Pul, kredit va banklar


Pulning nominallik nazariyasi



Yüklə 1,98 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə58/154
tarix01.01.2022
ölçüsü1,98 Mb.
#50588
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   154
Pul, kredit va banklar

5.3.Pulning nominallik nazariyasi  
Nominal  pul  nazariyasi  xususidagi  tadqiqotlar  natijasida  ushbu  nazariyani 
turlicha  nomlanishining guvohi bo‘ldik. Masalan,  rus tilida  pul nazariyasi  haqida 
yozilgan  adabiyotlarda  “nominallisticheskaya  teorii  deneg”,  “metallicheskaya 
teorii deneg” tarzida, o‘zbek tilidagi iqtisodiy adabiyotlarda “pulning nominalistik 
nazariyasi”,  “nominal  pul  nazariyasi”  yoki  “metall  bo‘lmagan  pul  nazariyasi” 
tarzidagi so‘z birikmalarini uchratish mumkin.  
Shu  bois,  dastlab  pulning  “metall  bo‘lmagan  nazariyasi”  haqida  ayrim 
mulohazali holatlarni  oydinlashtirib olish maqsadga  muvofiq  degan  fikrga  keldik. 
Metall  bo‘lmagan  pul  nazariyasi  turli  iqtisodiy  adabiyotlarda  turlicha  talqin 


etilishining asosiy sabablaridan biri, pul nazariyasi to‘g‘risida yaratilgan iqtisodiy 
asarlarning deyarli barchasi xorijiy tillarda, asosan ingliz, nemis tillardan rus tiliga 
undan so‘ng esa  o‘zbek tiliga o‘girilganligida bo‘lsa kerak.  
Nominal  pul  nazariyasi  tarafdorlari  ushbu  nazariyaning  asosida  qog‘oz 
pullar  e’tirof  etilishini  e’tiborga  oladigan  bo‘lsak,  shuningdek  nominal  pul 
nazariyasining  amal  qilishining  asosiy  omili  sifatida  pul  nominallarini  davlat 
tomonidan  belgilanishi  va  uning  ta’minlanishi  ham  davlat  tomonidan  amalga 
oshirilishini  nazarda  tutadigan  bo‘lsak,  nominal  pul  nazariyasini  “qog‘oz  pullar 
nazariyasi” tarzida ifodalash ham mumkin bo‘ladi.  
Nominal  pul  nazariyasini  “qog‘oz  pul  nazariyasi”  tarzida  yuritilishi  uning 
aniqliligini,  metall  pul  nazariyadan  ushbu  nazariyani,  nominal  pul  nazariyasini 
qanday farqlari mavjudligini ortiqcha qiyinchiliklarsiz aniqlash imkonini beradi.  
Nominal  pul  nazariyasi  xususidagi  dastlabki  qarashlarni  quldorchilik, 
keyinchalik feodal tuzumi sharoitidagi qadimgi faylasuflar ta’limotlarida kuzatish 
mumkin. Pulning nominal  nazariyasi XVII  – XVIII asrlarda, muomalaga haqiqiy 
bo‘lmagan  metall  pullar  kiritilgan  davrda  shakllangan.  Dastlabki  nominal  pul 
nazariyasining  asosini  qog‘oz  pullar  emas,  balki  haqiqiy  bo‘lmagan  tanga 
monetalar tashkil etgan.     
  Pulning  nominal  nazariyasini  ilgari  surgan  dastlabki  iqtisodiy  nazariya 
vakillari  Dj.Berkli  (1685  –  1780)  va  Dj.Styuart  (1712  –  1780)  hisoblanadi. 
Ularning  nazariyalari  asosida  quyidagi  ikkita  holat  yotardi:  pul  davlat  tomonidan 
yaratiladi va pulning qiymati uning nominali bilan aniqlanadi. Pul birligining sotib 
olish  qobiliyati  uning  nominali  asosida,  ya’ni  qog‘oz  pulda  ko‘rsatilgan  nominal 
qiymati bilan aniqlanadi.  
Nominal  pul  nazariyasi  tarafdorlarining  asosiy  zaifligi  shundaki,  ularning 
ta’limotiga ko‘ra pulning qiymatini davlat belgilaydi. Bu bilan ular pulning mehnat 
mahsuli  nazariyasi  va  tovar  tabiatiga  ega  ekanligini  inkor  qiladi.  Biroq  bozor 
iqtisodiyoti  sharoitida  pulning  sotib  olish  qiymati  talab  va  taklif  asosida 
belgilanadi,  shuningdek,  milliy  xo‘jalik  doirasida  to‘lov  vositasini  bajaradigan 
pullarning  kursi  xalqaro  miqyosda  amal  qiladigan  xorijiy  valyutalarga  bo‘lgan 
talab asosida o‘zgarib turadi.   
Nominalist  pul  nazariyasi  vakillarining  rivojlangan  davri  asosan  XIX 
asrning  oxiri  va  XX  asrning  boshlariga  to‘g‘ri  kelib,  uning  ko‘zga  ko‘ringan 
tarafdorlaridan biri, nemis olimi G.Knapp (1842 – 1926) hisoblanadi. G.Knappning 
pul nazariyasini, uning ta’limoticha ma’lum qiymatga ega bo‘lmagan monetalarda 
emas, balki xazina biletlari asosida asoslashga harakat qiladi.  
Nominal  pul  nazaryachilarining  asosiy  kamchiligi  shundaki,  ularning 
ta’limotida  pulning  qiymati  davlat  tomonidan  belgilanadi  degan  g‘oya  ilgari 
suriladi.  Kredit  pullar  (veksellar,  banknotalar,  cheklar)  esa  ularning  ta’limotida 
inobatga  olinmaydi  va  e’tibordan  chetda  qoldiriladi.  Chunki  kredit  pullarning 


