ISHID. Iroq va Suriyaning bir qancha hududlarida qonli to‘qnashuvlarni amalga oshirayotgan, hozirgi kunda o‘zlarini “Islom dinining himoyachilari” deb atayotgan “Islom davlati” terroristik tashkilot.
Xo‘sh, bu qanday toifa-ki, hech qanday o‘zining tarixiga ega bo‘lmay turib, shosha-pisha bir katta davlatga asos solsa? So‘ng, o‘z guruhlariga qo‘shilmaganlar yoki tan olmaganlarni shafqatsizlarcha jazolasa? Ularning iddaolarini ko‘rib, bilib turgan musulmon olami va jahon hamjamiyati qanday kayfiyatda?
Yuqoridagi savollarga javob topish uchun, eng avvalo, mazkur tashkilotning paydo bo‘lish tarixiga nazar tashlasak.
Tashkilot nomi. Hozirda Islom davlati – (qisqacha ID, avval, Iroq Islom davlati”, “Iroq va Shom Islom davlati” deb nomlamoqda) salafiy-jihodiy yo‘nalishidagi terroristik qurolli guruh. Iroq va Suriya hududida tarqalgan. Guruh yetakchisi – Abu Bakr Bag‘dodiy.
Tashkilotning asoschisi. Guruh 2006 yil 15 oktyabrda bir guruh qurolli jamoalarning yig‘ilishi natijasida yuzaga kelgan. Guruhga Abu Umar ismli shaxs yetakchi etib saylangan. Bir qancha qo‘poruvchilik harakatlarini o‘z bo‘yniga olgan.
2010 yil 19 aprelda Abu Umar Bag‘dodiy o‘ldirilgandan so‘ng guruhga Abu Bakr Bag‘dodiy yetakchi bo‘ladi. Manbalarda kelishicha, Abu Bakr Bag‘dodiyning ikki nafar asosiy yordamchisi bor. Bular: Abu Ali Anboriy; u harakatning Suriyadagi harbiy harakatlarini boshqaradi. U Saddam Husayn armiyasida sobiq generaldir. Ikkinchisi, Abu Muslim Turkmoniy; u Iroq armiyasida yetakchi razvedka mutaxassisi bo‘lgan.
Tashkilotning asosiy g‘oyalari. Tashkilot xalifalikni qaytarish va shariatni tatbiq qilishni maqsad qiladi.
Moliyaviy manbalari: Tashkilot Iroqning Mosul va boshqa mintaqalarini egallagandan so‘ng dunyodagi eng boy terroristik tashkilotlardan biriga aylangan. Rasmiy bayonotlarda aytilishicha, Mosul shahridagi Markaziy bankidan 500 milliard Iroq dinorini qo‘lga kiritgan. Harakatga tegishli ommaviy axborot vositalari: Harakatning “Dobiq” nomli jurnali bor.