Qadimgi Xorazm musiqa madaniyati


Xorazm xalfachilik san’ati



Yüklə 61,89 Kb.
səhifə4/5
tarix07.01.2024
ölçüsü61,89 Kb.
#212175
1   2   3   4   5
Qadimgi Xorazm musiqa madaniyati

Xorazm xalfachilik san’ati.
O‘zbek xalq musiqa ijodi jumladan, xalfachilik san’atini musiqiy ta’lim jarayonida xalfachilik darslarida o‘rganishdan asosiy maqsad, o‘qituvchilarni an’analarga boy va badiiy yetuk, xalfachilik qo‘shiqlari namunalaridan baxramand etish. Ularni o‘rganish asosida o‘tkir did, yuqori badiiy saviya, nafis tuyg‘ularni shakllantirishdan iborat. Ayni vaqtda ko‘p asrlar davomida yashab kelgan ota-bobolarimiz, avlod-ajdodlarimiz ma’naviyatining barkamol ruhiyati sadolaridagi natijasi bo‘lgan xalfa qo‘shiqlarini yosh avldod qalbidan o‘rin toptirishdan, bu an’analarni e’zozlashni, ona yurt merosini bugungi kundagi haqqonity vorislari bo‘lishini tarbiyalaydi.
Xalfa qo‘shiqlari xalq ruhini, xalq orzu-armonlarini yorqin aks ettirib, odamlar yuragiga ta’sir etib xususan ayollar tomonidan ijro etiladigan san’at turi. Aynan xalfa qo‘shiqlari mehnatkash ommaning ozodlik va baxt uchun kurashida madadkor bo‘lib, xalqning dardi ayniqsa, ayollarning hayoti, ayollarning manfaati kuylangan, g‘oyalarni jonli gavdalantirib sodda,ravshan til bilan kuylarga solib badiiy shaklda tarannum qilgan janrdir.
O‘zbek xalqining musiqa merosida an’analar aynan shu vohada mavjud musiqa ijodini, janr turlarini o‘rganish masalalari musiqa maktablari, san’at gimnaziyasi, musiqiy kollejlar xalfachilik darslarida va oliy o‘quv yurtlarining “An’anaviy xalq qo‘shiqchiligi” faniga bo‘lgan talablardir. Har bir mahalliy uslub o‘z xususiyatlari va an’analariga ega. Faqat Xorazm mahalliy uslubiga xos bo‘lgan xalfachilik san’at turi an’analari esa uzoq davrlar mobaynida shakllangan bo‘lib, ular xalqimizning turli sharoitlardagi turmushi, mehnat mashg‘ulotlari, marosim va urf-odatlar jarayoni bilan uzviy bog‘liq holda yuzaga kelgan.
Tarixiy maknbalardan bizga ma’lumki, musiqa san’ati keng, doimiy rivojlanishda albatta, markaziy shaharlar muhim ahamiyat kasb etgan. O‘z-o‘zidan ma’lumki, fan, adabiyot, san’at va madaniyat taraqqiyotiga har tomonlama e’tibor diqqat markazida bo‘lgan. Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Xorazm ijrochilik matablari vujudga kelgan.
Keksalarning bergan ma’lumotlariga qaraganda qadimiy davrlardan Xorazmda “Qizil gul” bayrami o‘tkazilgan, bu bayramda qo‘biz chala olmaydigan, o‘yinga tushmagan qiz bo‘lmas ekan. “Qizil gul” bayrami XX asrning 20-yillarigacha bahor bayrami sifatida nishonlangan.
Uzoq davrlardan buyon Xorazmdagi to‘y, sayl, aza marosimlarida xotin-qizlar davrasida “xalfa”lar san’ati ijodi ma’lum bo‘lib kelgan.
Xorazmda savodxon, gapga chechan, ayni paytda xonandalik qobiliyatiga ega bo‘lgan zukko ayollarni “xalfa” deb yuritishadi. Ushbu atama arabcha so‘z bo‘lib, uning ma’nosi shariat aqidalarini yaxshi biluvchi, o‘qimishli kishi tarzida shakllangan.
Xalfalar faoliyatida o‘z ma’nosini aks ettiruvchi xususiyatlari ham mavjud. Chunki, diniy mavzularga oid ma’lumotlarni bilish va xonandalik qobiliyati xalfalar ijodida ma’lum darajada aloqaga ega.
Bir vaqtlar zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto”ni o‘qib ularni xotin-qizlar davrasida targ‘ib qilgan ayollarni ham “xalfa” deb yuritishgan. Biroq bu o‘qimishli ayollar faqat diniy mavzudagi kitoblarni targ‘ib qilish bilan kifoyalanmasdan, buyuk shoirlar asarlarini, shuningdek, kitobga ko‘chirilgan xalq dostonlarini ham kuyga solib o‘qishgan va xotin-qizlar dilini xushnud qilib kelganlar..
Xorazm qo‘shiqchilik san’atining ijro usullari o‘ziga xosligi bilan ajralib turgan, ya’ni turli tana harakatlari, ruhiy holat va kechinmalar ifodasi, Jozibadorlik, sho‘xchanlik ularga xos xususiyat bo‘lgan. Qo‘shiqlar turli bayramlarda, tantanalarda, marosim va tadbirlarda ijro etilgan. Eramizdan oldingi IV asrda yashagan tarixchi Geradot shunday deb yozgan: “ Araks - Amudaryo bo‘ylarida yashovchi massagetlar kechasi gulxan yoqib, o‘simlik hididan mast bo‘lishib, uning atrofida olov o‘chguncha qo‘shiq aytib, raqsga tushar edilar”. Tarixchilarning ma’lumotlariga qaraganda “Lazgi”, “Orazibon” kabi qadimiy san’at atamalari turli ma’nolarni anglatgan. Masalan, Otar – oraz – o‘t, olov posboni, olovdek tezkor, olovdek mo‘jizakor ma’nolarini anglatgan.
Xorazm elining qadimgi dunyo tarixchilari tomonidan e’tirof etilgan, musiqa qo‘shiqchilik san’ati, an’analarining shon-shuhrati zamonlar to‘foniga qaramay, saqlanib kelgan. Bu haqda buyuk qomusiy olim Muhammad Xorazmiyning asarlarida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Aytishlaricha, Xorazmiy Bag‘doddagi “Baytul-hikmat”da ishlab yurgan kezlarida oldimlar o‘rtasida san’atning shifobaxshligi xususida bahs ketgan ekan. Olimlardan biri Xorazmiyning fikrini bilish maqsadida undan – “Ustoz, sizning vataningizda insonlarni davolashda nimani afzal ko‘rishadi, dori-darmonnimi yoki jarrohliknimi?”- deb so‘ragan ekan. Shunda ustoz: “Mening Vatanimda ularning har ikkalasidan ko‘ra, musiqaning shifobaxsh kuchini ustun tutadilar,” – deb javob bergan ekan. Xorazmliklarning o‘ziga xos ajdodiy an’analaridan biri san’atsevarlikdir. Bu yerda qo‘shiq, raqs, musiqa har bir inson hayotida, faoliyatida muhim o‘rin egallagan. Abu Rayxon Beruniyning yozishicha, Muhammad Xorazmshoh musiqa va she’riyatni chuqur idrok etib, ardoqlaydigan bo‘lgan. Sozandayu qo‘shiqchilarga saboq berib turgan. Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostonining qahramonlaridan biri Dilorom Changiy mohir sozanda “Ustozlar ustozi” sifatida tasvirlangan. Hazrati Navoiy ushbu asarida Xorazmni yetti iqlimning biri sifatida tasvirlaydi. Bu esa o‘z navbatida, Xorazmning nufuzi hamda salohiyatini anglatadi.
Xorazm musiqa, raqs va qo‘shiqchilik san’atining o‘ziga xos qadimiy davrlardan meros an’analari ichida “ustoz-shogird” maktabi alohida o‘rin egallaydi. Bu an’ana hozirgi kunlargacha saqlanib kelinmoqda. “Ustoz-shogird” maktabining asosiy vazifasi san’atkorlar safini malakali, iqtidorli shogirdlar bilan to‘ldirib borishdan iborat bo‘lgan. Ustozlar azaliy qadriyatlarning suyanchi hamda tayanchi hisoblangan. Ustoz bor joyda san’at mukammal bo‘lgan. Maktab yaratgan ustoz – buyuk san’atkor sanalgan. Shogird esa ustozning aynan ko‘chirma nusxasi, unga quruq taqlid qiluvchi emas, balki ustoz o‘rgatganlaridan tashqari, o‘zi ham ijod qilishi, o‘z ustida ishlashi zarur bo‘lgan.
Xorazm an’anaviy qo‘shiqchilik maktablari orasida maqom hamda xalfalar maktabi alohida o‘rin tutadi. San’atshunos oldim O. Matyoqubov quyidagilarni yozadi: “Maqomlar Xorazmda paydo bo‘lib, Buxoroda rivoj topgan”. Bu fikr Ota Jalol, Ota G‘iyos kabi Buxoro “Shashmaqom”ining eng ko‘zga ko‘ringshan obro‘li ustozlari tomonidan ham qayd qilingan. Bundan tashqari, Farg‘ona hrfiz va sozandalari orasida mazmunan yuqoridagiga o‘xshagan “Maqomlarning tanasi – Xorazmda, shakllari – Buxoroda, mevasi – Farg‘onada”, degan fikr ham keng tarqalgan.