qiymati  davlat tomonidan emas, balki  ularning  emitentlari  tomonidan  belgilangan 
nominal  qiymatga  ega  bo‘lib,  ushbu  qiymat  o‘zgarishga  moyildir,  ya’ni  ularni 
muomalaga  chiqargan  emitentlar  kredit  pullarining  dastlabki  qiymatda  saqlab 
qolish imkoniyatiga ega bo‘lmaydilar. 
Bizning  nazarimizda,  nominal  pul  nazariyasi  vakillari  qog‘oz  pullarning 
qiymatini nafaqat oltin qiymatidan, balki tovarlar qiymatidan ham ajratib oldilar va 
ularning nominal qiymatining barqarorligi, sotib olish qobiliyati davlatning tegishli 
hujjatlari asosida aniqlanadi degan mantiqsiz g‘oyani ilgari suradilar.  
Nominal  pul  nazariyasi  vakillarining  ta’limoti  Germaniya  tomonidan 
birinchi  jahon  urushini  moliyalashtirish  uchun  muomalaga  chiqarilgan  katta 
miqdordagi  emissiya  jarayonida  namoyon  bo‘ldi.  Biroq,  ushbu  ta’limotning 
haqiqatga  yaqin  emasligi  Germaniyada  1920  yillarda  yuz  bergan  giprinflyatsiya 
sharoitida  isbotlandi.    Muomalaga  asossiz  ravishda  emissiya  qilingan  juda  katta 
miqdordagi  qog‘oz  pullar  juda  tez  muddatda  700  –  800  foiz  darajasida 
inflyatsiyaga  uchrashi  natijasida  mamlakatda  pul  –  kredit,  moliya  tizimi  izdan 
chiqdi.  Buning  natijasida  ishlab  chiqarishga  bo‘lgan  qiziqish  pasayib,  kishilar 
moddiy  ne’mat  yaratish  hisobiga  emas,  balki  mavjud  moddiy  ne’matlarni  sotish 
hisobiga qo‘shimcha daromad olish payiga tushib qoldilar. Chunki ishlab chiqarish 
va qo‘shimcha moddiy ne’matlarni yaratish ma’lum darajadagi vaqtni talab etar, bu 
vaqtda  esa  ishlab  topilgan  daromad  inflyatsiya  natijasida  o‘zining  qiymatini 
yo‘qotar edi.  
Tahlillar  natijasi  shuni  ko‘rsatadiki,  nominal  pul  nazariyasi  iqtisodiyotning 
markazdan  boshqarish  tuzumi  sharoiti  va  talablariga  mos  keladi.  Chunki  ushbu 
tuzumda pulning nominal qiymati davlat tomonidan o‘rnatilib, uning amal qilishi 
ham  to‘liq  nazorat  ostiga  olinadi.  Shunda  ushbu  nazariya  tarafdorlari  tomonidan 
ilgari  surilgan  ta’limot  o‘zini  oqlaydi.  Ta’kidlash  joizki,  markazdan  boshqarish 
tuzumi yoki markazdan rejalashtirish tuzumi sharoitida qog‘oz pullarning nominali 
davlat  tomonidan  o‘rnatilishi  bilan  birga,  yaratilgan  tovar  moddiy 
qimmatliklarning  bahosi  ham  yuqoridan  belgilanadi.  Shu  bilan  birga,  muomalaga 
emissiya qilinadigan pulning miqdori, ularning harakati va amal qilish kabi barcha 
jarayonlar  ham  davlat  tomonidan  rejalashtirilib,  ushbu  rejaning  bajarilishi 
to‘lig‘icha  tegishli  organlar  tomonidan  nazorat  qilib  boriladi.  Biroq,  bozor 
iqtisodiyoti  sharoitida  nominal  pul  nazariyasini  amaliyotga  joriy  etish  va  uning 
amal  qilishining  imkoniyati  mavjud  emas.  Chunki  davlat  banklari  tomonidan 
muomalaga  emissiya  qilingan  pul  belgilari  tegishli  talab  va  taklif  asosida  tovar 
moddiy  qimmatliklarning  bahosini  belgilaydi.  Uning  sotib  olish  qobiliyatini 
mustahkam yoki zaif bo‘lishi davlatning nazdidan anchagina yiroqda bo‘lib, davlat 
unga ta’sir o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Bunday holat pulning miqdoriy 
pul nazariyasini vujudga kelishiga sabab bo‘ldi.   

Yüklə 1,98 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   54   55   56   57   58   59   60   61   ...   154




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin