Jahon hamjamiyati va O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi Ma’lumki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 47-sessiyasi doirasida 2021 yil 5 iyul kuni “Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar va bolalarning reabilitatsiyasi hamda reintegratsiyasi” mavzuida tashkil etilgan onlayn-tadbirda O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Mazkur seminarda Suriyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan “Al-Hol” va “Roj” lagerlarida qariyb 70 ming inson – 57 davlat fuqarolari hisoblanuvchi asosan ayollar va bolalar og‘ir ahvolda saqlanayotgani tashvish bilan qayd etildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2019 yildan buyon O‘zbekiston Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha beshta «Mehr» operatsiyasini o‘tkazdi. Mojaroli hududlardan mamlakatga jami 531 nafar kishi olib kelindi. Jahon hamjamiyati O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini mojaro zonalaridan, shu jumladan Iroq va Suriyadan vataniga qaytarish va reintegratsiyasi bo‘yicha harakatlarini olqishladi. Bunday sa’y-harakatlarda O‘zbekiston kabi faollik ko‘rsatgan mamlakatlar kam ekani e’tirof etildi.
Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu sa’y-harakatlar bolalarni jabrlanuvchilar sifatida tan olishga hamda bolalar va ayollar uchun gender masalalari inobatga olingan hamjamiyatlar darajasidagi reintegratsiya dasturlari yordamida ularning shaxsiy manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.
Yanada muhimi, kuchli texnik yordam ko‘rsatish va inson salohiyatini kuchaytirish orqali amalga oshirilgan ushbu sa’y-harakatlar inson huquqlarini amalga oshirish, demokratiyani rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Vataniga qaytib kelgan bolalar, ayollar va oilalarning jamiyatga qaytadan integratsiyalashuvi, bir tomondan, ularning ijtimoiy jihatdan yakkalanib qolishiga barham bersa, ikkinchi tomondan, jamiyatda kambag‘allikni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi.
BMT Maxsus ma’ruzachisi F.Ni Aolayn terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangi yondashuvlarni alohida qayd etdi. Binobarin, O‘zbekiston xalqaro maydonda terrorizmga qarshi kurashda faol ishtirok etmoqda. Xalqaro aksilterror koalitsiyalar faoliyatini izchil qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, mamlakatimiz BMT Aksilterror qo‘mitasi va MDH Aksilterror markazi faoliyatida qatnashib keladi.
Xulosa qilib aytganda, Toshkent xalqaro konferensiyasida BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining noyob tajribasi taqdim etiladi.
Shuningdek, anjumanda terrorizmga qarshi kurash borasidagi xalqaro va mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirishda BMTning rolini kengaytirish va davlatlar salohiyatini mustahkamlash, ushbu murakkab jarayonlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash istiqbollari keng muhokama qilinishi kutilmoqda.