1. Qadimgi Lakonika, Messeniyaning joylashuvi, tabiati va aholisi.Sparta Qadimgi Yunonistondagi quldorlikka asoslangan shahar-davlatlardan biri bo`lgan. Bu davlatning hududi Peloponnes yarimorolining markaziy, janubiy va janubi-sharqiy qismlarini o`z ichiga olgan edi. Mamlakatningy er yuzasi tekislik va tog`liklardan iborat bo`lgan. Uning katta qismini Lakonika viloyati ishg`ol qiladi. Lakonika viloyat Peloponnes yarimorolining janubi-sharqiy qismida joylashgan. Viloyat o`rtasidagi Yevfrot daryosi oqib o`tib, Lakon qo`ltig`iga borib quyiladi. Daryo vodiysini uch tomondan baland va o`tish qiyin bo`lgan tog`lar o`rab turadi. Tog`larda temir va har turli ma`danlar serob. Lakon qo`ltig`i qirg`oqlari kemalar to`xtashi uchun noqulay. Daryo vodiysining tuprog`i serunum, sero`t, yaylovlari esa chorva mollarini boqish uchun qulay bo`lgan. Mamlakat iqlimi yumshoq, qishi u qadar sovuq emas, yozi esa o`rtacha issiqlikka ega edi.
Peloponnesdagi Messeniyaning bir qismi ham Sparta davlati tarkibiga kirgan. Messeniya viloyati yarimorolning g`arbi tomoniga joylashgan.
Qadimgi Lakonika va Messeniyaning qulay tabiiy sharoiti bu yerda ibtidoiy davrdan boshlab odamlarning yashashiga imkon bergan. Miloddan avvalgi III mingyillik oxiri va II mingyillikning birinchi yarmida bu yerda Krit-Miken madaniyatiga mansub bir qancha aholi markazlari bo`lgan. Ularning eng yirigi Pilos edi. Spartada juda qadimdan boshlab axeya, doriy va boshqa yunon qabilalari yashaganlar.
2. Doriylar istilosi va Sparta davlatining tashkil topishi. Miloddan avvalgi XIII asr oxiri – XII asr boshlarida yunon qabilalari boshiga tushgan og`ir kulfat Peloponnesni chetlab o`tmadi. Doriy qabilalari Peloponnesga bostirib kirib, qonli janglardan so`ng Lakonikani bosib oladilar. Istilochilar Lakonikani bosib olganlaridan so`ng, doriylar Lakonikadan oqib o`tuvchi Yevfrot daryosining o`ng sohilida bir shahar barpo qilib, uni Sparta,o`zlarini esa spartaliklar deb ataydilar. Istilochilar Lakonikadan so`ng Messeniyani ham bosib oladilar.
Spartalik doriylar itoat ettirilgan aholining bir qismini ilotlarga – qulga aylantiradilar. Ilot so`zining asl ma`nosi «asir olinganlar» demakdir. Istilochi quldorlar – hukmdorlar tabaqasini tashkil etganlar. Doriylar Lakonika va Messeniyadagi unumdor yerlarni o`zaro bo`lishib olib, unda ilot-qullarni ishlatganlar. O`sha zaraonda yashagan bir kishining so`zlariga qaraganda «... ilotlar o`zlari og`ir ahvolda yashashlariga qaramay; yerdan olinadigan noz-ne`matlarning yarmini spartalik xo`jayinlarga eltib berishar edi». Spartalik zo`ravonlar ilotlarga ko`p jabr-zulm o`tkazganlar. Ular ilotlarni qo`rquvda saqlash uchun ilotlar orasidagi jasur va fidokor kishilarni tez-tez o`ldirib turganlar. Shuning uchun ilotlar doriylarga nafrat bilan qarab, ko`p marta qo`zg`olonlar ko`targanlar.