O`quvchining yutuqlarini ma’qullang. “Obrazli qilib aytganda, yaxshi bajarilgan ish uchun bolaning elkasidan qoqib qo`yish, uni sidqi dildan mehanatni davom ettirishga stimullashtiradi”,- deydi amerikalik pedagog A.Dreer. Ma’qullovchi so`z, imo-ishora, xatti-harakatlarni faqat eng yaxshi o`quvchilarga emas, balki o`quv mehnatida o`z shijoatini namoish eta olgan barcha o`quvchiga nisbatan yo`llash talab etiladi. Shunday holatlar ham bo`lganki, o`qituvchining past o`zlashtiruvchi o`quvchiga bergan oqilona ma’qullovchi bahosi juda katta ijobiy ta’sir o`tkazgan. Tadqiqotlarning ko`rsatishicha, ijodkorlikka yo`llovchi asosiy motiv – bu kishining o`z faoliyati natijasini yaxshilashga qaratilgan xatti-harakatidir. Bu holat xuddi kishining o`zi bilan o`zi musobaqalashib, oldin erishgan natijasidan yanada yaxshiroq natijaga erishish uchun tirishishiga, paydo bo`lgan muammoni nihoyatda ajoyib yo`llar bilan hal etishga urinishiga o`xshaydi.
Muvaffaqiyatga intilish istagining kuchliligi ba’zan boshqa maqsadlarni to`sib qo`yadi va ular erishish qiyin bo`lgan g`oyaga aylanadi. Kompyuter xakerlari (kompyuterning oldida juda ko`p vaqtini o`tkazadigan yoshlar) – boshqa barcha ishtiyoqlarni so`ndiradigan xatti-harakat bo`lib, undan bolani boshqa mashg`ulotga e’tiborini qaratish maqsadida foydalanish mumkin.
Har birimiz o`quvchi muvaffaqiyati ahamiyatini chetlab o`tadigan barcha steriotiplardan qochib, sinfga kirayotganimizda shuni unutmasligimiz kerakki, agar yutuqni rag`batlantirishning hissiy ahamiyati, xatolari uchun jazolashning hissiy ahamiyatidan afzalroq bo`lsa, muvaffaqiyatga intilish shakllanadi va kuchayadi. Agar, aksincha, jazolashning hissiy ahamiyati rag`batlantirishnikidan ko`ra yuqoriroq bo`lsa, bora-bora o`quvchida muvaffaqiyatsizlikdan qochish istagi shakllanadi. Shu tariqa faqatgina ota-onasidan gap eshitmaslik va o`qituvchisini uyaltirib qo`ymaslik uchungina o`qiydigan o`quvchilar paydo bo`ladi.
Ishingizning ta’sirchanligini oshiring. Qiyin va uncha o`ziga jalb etmaydigan o`quv faoliyatini qanday qilib o`quvchilar uchun qiziqarli va istalgan mashg`ulotga aylantirish mumkinligi to`g`risida novator-pedagoglarda juda qiziqarli g`oyalar mavjud. Oila tarbiyasi to`g`risidagi qo`llanmada berilgan bir materialdan namuna keltiramiz.Chunki bu misol qanday qilib bola uchun bajarish uncha yoqimli bo`lmagan ishga uni stimullashtirish mumkinligini ko`rsatadi.
Idish-tovoqlarni yuvish qiziqarli va obro`li ish deb kim ayta oladi? Ammo shunday kishilar ham borki, ular uchun idish-tovoq yuvish shunchaki qiziqarli emas, balki sevimli mashg`ulot bo`lib hisoblanadi. Bunday munosabat qanday qilib paydo bo`lishi va shakllanishi mumkin degan savolga yoshi kattaroq bir ayol shunday javob beradi: “Men hali yoshgina bola bo`lgan vaqtimda onam agar aqlli qiz bo`lsam, menga idish-tovoqni yuvishga ruxsat berishini aytar edi. Bunday mukofotni qo`lga kiritish uchun men o`zimni yaxshi tutishga harakat qilar edim”. Bu o`rinda mukofot sifatida taqdim etilgan idish-tovoq yuvish ishi, haqiqatdan ham, kichkina qizaloq tomonidan mukofot sifatida qabul qilingan. Axir, aslida “mukofot” sanalmaydigan narsa bilan mukofotlashmaydi-ku?
Ishingizning qiziqarli bo`lishida o`quvchilarning xatosi ham, aniqrog`i sizning xatolarga munosabatingiz ham yordam berishi mumkin. O`quvchilarning xatolaridan maksimal darajadagi stimulni toping: “Ajoyib xato!”, “Haqiqatga olib boruvchi xato”, “Rahmat, sening fikring unchalik to`g`ri bo`lmasa ham, u mulohaza yuritishga undaydi”, O`quvchi kuzatishlarining aniqligi va nozik tomonlarini har jihatdan ta’kidlang: “Men ham senday bo`lganimda, shunday deb o`ylar edim...”, “Avvallari men o`ylardimki, ...”. Shunday qilingki, siz bolalarni undagan narsa u qadar qiyin emasligiga ular ishonch hosil qilsinlar. “Rahmat sizga bolalar, siz bugun menga katta yordam berdingiz”,- deb darsdan so`ng o`zining 6 yoshli o`quvchilariga minnatdorchilik izhor etadi, Sh.A.Amonashvilli.