2-reja bayoni. Markaziy Osiyo mintaqasida faoliyati kuzutilgan diniy ekstremistik harakatlarning maqsadlari. Markaziy Osiyo mintaqasida diniy mutaassib oqimlar faoliyati XX asrning 80- yillari boshlarida xorijiy ekstremistik markazlar sa'y-harakatlari bilan shakllana boshladi. Mintaqada xorijdan kelayotgan moliyaviy yordam hisobiga jangari sifatida foydalaniladigan guruhlar paydo bo‘ldi. Markaziy Osiyo respublikalari mustaqillikga erishgan 1990-yillarning boshlarida esa, bu guruhlar faollashib ketdi. Shuning natijasida, mintaqada diniy ekstremizm asosan firqabozlikka asoslangan yangi guruhlarning paydo bo‘lishi, norasmiy yo‘l bilan diniy saboq berish, noqonuniy tarzda diniy mahsulotlar tayyorlash, olib kirish, tarqatish, missionerlik va prozelitizmning avj olishi kabi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ldi.
Ekstremizm va terrorizmning jamiyat barqarorligi rivojiga ko‘rsatgan salbiy ta'siri Markaziy Osiyo mintaqasida faoliyati kuzatilgan birqancha mutaassib harakatlarning maqsadi tahlil qilinganida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Mintaqada asosan “Hizbut-tahrir”, “Turkiston islom harakati”, “Akromiylar”, “Nurchilar” kabi guruhlarning faoliyati kuzatildi.
Darhaqiqat hozirgi kunga kelib diniy ekstremistik tashkilotlar keng tarmoqli tizimga aylanib ulgurdi. Bu chuqur o‘ylangan strategiyaning bir qismidir. Avvalo, barcha ekstremistik tashkilotlar bir tadqiqot markazlari, ta’bir joiz bo‘lsa “g‘oyaviy laboratoriya”lar mahsuli ekanini alohida qayd etishimiz lozim. SHu o‘rinda, Markaziy Osiyoda faoliyati kuzatilgan diniy ekstremistik oqimlarni bajaradigan funksiyalariga ko‘ra shartli ravishda 3 guruhga bo‘lishimiz mumkin.
Birinchi guruhga kiruvchi tashkilotlarning asosiy “vazifa”si bu odamlarni go‘yoki “islomlashtirish”, “taqvoga chaqirish”dan iborat. Bunday guruhlar qatoriga “Tablig‘chilar” diniy ekstremistik tashkilotini kiritish mumkin.
Ikkinchi guruh tashkilotlar esa “islomiylashtirilgan” aholiga endi mutaassiblik g‘oyalarini singdirish, ulardan muayyan g‘oyaga, rahnamoga og‘ishmay, so‘zsiz ergashadigan “kadr”larni tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Bunday guruhlar qatoriga O‘zbekistonda faoliyati kuzatilgan “Nurchilar”, “Hizbut-tahrir” kabi diniy ekstremistik tashkilotlarni kiritish mumkin.
Uchinchi guruh harakatlar esa yuqordagi tashkilotlar tomonidan tayyorlangan kishilarni “jihod”ni amalga oshirishga tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Bu guruhga barcha terrorchi tashkilotlar kiradi.
Yuqoridagi mulohaza va dalillar, diniy ekstremizm va mutaassiblikning asl qiyofasini ochib berib, mazkur harakatlarning nafaqat dunyoviy qonun-qoidalar, balki Islom dini asoslariga ham zid ekanini ko‘rsatadi. Shunday ekan, bunday oqimlarga qarshi murosasiz kurash, terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotgan mutaassib kuchlarning islom diniga mutlaqo yot, begona ekanini har tomonlama asoslash dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, mutaassiblik ko‘rinishdagi bunday oqimlar jamiyat xavfsizligiga, milliy ma’naviyatimizga real tahdid sifatida namoyon bo‘lmoqda. SHunday ekan, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, ravnaqi va farovonligi doimiy va qat’iy harakatlarni talab etadi. Demak, bu yo‘lda har bir inson o‘z ishini sidqidildan amalga oshirishi, loqaydlik, beparvolikning oldini olishi, yon-atrofida bo‘layotgan voqea-hodisalarga hushyorlik bilan qarab, Vatan tinchligi yo‘lida sergak va ogoh bo‘lib yashashi yoshlarimizning ongu qalbini jaholatdan, yot va zararli g‘oyalar ta’siridan himoya qilishi, ajdodlarimizga armon bo‘lib qolgan, biz erishgan mustaqillik va tinchlik-osoyishtalikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashi muhim omil hisoblanadi. Buni hech qachon unutmasligimiz, tinchlik uchun doimo o‘zimizning bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etib yashashimiz lozim.