Faoliyat mahsullarini tahlil qilish metodi. Inson xotirasi, tafakkuri, qobiliyati va xayolining xususiyatlarini aniqlash maqsadida bu metod umumiy
psixologiyada keng qo‘llaniladi. Bolalar chizgan rasmlar, yasagan o‘yinchoqlar, modellar, yozgan she’rlarni tahlil qilish orqali ularning mantiqiy xotirasi, tafakkuri, texnik, badiiy va adabiy qobiliyati, ijodiy xayoli yuzasidan materiallar to‘plash mumkin. Ob’ekt bilan sub’ekt o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun shaxsning psixikasi to‘g‘risida sirtdan muayyan hukm va xulosa chiqariladi. Ijodiy faoliyat mahsullariga kundalik, sxema, ixtiro, diagramma, kashfiyot, qurilma, asbob, texnik model, moslama, milliy kashtachilik, hunarmandchilik, zargarlik buyumlari, referat, kurs va malakaviy bitiruv ishlari, magistrlik dissertatsiyasi, ilmiy ma’ruza, konspekt, taqriz, tezis, maqola, ko‘rsatmali qurollar, loyiha, konsepsiya, san’atkor, artist va baxshi ijodiyoti kabilar kiradi. Bular turli yoshdagi, jinsdagi va kasbdagi odamlar tomonidan yaratilgan bo‘lishi va shunga ko‘ra shakli, mazmuni, sifati, originalligi, hajmi, ko‘rinishi, xususiyati bilan bir-biridan keskin tafovut qilishi mumkin.
Ijodiy faoliyat mahsullarini tahlil qilish orqali bolalar, o‘quvchilar, talabalar, konstruktorlar, olimlar, hunarmandlar, ishchilar, dehqonlar psixik xususiyatlari to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plash mumkin. Lekin insondagi psixik o‘zgarishlar, kamol topish va bularning kechishini ifodalovchi materiallar yig‘ish uchun bu metodning o‘zi etmaydi. SHuning uchun inson psixikasini o‘rganish maqsadida boshqa metodlardan ham foydalanish ma’qul.
Dostları ilə paylaş: |