Xorazm san’ati yulduzlaridan biri, O‘zbekiston xalq artisti Olmaxon Hayitova o‘z esdaliklarida quyidagilarni yozadi: - “Tamarax’onim 1926-1927 hamda 1934-1935 yillarda Xorazm teatrida Sheroziy, Matpano Xudoyberganov, Mutrib Xonaxarobiy, Komil Devoniy va vohaning boshqa taniqli san’atkorlari bilan birga faoliyat ko‘rsatgan, ko‘plab qo‘shiqlar kuylagan ekanlar. Uning singlisi, O‘zbekiston xalq artisti Gavharxonim Raximovaning ham Xorazm san’atiga mehri baland edi. Mashhur ikki opa singil tarbiyasini olgan ko‘pgina xorazmlik san’atkorlar nafaqat Respublikamizda, undan tashqari hududlarda ham nihoyatda dovrug‘dor bo‘lib ketishgan. Ayni paytda Tamaraxonim ham, Gavharxonim ham, Halima Nosirova-yu Saodat Qobulova ham, Muxtor Ashrafiy-yu Mo‘tal Burxonov ham menga ustozlik qilgan, yana qanchadan-qancha buyuklar ham o‘zlaridan nihoyatda yorqin izlar qoldirishib, foniy dunyoni allaqachon tark etishgan. Men boshqa juda ko‘p san’atkorlar bilan ham davrdosh va asrdosh bo‘lib yashadim. Ular orasida O‘zbekiston xalq artistlari Hojixon boltaev, Madrahim Yoqubov, Komiljon Otaniyozov, Otajon Xudoyshukurov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arboblari, benazir san’atkorlar Matniyoz Yusupov, Sulton Hayitboev, Sharif Ramazonov, Raxmon Olloberganov, Xizmat ko‘rsatgan artistlar Nazira Yusupova, Bekjon Otajonov, Nurmamat Boltaev, Sharif Sultonov, Qutlimurod Hojiev, Abdusharif Otajonov, maqomlarimizning usta ijrochilari O‘rinboy Otajonov, Iskandar Pirmatov, Sotim Avazovlar mavjuddir”.
Xorazm dostonchiligida uning bir tarmog‘i bo‘lib shakllangan “xalfa”lar san’ati ham ahamiyatlidir. “Xalfa”chilik – asosan ayollar orasida joriy bo‘lib kelayotgan san’at bo‘lib, unda ko‘proq dostonlardan olingan parcha va termalar, shuningdek turli vaziyatlarda kuylash uchun ijod etilgan – to‘y-marosim qo‘shiqlari, lapar va boshqalar, qo‘shiq-aytimlar kuylanadi. Xorazm xalfalari Buxoro-Samarqand sozandalari singari asosan xotin-qizlar ishtiroki bilan bog‘liq turli yig‘in, marosim va bayramlarda qatnashadilar. Bunda xalfalar ijodi ikki shaklda – yakka va jamoaviy-ansambl tarzida namoyon bo‘ladi.
Yakka yoki yakkaxon xalfalar, odatda, doston qo‘shiqlaridan tortib, to to‘yu-hashamlar qo‘shiqlari masalan, “Yor-yor”, “kelin salom”, “Al muborak”larni jo‘rnavoz cholg‘usiz aytadilar. Shu bilan birga, yakkaxon xalfalar motam marosimlarida ham ishtirok etib, unda “Ibrohim Adham”, “Bobo Ravshan” kabi xalq kitoblarini ma’lum ohanglar asosida o‘qiydilar. Yakkaxon xalfalar qatorida Roziya Matniyoz qizi, Poshsho Saidmamat qizi, Saodat Xudoyberganova va boshqalarni aytish mumkin.
Tarixiy manbalarda yozilishicha Afrigiylar davri VI-VIII asrlarda ko’p elatli turk xalqlarining o’g’iz qabilalari Markaziy Osiyo tekisligi, Sirdaryoning quyi oqimi va Orol bo’ylarida yashaganlar. Keyinchalik o’g’iz tillari tarqalgan bo’lib, shu bilan birgalikda musiqa madaniyatining turlari, shuningdek xalfa janri ham rivojlanadi. Xorazmda soz (garmon) tor, santur, bulamon, zang, daf, qayroq, cholg’ulari hamda ularni nomlanishi, shu bilan birgalikda ”Lazgi”, “Sadri gusfand”, “Orazi bom”, “Ganji Qorabog’”, “Norim-norim” kabi Xorazmda xozirgacha saqlanib kelayotgan kuy, raqs va qo’shiqlar nomlari kelib chiqishining tub sabablaridan biri Eroniy va Sosoniy sulolasi xalqlarining tarixan uzun madaniy yaqin aloqalari mavjud bo’lganligini ifodasidir.
