Jamiyatda quldorlar aristokratiyasi hukmron mavqega ega bo`lgan. Umuman dehqonlar (nunfu) arang kun kechirgan. Ularning ko`pchiligi yersiz ijarachilarga aylangan.
Jamiyatning eng quyi qismini qullar tashkil etgan. Ularning soni harbiy asirlar, tinch aholini bosib olish, davlat jinoyatchilari hisobiga ko`paygan. Ayniqsa xususiy qullarning soni ortgan. Qul mehnatidan xo`jalikning turli sohalarida va og`ir, iflos ishlarda keng foydalanilgan.
Davlat tuzumi
Oliy hokimiyat nasldan naslga meros bo`lib o`tadigan podsho (van) qo`lida bo`lgan.
Chjou podsholigida saroy boshqaruv tizimi mavjud bo`lgan. Davlat apparatiga oliy martabali amaldor (syan) boshchilik qilgan. G`arbiy Chjou podsholigida kohinlar va folbinlar ham muhim o`rin tutgan. Oliy kohin va buyuk folbin degan mansablar mavjud edi.
Armiya asosan urushlar vaqtida yig`iladigan xalq qo`shinlaridan va uncha katta bo`lmagan doimiy xizmatdagi otradlardan iborat edi. Xitoy qo`shinlarining asosini jangovar arava, otliq qo`shin va piyodalar tashkil etgan. Jang aravasi o`sha davrda qo`shinda eng asosiy hujum qiluvchi kuch edi. Jang aravasida haydovchi, kamonboz va nayzabardordan iborat uch kishi bo`lgan.
Van faqat poytaxt viloyatini bevosita boshqarib turgan. Mamlakatning boshqa hududlari vorislik huquqiga ega bo`lgan knazlar - chjuxoular tomonidan idora etilgan. Bu davrda beshta toifa: gun, xou, bo, szi, inan deb nomlanadigan knazlik unvonlarining bosqichma-bosqich bo`ysunishiga asoslanadigan tizimi batamom rasmiylashgan. Ma’lumotlarga qaraganda, turli knazliklarda qishloq, jamoalarining tuzilishi har xil bo`lgan. Bularning ichida eng ko`p tarqalgani quyidagicha bo`lgan: beshta oila qo`shni jamoa - linni tashkil etgan, beshta shunday jamoalar qishloq - li, to`rtta li szu "klani" (urug` jamoasi)ni, beshta szu guruhni - danni, beshta dan okrug - chjouni tashkil etgan, beshta chjou syanni tashkil etgan. Syan tepasida uning boshqaruvchisi - sin turgan. Eng quyi ma’muriy mansab qishloq jamoasi oqsoqoli bo`lgan.
Miloddan avvalgi VII-IV asrlarda Sharqiy Chjou podsholigida hukmronlikni qo`lga kiritish uchun Si, Szin, U, Chu, Yuz kabi mayda podsholiklar o`rtasida o`zaro urushlar davom etgan. Bu davr Xitoyda besh hokim davri yoki Chjango ("urushqoq podsholiklar") davri deb yuritiladi.
Miloddan avvalgi V asrda qadimgi Xitoy tarixida ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlarda keskin o`zgarishlar yuz bergan.