21-bob. Gaz bilan payvandlash va gazli kesish ishlariga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 253. Gaz payvandlash ishlarini olib borish uchun ko‘chma atsetilen generatorlarini ochiq maydonlarda o‘rnatish lozim. Ularni faqat havo almashish imkoniga ega joylarda vaqtinchalik ishlatish mumkin.
254. Atsetilen generatorlarini payvandlash ishlari olib boriladigan joydan, ochiq alanga va qizib ketgan buyumlardan, kompressor va ventilyatorlar havo tortadigan joylardan kamida 10 m bo‘lgan masofada to‘sib qo‘yilgan holda joylashtirish lozim.
Atsetilen generatori o‘rnatilganda “Begonalarga kirish taqiqlanadi”, “Yong‘in xavfi mavjud”, “Chekilmasin”, “Olov bilan yaqinlashmang” kabi eslatmalar ilinadi.
255. Payvandlash uskunalari yordami gaz tarmoqlarini ta’mirlashga faqat Gaz xo‘jaligida xavfsizlik qoidalariga muvofiq binolar va tashqi qurilmalar hududida joylashgan ishlatiladigan tabiiy gaz quvurlari uchun ruxsat etiladi.
256. Avariya yuz bergan joyda gazlanishni nazorat qilish gaz analizatorlari yordamida amalga oshirilishi kerak. Gaz quvurlaridan gaz chiqishi joylari sovun emulsiyasi yordamida aniqlanadi. Ushbu maqsadlar uchun ochiq olov manbalaridan foydalanish, shuningdek, bir vaqtning o‘zida gaz tamoqlarining deformatsiyalangan joyida payvandlash, izolatsiyalash va transheyani tozalash taqiqlanadi.
257. Ishlar tugagandan so‘ng ko‘chma generatordagi kalsiy karbidi oxirigacha ishlatilishi lozim. Generatorlardan chiqarib tashlanadigan ohakli loy buning uchun moslashtirilgan idishga to‘kilishi va maxsus bunkerga yoki loyli chuqurga tashlanishi talab etiladi.
258. Ochiq loyli chuqurlar panjaralar bilan to‘sib qo‘yilishi, yopiqlari esa — yonmaydigan tom bostirmasiga ega bo‘lishi hamda oqimli shamollatish va loyni chiqarib tashlash uchun tegishli tuynuklar bilan jihozlanishi zarur.
259. Ohakli loy saqlanadigan joylardan kamida 10 m radiusdagi masofada ochiq alanga manbalaridan foydalanish taqiqlanadi va bu haqida tegishli ogohlantiruvchi belgilar ilib qo‘yilishi lozim.
260. Gaz ballonlarni saqlash va tashish faqat ularning bo‘yinlariga xavfsizlik qolpoqlari o‘rnatilgan holda amalga oshiriladi. Ballonlarni tashishda silkinishlar va zarbalarga ruxsat etilmaydi.
Ballonlar payvandlash joyiga maxsus aravalarda va zambillarda yetkazib beriladi. Ballonlarni yelkalarda va qo‘llarda tashish taqiqlanadi.
261. Gaz solingan ballonlarni saqlash, tashish va ulardan foydalanishda ular quyosh nurlari va boshqa issiqlik manbalari ta’siridan himoyalangan bo‘lishi lozim.
262. Xonalarda o‘rnatiladigan gaz ballonlari isitish radiatorlari va boshqa isitish asbob-uskunalardan kamida 1 m masofada, ochiq olovli issiqlik manbalaridan esa — kamida 5 m masofada bo‘lishi lozim.
263. Aylanma rampa (guruhli) qurilmalardan goryelkalargacha bo‘lgan masofa (gorizontal bo‘yicha) 10 m va yonuvchan gazlar va kislorodli ballonlardan kamida 5 m dan kam bo‘lgan masofada saqlanish kerak.
264. Bir xonada kislorod va gaz bilan to‘ldirilgan ballonlarni hamda kalsiy karbidini, bo‘yoqlar, moylar va yog‘larni saqlash taqiqlanadi.
265. Payvandlash ustaxonasida 10 tadan kam payvandlash postlari bo‘lganda har bir post uchun bittadan kislorod yoki gaz to‘ldirilgan zaxira ballonlar saqlanishi mumkin. Zaxira ballonlar maxsus po‘lat shitlar bilan to‘sib qo‘yilishi yoki payvandlash ustaxonasiga qo‘shimcha qurilgan maxsus yordamchi joylarda saqlanishi lozim. Payvandlash ustaxonasida 10 tadan ortiq payvandlash postlari bo‘lganda markazlashtirilgan gaz ta’minoti bo‘lishi zarur.
266. Kislorod va yonuvchi gazlar bilan to‘ldirilgan hamda ulardan bo‘shagan ballonlarga bir xil xavfsizlik choralari ko‘rilishi kerak.
267. Kalsiy karbidi solingan barabanlarni saqlash va ochish joylarida chekish, ochiq alangadan foydalanish va zarbada uchqun hosil qilishi mumkin bo‘lgan asboblardan foydalanish taqiqlanadi.
268. Kalsiy karbidi solingan barabanlarni jezli zubilo va bolg‘a yordamida ochish lozim. Kavsharlangan barabanlar maxsus pichoq bilan ochiladi. Baraban qopqog‘idagi kesib ochiladigan joyga dastlab solidolning qalin qatlami surtiladi.
269. Ochilgan kalsiy karbidli barabanlarning suv o‘tkazmaydigan va barabanni zich qoplab oladigan, chetlari bukilgan qopqoqlar bilan himoyasi ta’minlanishi hamda qopqoq bortining balandligi kamida 50 mm ga teng bo‘lishi lozim.
270. Gaz payvandlash va gaz bilan kesish ishlarini bajarishda quyidagilar taqiqlanadi:
a) muzlab qolgan atsetilen generatorlari, quvurlar, ventillar, reduktorlar va payvandlash qurilmalarining boshqa detallarini ochiq alanga yoki qizdirilgan buyumlar yordamida isitish hamda urganda uchqun hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan asboblardan foydalanish;
b) kislorod ballonlarini, reduktorlar va boshqa uskunalarning turli moy va moylanib ketgan kiyimlar va artish materiallariga tegib ketishiga yo‘l qo‘yish;
v) kislorod va yonuvchi gaz bilan to‘ldirilgan ballonlar, atsetilen generatorlari va ohak-loy chuqurlaridan 10 m dan kam bo‘lgan masofada ochiq alangadan foydalanish;
g) bir suv zatvoridan ikki payvandchi tomonidan foydalanish, granulatsiyasi belgilangandan yirikroq bo‘lgan kalsiy karbidini ortish yoki uni apparatning voronkasiga temirli xipchin yoki sim bilan itarib solish, karbid kukunidan foydalanish;
d) kalsiy karbidini ho‘l ortish korzinalariga solish yoki gaz to‘plagichda suv mavjud bo‘lganda generatorlar “suv-karbid ustidan” rejimida ishlashda korzina hajmining yarimidan ortig‘ini karbid bilan to‘ldirish;
e) yonuvchi gazlar uchun mo‘ljallangan shlangni kislorod oqimi bilan tozalash, kislorod uchun mo‘ljallangan shlangni yonuvchi gaz oqimi bilan tozalash hamda ushbu shlanglarni almashtirib ishlatish, uzunligi 30 m dan ko‘p bo‘lmagan shlanglardan foydalanish. Gaz payvandlash ishlarini bajarishda uzunligi 40 m gacha bo‘lgan shlanglardan foydalanish mumkin. Uzunligi 40 m dan ortiq bo‘lgan shlanglardan foydalanishga alohida holatlarda ishlarni boshqarish va xavfsizlik bo‘yicha muhandisning ruxsati bilan amalga oshirishga ruxsat beriladi;
j) gaz yetkazib beruvchi shlanglarni burab tashlash, buklash yoki siqib qo‘yish;
z) gaz to‘plagichda atsetilen mavjud bo‘lganda generatorni ko‘chirish;
i) generatordagi gaz bosimini ataylab yoki bir harakatda solinadigan kalsiy karbidining miqdorini oshirish yo‘li bilan atsetilen generatorining ishini jadallashtirish.
271. Kalsiy karbidi solingan barabanlarni ochish uchun misdan yasalgan asboblardan foydalanish hamda atsetilen apparaturasi bilan payvandlash va atsetilen bilan tutashib ketish ehtimoli bo‘lgan boshqa joylarda misdan kavsharlash uchun foydalanish taqiqlanadi.