KIRISH Ushbu o‘quv dasturi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020–yil 6–noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim–tarbiya va ilm–fan sohalarini rivojlantirish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6108 va “Ta’lim–tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora–tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ – 4884–son hamda 2021–yil 25–yanvardagi “Xalq ta’limi sohasidagi ilmiy–tadqiqot faoliyatini qo‘llab quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4963–son Qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida, shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy–huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li bilan xalq ta’limi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar mazmunidan kelib chiqqan holda tuzilgan bo‘lib, zamonaviy talablar asosida xalq ta’limi muassasalari pedagog kadrlari malakasini oshirish jarayonlarining mazmunini takomillashtirish hamda ularning kasbiy kompetentligini muntazam oshirishni nazarda tutadi.
Dastur mazmuni O‘zbekiston Respublikasining ta’lim sohasidagi Davlat siyosati, mas’uliyat va moslashuvchanlik, axborot kommunikatsiya texnologiyalari va media savodxonlik, kommunikativ ko‘nikmalarni rivojlantirish, inklyuziv ta’limni joriy etish masalalari, o‘zini–o‘zi rivojlantirish, uzluksiz kasbiy rivojlanishlarni o‘z ichiga olib, ular bo‘yicha tegishli yangi bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan.
O‘quv modullarining mazkur dastur doirasida taqdim etilayotgan mazmuni umumiy o‘rta ta’lim va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagog kadrlarining malakasini oshirish mazmuni, sifati va ularning tayyorgarligiga qo‘yiladigan umumiy malaka talablari asosida shakllantirilgan bo‘lib, pedagoglarning o‘z kasbiy faoliyatiga doir zamonaviy bilim va innovatsiyalar, ilg‘or xorijiy tajribalardan samarali foydalanish hamda axborot–kommunikatsiya texnologiyalarini o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish darajasini oshirish hisobiga ularning uzluksiz kasbiy rivojlanishini nazarda tutadi.
Uzluksiz kasbiy rivojlantirish kursining namunaviy o‘quv dasturi quyidagi modullardan iborat:
Pedagogning kommunikativ ko‘nikmalarini rivojlantirish
AKT va media savodxonlik
O‘zini–o‘zi rivojlantirish va uzluksiz kasbiy rivojlanish masalalari
Pedagog mas’uliyati va moslashuvchanligi
Inklyuziv ta’limni joriy etish masalalari
Fandagi yangiliklar, fanni o‘qitishning dolzarb masalari.