Yaxshilik ketidan yaxshilik keladi.
Kunlardan bir kun Xorazm yurtining podshohi mamlakatda eng chiroyli so‘z aytish bahsini o‘tkazmoqchi bo‘libdi. O‘sha kundan boshlab chiroyli so‘z, go‘zal so‘z degan gaplar odamlarning og‘zidan tushmay qolibdi. Ana shu gaplar bahsga aylanib, katta bir kengash o‘tkazilibdi. Kengash butun mamlakatga e’lon qilingan ekan. Bir dehqon yigit men ham qatnashay, sovringa ega bo‘lsam, bir qo‘shho‘kiz olardim, deya niyat qilibdi. Shohona darvoza oldiga kelib, qo‘lidagi o‘roq, yelkasidagi ketmonni yerga qo‘yib, „Bismilloh“, deb ichkari kirib, safga qo‘shilibdi. Bahs avjiga chiqqan ekan.
O‘z taxtida bahslarni kuzatib, tantana bilan o‘tirgan shohga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, ta’zim qilib salom yo‘llabdi. Bahsni saroy a’yonlari baholab o‘tirishar ekan. Shunda bahsda qatnashayotgan bir kishi o‘rnidan turib:
– Yomonlik qilma! Yomonlik ketidan yomonlik keladi, – degan gaplarni aytibdi. Qilni qirq yoradigan hakamlar qarsak chalib olqishlashibdi. Shoh ham qarsak chalibdi.
Navbat dehqon yigitga kelibdi.
– Yaxshilik qil! Yaxshilik ketidan yaxshilik keladi, – deb qo‘lini ko‘ksiga qo‘yibdi. Atrofdagilar qarsak chalishibdi. Shoh esa o‘rnidan turib qarsak chalibdi.
– Shohanshohim, – deb so‘rabdi hakamlardan biri. – Birinchi ishtirokchi o‘z so‘zini aytganida yengilgina qarsak chaldingiz, ikkinchi qatnashchi so‘zini aytganida esa o‘rningizdan turib ketdingiz. Sabab ne? Buni biz – ha-kamlarga ayting, – debdi.
– Aslida ikkovlari ham foydali so‘zni aytishdi, lekin birinchisi „yomonlik“ deyishi bilan negadir qalbim muzlab ketgandek bo‘ldi. Ikkinchisi yaxshilik degan so‘zni aytishi bilan qalbimdagi muz erib ketgandek bo‘ldi. Shuning uchun o‘rnimdan turib qarsak chaldim. To‘g‘ri so‘zni, chiroyli so‘zni yoqimli qilib aytgani uchun birinchi sovrin shu dehqon yigitga berilsin, –deb farmon beribdi.
Qalam va sichqon
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Oddiygina bir qalam bo‘lgan ekan. Bir kuni uning egasi Valijon qalamini stol ustida unitib qoldiribdi. Paytdan foydalangan sichqoncha inidan chiqib qalamni tishlab olib qochmoqchi bo‘libdi.
— Iltimos, meni qo‘yib yubor — deb yalinibdi Qalam. — Meni nima qilmoqchisan? Yog‘ochdan yasalgan bo‘lsam, meni yeb bo‘lmaydi.
— Tishlarim qichishayapti, shuning uchun seni g‘ajimoqchiman, — debdi Sichqoncha va qalamni qattiq tishlab olibdi.
— O‘g‘riyapti, — deb baqiribdi Qalam. Men chizishni juda yaxshi ko‘raman. Maylimi so‘nggi bor rasm chizsam? — debdi Qalam.
Sichqon rozi bo‘libdi. Qalam zo‘rg‘a nafasini rostlab oppoq varaqqa kattagina aylana chizibdi.
— Bu nima? Pishloqmi? — deb so‘rabdi Sichqoncha.
— Bo‘lishi mumkin, — debdi bosiqlik bilan Qalam va chizishda davom etibdi.
Avval yuzini keyin esa quloqlari va katta-katta ko‘zlarini chizibdi.
— Axir, bu mushuk-ku! Yo‘q bo‘ldi, chizma, iltimos, — deb Sichqon yugurgancha iniga qochib ketibdi.
— Ha, bu haqiqiy mushuk, — deb baqairibdi Qalam.
Shundan buyon Sichqoncha inidan tashqariga chiqmaydigan bo‘libdi. Valijonning qalami esa hali sog‘-omon, faqat ozgina kichraygan, xolos.
Dostları ilə paylaş: |