Pedagogik innovatsiya – 1) pedagogik faoliyatga uning samaradorligini oshirish maqsadida yangiliklarning kiritilishi, ta’lim-tarbiyaning mazmun va texnologiyalaridagi o‘zgarishlar; 2) ta’lim faoliyatida bola shaxsini rivojlantirish jarayoniga oid madaniy an’analarga asoslanib ta’lim jarayoniga yangicha qarash va yondashuvlar”[6]. Yuqorida qayd qilingan ayrim polisemantik termin ma’nolari o‘rtasidagi alohidalik yaqqol ajralib tursa (kurs, pedagogik ijodkorlik), alohida ma’nolar tarzida izohlangan ayrim ma’nolar o‘rtasida jiddiq farqlilik sezilmaydi (avtoritar texnologiya, adabiyot o‘qitish metodikasi, pedagogik innovatsiya). Bu holat esa soha lug‘atlarida ko‘p ma’noli termin sifatida berilgan terminlarning ma’nolarini umumlashtirgan holda tavsiflashni taqozo qiladi.
Ayrim pedagogik terminlar umumfilologik izohli lug‘atda bir ma’noli lug‘aviy birlik tarzida izohlangan bo‘lsa, sohaviy lug‘atlarda ko‘p ma’noli termin sifatida tavsiflanganligi ham kuzatiladi. Masalan, didaktika termini “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da bir ma’noli termin, pedagogika ensiklopedik lug‘atida ko‘p ma’noli termin tarzida tavsiflangan. Fikrimizni asoslash uchun ushbu terminlarning umumfilologik va maxsus lug‘atlardagi izohlarini qiyoslaymiz: “DIDAKTIKA [yun. didaktikos ibratli; o‘rgatuvchi, ta’lim beruvchi] Pedagogikaning ta’lim va o‘qitish nazariyasi (maqsadi, mazmuni, qonuniyatlari va tamoyillari), umumiy metod va shakllari haqidagi bo‘limi”[11]. “DIDAKTIKA (yun. didaktikos – o‘rgatuvchi, ta’lim beruvchi) - 1) ped.ning o‘qitish nazariyasi b-n shug‘ullanadigan tarmog‘i; 2) ta’lim nazariyasi”[7].
Xuddi shu lug‘atda domla terminining besh xil ma’nosi izohlangan: “1) oliy va o‘rta maktab o‘qituvchisi; ilmiy rahbar, ustoz; 2) diniy maktab muallimi; 3) har qanday ilmli kishiga hurmat bilan murojaat etish shakli; 4) din va shariat peshvosi; 5) duoxonlik, issiq-sovuq qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxs”[7]. E’tibor qilinsa, qayd qilingan ma’nolarning barchasi ham terminologik nuqtai nazardan o‘zini oqlamaydi, xususan, terminnning birinchi va ikkinchi ma’nolargina sohaviy tushunchaga aloqadorlik kasb etadi. Boshqa, ya’ni uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi ma’noning ushbu o‘rinda qayd qilinishi ortiqcha, chunki ushbu ma’nolar pedagogika sohasiga oid tushunchalar bilan bog‘liq emas. Domla ko‘p ma’noli so‘z sifatida izohli lug‘atda quyidagicha izohlangan: “DOMLA s.t. 1 Domulla. 2 Har qanday ilmli kishiga hurmat bilan murojaat etish shakli”[11]. “DOMULLA [f.+hind. ota, katta + а. o‘qituvchi; ruhoniy olim] 1 Diniy maktab muallimi. 2 Madrasani bitirgan mulla kishi. 3 etn. Duoxonlik, issiq-sovuq qilish bilan shug‘ullanuvchi shaxs. 4 s.t. O‘rta va oliy maktab o‘qituvchisi; ilmiy rahbar, ustoz”[11]. Nazarimizda, domla terminining terminologik izohini berishda “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”dagi lug‘at maqolasiga tayanilganligi uchun, terminning soha lug‘atiga tegishli leksikografik talqini umumfilologik lug‘atdagi izohidan deyarli farq qilmaydi. Bu holat terminologik lug‘at tavsifining terminologiya tamoyillaridan chetga chiqishdan dalolat beradi.
XULOSA Boshqa soha terminologiyasida kuzatilganidek, o‘zbek tilining pedagogik tushunchalarni ifodalashga xizmat qiluvchi terminlari tizimida ham polisemiya hodisasi mavjud. Pedagogika oid polisemantik terminlarni ma’nolarining tabiatiga ko‘ra ikki guruhga ajratish maqsadga muvofiq: 1) polisemantik leksema-termin va 2) polisemantik sof termin.
Pedagogikaga oid polisemantik terminlarning yuqorida kuzatilgan semantik tabiati va ularning leksikografik talqin hamda tavsiflari polisemantik terminlarning mavjudligini tasdiqlash bilan birga ko‘p ma’noli terminologik birliklarning ma’nolarini ajratish va izohlarini berishda terminologiya tamoyillaridan chetga chiqish holatlarini ham ko‘rsatmoqda. Bu holat esa terminologik tizimda polisemiyaning keng yoyilishiga olib keladi.
Polisemiya hodisasining terminologiyada ham kuzatilishini, polisemiya terminologik birliklar orasida ham mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi. Terminlar polisemiyasi ham umumleksik hodisaning barcha leksik birliklarga xosligining o‘ziga xos ifodasidir. Terminologik polisemiya terminologiya aspektida salbiy hodisa sifatida baholansa-da, uning terminologiyada ham mavjudligini real voqelik ko‘rsatib turibdi. Terminologik polisemiyaning oldini olish, bartaraf etish, tartibga solish kabi masalalar ushbu holatga nisbatan alohida ilmiy yondashuv va tadqiqotlarni taqozo qiladi. Ushbu masalalarning yechimi terminlarning umumlingvistik va maxsus lug‘atlardagi talqin va tavsiflarining terminografik asoslarda hal qilinishida namoyon bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |