Suv resurslaridan foydalanishdagi muammolarni bartaraf etish. Suv resurslaridan foydalanishdagi muammolarni bartaraf etish uchun ko’pchilik olimlarning fikricha, quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutish lozim:
1. Shaharlarning oqava suvlaridan dehqonchilik, asosan, yemxashak yetishtiriladigan dalalarini sug’orishda foydalanish mumkin, albatta, gigiena nuqtai nazaridan, bunday dalalarda to’g’ridan-to’g’ri ist‘emol qilinadigan ekinlar ekilmaydi. Eng muhimi bu suvlar tuproq tarkibiga ziyon yetkazmaydi. Bunday tajribalar Rossiyada va boshqa chet ellarda o’tkazilgan hamda ijobiy natijalar olingan;
2. Sanoat korxonalarini aylanma suv ta‘minotiga o’tkazish zarur. Bunda korxona suvni o’ziga kerakli darajada tozalaydi va undan qayta foydalanadi. Shu maqsadda korxona talab darajasidagi suvni bir yo’la oladi, mahsulot ishlab chiqarishda butunlay sarf bo’lgan qismi (umumiy suv miqdoriga nisbatan 10-15 foiz) esa suv manbaidan doimiy ravishda to’ldirib boriladi. Bu tizimning qulay tomoni shuki, birinchidan, oqava suvlarning daryolarga oqizilishiga chek qo’yiladi, ikkinchidan, korxona o’zi ifloslantirgan suvni tozalashga majbur bo’ladi. Bunda korxonaning o’zi ortiqcha ifloslanishni oldini olishga harakat qiladi, natijada suvni tejash uchun rag’batlantiruvchi iqtisodiy omil vujudga keladi;
3. Ayrim ximiyaviy korxonalarning ifloslangan suvlarini, agar ularni tozalab qayta ishlatish imkoni bo’lmasa, alohida havzalarga yig’ib, tabiiy yoki sun‘iy holda bug’latib yuborish kerak;
4. Shaharlarda suv ta‘minoti tarmoqlarini ikki yo’nalishda, birinchisini ichimlik, maishiy va oziqovqat sanoati uchun, ikkinchisini esa sanoatning boshqa tarmoqlari uchun tashkil etish zarur. Bu tartib toza suvni tejash imkonini beradi;
5. Shaharlardagi yirik sanoat korxonalarida (asosan ximiya, metallurgiya) iloji boricha suvdan foydalanish me‘yorini kamaytirish uchun kurashish kerak. Bu toza suvning miqdorini va shu bilan birga sifatini saqlash choralaridan biridir;
6. Daryolarda kam suvli davrda ularning suvini bir muncha ko’paytirishga erishish lozim. Buning uchun mavjud suv omborlaridan tadbirkorlik bilan foydalanish va agromelioratsiya usullarini qo’llash talab etiladi;
7. Ekin maydonlarini sug’orish natijasida hosil bo’lgan qaytarma suvlardan unumli foydalanish lozim. Ularning tabiiy botiqlarga oqizilishiga va behuda sarflanishiga iloji boricha yo’l qo’ymaslik kerak.
O’lkamiz sharoitida foydalaniladigan suv resurslarining asosiy qismi (90 foizdan ortig’i) irrigatsiya maqsadlarida ishlatiladi. Uning qolgan qismidan esa sanoatda hamda maishiy va kommunal maqsadlarda foydalaniladi. Ma‘lumki, yuqoridagi har uch yo’nalish ham yildanyilga ko’proq suv talab qilmoqda va shu sababli o’lkamizda suv muammosi tobora tig’iz bo’lib qolmoqda. Ana shunday sharoitda suvdan tejab-tergab foydalanish, uning samarasiz yo’qotilishiga yo’l qo’ymaslik, qaytarma va oqava suvlardan unumli foydalanish, eng muhimi suv manbalarini ifloslanishdan va ortiqcha minerallashuvdan saqlash asosiy vazifa bo’lib qoldi.
Dostları ilə paylaş: |