Keyingi davrda Xorazm madaniyati va san’atining eng yuksak rivojlanish davri bo’ldi, Al Xorazmiy, Al Beruniy, qomusiy olimlar Al Farobiy, Al Roziy, Ibn Sino, Az Zamaxshariy, matematika ilmiga asos solgan Abu Abdullox Muhammad Xorazmiy IX-XIII asrlarda yashab ijod qilganlar va Xorazm san’ati, to’y va marosimlari haqida turli musiqiy janrlar, maqomlar, cholg’uchilar va cholg’u asboblar turlari, ularning nomlari, ashulachilar haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirganlar.
Buyuk ipak yo’li orqali Buxoro, Eron, Turkiya, Hindiston, Astraxan, Rusiya O’rta Osiyo jumladan Xorazm bilan o’zaro aloqalar rivojlandi. Savdo–sotiq, tijorat ishlarini rivojlantirish bilan birgalikda madanyat taraqqiy ettirish borasida xarakatlar bo’ldi. Abdulg’oziy Bahodirxondan keyingi barcha xonlar musiqaga ihlos va ishtiyoq bilan qarashganlar Abdullaxon(1854) g’ijjak va tanburda Sayid Muhammadxon davrida soz va suhbat kechalari uyushtirib o’zi ham dutor va g’ijjakni o’rganib chalgan.
Muhammad Rahimxon soniy Feruz Xorazm adabiyot va san’atini yanada yuqori pog’anaga ko’tardi, uning rahnamoligida mashhur sozanda va go’yandalar etishib chiqdi. Sayil, bayram va tantanalarda Feruzxon ashulachi, sozanda, baxshi, masxarabozlar ko’rikini o’tkazib rag’batlantirgan. Bayramlarda adabiyot va san’atning barcha turlari namoyish qilingan va shu tariqa rivojlangan. Xorazm vohasida ayniqsa Xivada xalfachilik san’ati keng rivoj topgan.
Xotin-qiz xalfalarning bir turi piyola va likobchalarni bir biriga urib undan chiqqan ovozga jo’r bo’lib kuylaganlar shu bilan birgalikda xonanda va sozandalardan iborat xalfalar garmon va doira jo’rligida xalq qo’shiqlari, laparlar, yor yorlar, allalar, dostonlardan parchalar ijro qilganlar. XIX asr oxiri XX asr boshlarida xususan 1895 yildan boshlab garmon cholg’usini xalfalar san’atiga qo’shilishi bilan ularning ijodi yanada yuqori pog’anaga ko’tarildi.
Garmon cholg’u asbobining birinchi ixtirochisi germaniyalik Fridrix Bushman hisoblanadi. 1828 yilda u garmon asbobini ixtiro qiladi, lekin unga cholg’u asbob sifatida qaramaydi Bushman yasagan bu o’yinchoq musiqa asbobi 1929 yilda Kirill Demian qo’liga tushadi va u garmonni takomillashtiradi. 1830 yilda Ivan Sizov tomonidan qayta takomillashtirilib Tula garmoni nomi bilan keng tarqaladi. Natijada Rossiyaning barcha shaharlari shuningdek Qozon, Ozarbayjon va boshqa joylarga tarqalib ketadi Xorazmga garmon cholg’u asbobi savdogarlar orqali kirib kelgan.
Garmonni avval sozchi san’atkorlar ijroda qo’llashgan, keyinchalik garmon xalfalar ijodida etakchi o’rin egalladi. 1936 yilda Xivada garmonchi qizlar ansambli tuzildi uni tuzishda O’zbekiston xalq artisti Gavharxonim Rahimova Toshkentdan kelib tashabbus ko’rsatdi. Unda Onajon Sabirova (Anash xalfa) va Madraxim Sheroziylar hamkorlik qiladilar. Xalfachi qizlar ansambli 1939 yilda Toshkent va respublikamiz bo’ylab gastrol safarda bo’ladi Bu ansamblda Onajon Sabirova (Anash xalfa) Saraxon Ollaberganova, Roviya Otajanova, Reyma Xakimova, O’g’iljon Masharipova, Poshshaxon Matchanova kabi iste’dodli xalfalar xizmati katta. Bundan 50 yil keyin Gavharxonim Rahimova tashabbusi bilan Xivaga kelib Ozod Zaripov rahbarligidagi Xiva shahar musiqa maktabida garmonchi qizlar ansambli tashkil qilindi.
Xalfa san’atining o’ziga xos qirralari zamon talablariga muvofiq shakllangan va rivojlangan. Xorazm vohasida ilgaridan beri davom etib kelayotgan an’anaga muvofiq xalfalar ijod qilganlar. Ular ustoz shogird uslubida o’z ijodlarini biladigan qo’shiq va dostonlarni shogirdlariga o’rgatganlar.



Yüklə 61,89 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin