2-§. Yarmarkalar, bozorlar va ko‘rgazmalarga qo‘yiladigan yong‘in xavfsizligi talablari 375. Ochiq maydonlarda yoki binolarda (inshootlarda) belgilangan tartibda tashkil etilgan kiyim bozorlarida tashkilot rahbari quyidagi yong‘in xavfsizligi talablari bajarilishini ta’minlaydi:
a) evakuatsiya yo‘llariga olib boruvchi yo‘laklar va o‘tish joylaridagi savdo rastalarning o‘tish qatorlarining kengligi 2 m dan kam bo‘lmasligini;
b) savdo qatorlarining har 30 m dan so‘ng kengligi kamida 1,4 m bo‘lgan ko‘ndalang yo‘laklar bo‘lishini.
376. Yarmarkalar va bozorlarda yong‘in sodir bo‘lganda odamlarni va moddiy boyliklarni evakuatsiya qilish, binolarni va hududni tark etish rejalari (sxemasi) hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning majburiyatlari ishlab chiqilishi lozim.
Yong‘in sodir bo‘lganda fuqarolarga xabar berish va ularni evakuatsiya qilish bo‘yicha tovushli xabar berish moslamalarini yoqish va ishlatish tartibi hamda xabar berish matni yarmarka va bozorlar rahbariyati tomonidan ishlab chiqiladi.
377. Yarmarka va bozorlar hududiga yong‘in-qutqaruv avtomobillari kirib-chiqishi uchun kengligi 5 m dan kam bo‘lmagan darvoza bo‘lishi kerak. Agar ushbu obyektlar hududi bir gektardan oshiq bo‘lsa, hudud relyefiga qarab bir nechta kirish joylari tashkil etilishi mumkin, lekin ularning soni kamida ikkita bo‘lishi lozim. Yarmarka va bozorlarning ish vaqtida ularning hududlariga kirish darvozalari va ularga borish yo‘llari doimo ochiq bo‘lishi lozim.
378. Yarmarka va bozorlarda savdo rastalari, binolar, inshootlar, omborlar, yong‘inga qarshi suv manbalarining joylashuvi, ularga yong‘in-qutqaruv avtomobillarini olib boruvchi yo‘llar, yong‘inni o‘chirishning birlamchi vositalari o‘rnatilgan joylar, shuningdek, xaridorlarning yurish va o‘tish yo‘laklari ko‘rsatilgan sxemalar ishlab chiqilgan bo‘lishi kerak.
379. Yarmarka va bozorlarning maxsus ajratilgan hududlarida har bir g‘uruhda 10 tadan avtomobillar va ularning tirkamalari hamda 20 tadan savdo palatkalarini o‘rnatishga ruxsat beriladi. Bunda ularning umumiy maydoni 160 m2 dan oshmasligi kerak.
380. Transport vositalari ko‘rgazmalari o‘tkaziladigan binolarda (inshootlarda) va ochiq maydonlarda quyidagilarga yo‘l qo‘yilmaydi:
a) transport vositalarini joylashtirish tartibini buzish;
b) transport vositalari orasidagi masofani, shuningdek, ulardan binolargacha (inshootlargacha) belgilangan masofani qisqartirish;
v) chiqish darvozalarini to‘sib quyish;
g) binolarda transport vositalariga yonilg‘i va moylarni quyish hamda ularni to‘kib olish;
d) transport vositalarini yonilg‘i baklarining qopqoqlarini (og‘zini) ochiq holda saqlash;
e) binoda (inshootda) bo‘lgan transport vositalarining akkumulyatorlarini ularning o‘zida (echib olmasdan) zaryadlash;
yo) transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish.