Qishlоq хo`jаligi ishlаb chiqаrish rejalashtirish


Qishloq xo’jaligida mehnat unumdorligini oshirish yo’llari



Yüklə 95 Kb.
səhifə2/4
tarix06.06.2023
ölçüsü95 Kb.
#126071
1   2   3   4
QISHLОQ ХO`JАLIGI ISHLАB CHIQАRISH REJALASHTIRISH.

3. Qishloq xo’jaligida mehnat unumdorligini oshirish yo’llari.
Qishloq hududlarida mavjud bo’lgan mehnat resurslaridan to’liq va samarali foydalanish, ularning mehnatlari unumdorligini yuksaltirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan himoyalash eng dolzarb vazifa hisoblanadi. Bu vazifani muvaffaqiyatli hal etilsh uchun quyidagilarga e’tibor berish lozim:

  • qishloq hududlarida mavjud bo’lgan mehnat resurslarining umumiy sonini va istiqbolda uning o’zgarish darajasi monitoringini o’tkazib borish;

  • qishloq hududlaridagi barcha tadbirkorlik shakllarida qisqa va uzoq muddatga mutaxassislik turlari bo’yicha mehnat resursiga bo’lgan talabni aniqlash;

  • qisqa va uzoq muddatga bo’sh bo’lgan ish joylarini ishlovchilar bilan ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni asoslangan holda ishlab chiqish (kadrlar tayyorlash, malakasini oshirish, ularni qayta tayyorlash);

  • ish bilan ta’minlanmaganlarning umumiy sonini aniqlash, ularni ijtimoiy himoyalash bo’yicha me’yoriy tadbirlarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirish va boshqalar.

Ta’kidlangan tadbirlarning samarali hal etilishi mehnat qilish qobiliyatiga ega bo’lganlar bilan ish beruvchi subyektlar hamda ijtimoiy himoyalashni amalga oshiruvchi tashkilotlar o’rtasida munosabatlar amalga oshirilishini taqozo etadi. Bu masalalarni hal etishda bandlikka ko’maklashish markazlari muhim ahamiyatga ega.
Erkin bozor munosabatlari sharoitida o’z mehnat qilish qobiliyatini taklif etayotgan fuqaro mehnat bozorini o’rganib chiqadi. U yerda mavjud bo’lgan talablarni o’rganib, o’zining intellektual va jismoniy qobiliyatlarini taklif etadi. Ish beruvchilar esa mehnat bozoridan o’zlari uchun eng ma’qul bo’lgan taklifni tanlab olishga harakat qiladilar. Ular bir-biriga mos kelganda shartnomalar tuzilib, xodim ishga yollanadi. O’zbekiston Respublikasida ham shunday tartib joriy etilgan bo’lib, bu vazifani qishloq hududlarida bandlikka ko’maklashish markazlari amalga oshirmoqda.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnat bozorining nazariy asoslari shotlandiyalik iqtisodchi A.Smit, ingliz iqtisodchisi D.Rikardo, Nobel mukofoti laureati, amerikalik iqtisodchi Paul A.Samuelson va boshqa olimlar tomonidan yetarli darajada asoslangan. Yaratilgan nazariyani hayotga tatbiq etish yo’llari ham hal etilgan. Bozor iqtisodiyoti sharoitida mehnat shu bozorda erkin sotilishi lozim. Shundagina u qiymatga ega bo’ladi, ya’ni tovar shaklida ayirboshlanadi. Mehnat bozori erkin raqobat asosida amalga oshirilishi zarur. Bu bozorda mehnat munosabatlari iqtisodiy, ijtimoiy qonunlar, talab va taklif qonunlari talablari asosida amalga oshirilishi lozim. Mehnat bozorida inson o’zini emas, balki mehnat qilish (jismoniy, aqliy) qobiliyatini taklif etadi. Iste’molchi, ya’ni ish beruvchi shu qobiliyatni sotib oladi. Demak, oldi-sotdi jarayonidagi iqtisodiy munosabat predmeti insonning mehnat qilish qobiliyati hisoblanadi. Insonning mehnat qilish qobiliyatiga to’lanayotgan ish haqi shu mehnatning qiymati, ya’ni bahosi ekanligidan dalolat beradi.
Qishloq hududlaridagi mehnat bozorini samarali shakllantirishda quyidagi holatlarni e’tiborga olish zarur:

  • respublika aholisining yarmi qishloq hududlarida yashayotganligi;

  • qishloq hududlarida aholi sonining o’sish sur’ati shaharlardagiga nisbatan yuqori ekanligi, bu hol kelajakda mehnat resurslarining yuqori sur’atlarda o’sishiga ta’sir etishi;

  • qishloq hududlarida sanoat korxonalari talab darajasida rivojlanmaganligini va barcha resurslarni e’tiborga olgan holda joylashmaganligi;

  • hozirgi davrda qishloq hududlarida ish bilan ta’minlanmagan iqtisodiy faol mehnat resurslarining shaharlarga ish qidirib ketayotganligi;

  • qishloq hududlarida xususiy mulkchilikka asoslangan ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish bilan shug’ullanuvchi tadbirkorlik shakllari talab darajasida rivojlanmaganligini, shuningdek, madaniy, maishiy, kommunal va boshqa xizmatlarni amalga oshiruvchi infratuzilma subyektlari ko’lamining torligi.

Mehnat bozorlari yuqorida ta’kidlangan barcha xususiyatlarni e’tiborga olgan holda erkin shakllanishi uchun quyidagilarga e’tibor berilishi lozim:

  • qishloq hududlaridagi (jumladan, qishloq xo’jalik korxonalaridagi) mehnat resurslarining umumiy miqdorini, tarkibini aniqlash;

  • mehnat resurslarining taklifini va hududdagi barcha tadbirkorlik subyektlarining ularga bo’lgan talabini tarkibi bo’yicha aniqlash;

  • erkin mehnat bozorini shakllantirish hamda ularning samarali faoliyat ko’rsatishini ta’minlovchi ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlarni ishga solish;

  • qishloqda mehnat resurslarining maqsadga muvofiq bandligini ta’minlashga hissa qo’shish;

  • mehnat bilan band bo’lmagan fuqarolar sonini aniqlash, ularning malakasini oshirish, qayta tayyorlash hamda ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan himoyalash;

  • erkin mehnat bozori amalga oshirilishini ta’minlovchi turli yarmarkalar va boshqa tadbirlarni tashkil etish, ularning samarali o’tkazilishiga erishish;

  • mehnat bozorining rivojlanishini ta’minlovchi barcha resurslarni topib, samarali sarflash kabi vazifalarni bozor talablari darajasida amalga oshirish lozim.

Qishloqlarda mehnat bozorini oqilona tashkil etib, samarali boshqarish uchun hududlarning xususiyatlarini e’tiborga olish lozim.
Respublikamizning mehnat resurslari soni ko’p bo’lgan hududlari, avvalo, Andijon, Farg’ona, Namangan, Toshkent, Samarqand viloyatlari uchun mazkur bozorni tartibga solishning ancha samarali quyidagi ikkita usuli mavjud:

  1. ishchi kuchiga talabni oshirish usuli;

  2. ishchi kuchlariga taklifni kamaytirish usuli.

Fan-texnika taraqqiyoti yutuqlari va intensiv texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish hisobiga ish o’rinlarining bir qismi qisqarishi kuzatiladi.
Ishchi kuchiga bo’lgan talabni oshirishni rag’batlantirish usullarini tadqiq etish mehnat resurslarining oqilona bandligini ta’minlashga hamda mazkur hududlar uchun samarali tarmoqlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va xarid qilish hamda agroservis xizmati ko’rsatish va shaxsiy mehnat faoliyati bo’yicha ish joylarini yaratish, ishlab chiqarish kuchlari va bandlikning noan’anaviy shakllarini rivojlantirish, agrar sektordagi ishdan vaqtincha bo’shatilayotgan shaxslar uchun mavjud korxonalarni kengaytirish va qayta tashkil etish hamda yangi ish o’rinlarini yaratish maqsadida to’g’ridan-to’g’ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish lozim.
Ishchi kuchlariga talabni oshirishni agrosanoat majmuining mehnat resurslarini qayta taqsimlashdan manfaatdor tarmoqlarida ish joylarini yaratish va yangi, zamonaviy kasblarni egallashga sarmoyalarni to’g’ridan-to’g’ri jalb qilish orqali tartibga solish mumkin. Investitsiya va kreditlarni agrosanoat majmui korxonalarini, ayniqsa, qayta ishlash korxonalarini qurish, texnik jihatdan qayta qurollantirish va rekonstruksiyalashga, shaxsiy mehnat faoliyatini rivojlantirish yo’li bilan xizmat ko’rsatish sohasini kengaytirishga, shuningdek, ko’p bolali ayollar, mehnatga layoqatli nafaqaxo’rlar, nogironlar, o’smirlar va hokazolarga mos ish joylarini vujudga keltirishga yo’naltirish maqsadga muvofiqdir. Shu tariqa ortiqcha mehnat resurslarini yuqorida aytib o’tilgan tarmoqlarga va ayrim maxsus ish joylariga jalb etish, ayni paytda ishchi kuchlarining kasbiy malaka tarkibiga bevosita ta’sir o’tkazish mumkin.
Ishchi kuchlari taklifini kamaytirishga ish vaqti va mavjud ish joylarini ijtimoiy ishlab chiqarishda band bo’lganlar o’rtasida qayta taqsimlash orqali samarali ta’sir etish mumkin. Ayollarga bola parvarishi uchun to’lanadagin nafaqalar va beriladigan ta’til muddatini ko’paytirish, mehnat stajini hisoblashda ularga imtiyoz berish; pensionerlar, nogironlarni parvarishlaydigan shaxslarning nafaqalarini oshirish mehnat bozoriga ishchi kuchlarining oqib kelishini kamaytirish chora-tadbirlari hisoblanadi.
Ish bilan bandlar orasida ish vaqti va ish joylari ishchi kuchlariga bo’lgan taklifni kamaytirish maqsadlarida qayta taqsimlanadi. Aholi bandligining xususiy va vaqtinchalik shakllariga o’tishini rag’batlantirishga ularga ham ish bilan to’la band shaxslarga mo’ljallangan ijtimoiy muhofaza turlarini, ta’tillar va boshqa ijtimoiy kafolatlarning miqdorlarini o’rnatish, kafolatlangan eng kam miqdordagi ish haqi bilan ta’minlash, har yili beriladigan ta’tillarni o’z vaqtida berish, ish kuni va ish haftasi davomiyligini qisqartirish orqali erishish mumkin.
Mamlakatimizning mehnat resurslari yetishmaydigan mintaqalarida (Jizzax, Sirdaryo, Navoiy viloyatlari va Qoraqalpog’iston Respublikasi) ishchi kuchlariga taklifini ko’paytirish mehnat bozorini tartibga solishning maqsadga muvofiq usulidir. Respublika qishloq xo’jaligidagi mavjud bo’lgan mehnat resurslaridan yil davomida to’liq va samarali foydalanish lozim.
Qishloq hududlarida, jumladan, qishloq xo’jaligi korxonalarida mavjud bo’lgan mehnat resurslarining real miqdorini aniqlash lozim.
Shu bilan birga, aholi sonining mutlaq o’sishini e’tiborga olgan holda mehnat resurslarining ko’payish jarayonini aniqlash kerak. Mehnat qilish qobiliyatiga ega bo’lgan aholining harakatini ham hisobga olish zarur. Shundan so’ng qishloq xo’jaligida mavjud bo’lgan ish joylarining hozirgi hamda istiqboldagi sonini real aniqlashga alohida e’tibor berish kerak. Shularga asoslangan holda mehnat balansi ishlab chiqilishi zarur.
Yuqoridagilarga asoslanib, mehnat resurslarining ish bilan ta’minlanganlik darajasi, shu orqali qishloq hududlarida mavjud bo’lgan mehnat resurslarining ish bilan ta’minlanganlik darajasi aniqlanadi. Uning darajasi birga yaqin bo’lishi lozim, aks holda mehnat resurslarini ish bilan ta’minlash chora-tadbirlari asoslangan holda ishlab chiqilishi kerak. Buning uchun qishloq xo’jalik korxonalarida yangi ish joylarini tashkil etish imkoniyatlarini rejalashtiriladi. Mehnat resurslaridan foydalanishni rivojlantirish maqsadida ularni takror ishlab chiqarish jarayonlarini, ya’ni malakalarini oshirish, tayyorlash va qayta tayyorlash tadbirlarini ham belgilab olib, amalga oshirilishiga e’tibor berish zarur.
Korxonalarda mehnat unumdorligi darajasini yuksaltirishga alohida e’tibor berish lozim. Bu masalaning hal etilishida eng ta’sirchan omil moddiy manfaatdorlik hisoblanadi. Darhaqiqat, bozor iqtisodiyoti sharoitida kim yaxshi, sifatli ishlasa ko’p haq oladi. Shunday ekan, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishida samarali mehnat qilayotgan ishchixizmatchi o’z mehnatiga yarasha ko’proq haq olishi lozim. Shu bilan birga mehnatkashlarni ma’naviy rag’batlantirishni amalga oshirishni ta’minlash kerak. Eng avvalo, mehnatlari natijalarini e’tiborga olgan holda mukofotlash va taqdirlash lozim. Unvonlar ham ma’lum darajada fuqarolarning mablag’lar bilan ta’minlanishiga olib keladi. Jumladan, respublikada xizmat ko’rsatgan iqtisodchi, agronom, irrigator unvonlarini olganlarning asosiy ish haqlariga eng kam oylik ish haqining
60 foizi miqdorida ustama beriladi. Eng asosiysi, ma’naviy rag’batlantirish insonlarning kayfiyatiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi va ularning mehnatga munosabatini yaxshilaydi, yaxshiroq mehnat qilishga undaydi.
Qishloq xo’jaligidagi mehnat jarayonlarini mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish, elektrlashtirish natijasida sarflanayotgan mehnatning unumdorligi oshishini ta’minlash mumkin. Buning uchun xo’jaliklar ixtiyoridagi barcha mashinalar, traktorlarning ishga yaroqliligini oshirish hamda ulardan yil davomida to’liq foydalanishga erishish tadbirlarini shakllantirish lozim. Eng avvalo, ularni malakali kadrlar, ta’mirlash ustaxonalari bilan ta’minlash kerak. Xo’jaliklarning ishlab chiqarish resurslari bilan ta’minlanganligini ham talab darajasiga yetkazish zarur. Buning uchun esa moliyaviy resurslar bilan ta’minlash choralarini aniqlab, ularning bajarilishini ta’minlash kerak.
Qishloq xo’jaligida ishlab chiqarishning mavsumiyligi tufayli yilning ma’lum davrida tarmoqdagi mehnat resurslarining bir qismi bo’sh turib qoladi, bu esa mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ushbu holatning oldini olish uchun qishloq xo’jalik korxonalarida xodimlarni mehnat resursiga talab kam bo’ladigan qish oylarida ham ish bilan band qilish choralarini ko’rish lozim. Bunda dehqonchilikka ixtisoslashgan fermer xo’jaliklarida chorvachilikni ham yo’lga qo’yish, issiqxonalar tashkil etish, turli sexlar, ustaxonalar faoliyatini tashkil etish va boshqa tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiqdir.
Demak, qishloq xo’jaligida mehnat resurslaridan yil davomida to’liq va samarali foydalanish hamda ularning mehnatlari unumdorligini oshirish uchun quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlash maqsadga muvofiqdir:

  • qishloq joylarda tadbirkorlik shakllarini rivojlantirish;

  • tarmoqning rivojlanishini e’tiborga olgan holda qo’shimcha ish joylarini tashkil etish;

  • qishloq xo’jaligiga yangi texnikalarni, samarali texnologiyalarni izchillik bilan tatbiq etish;

  • tarmoqning ishlab chiqarish tarkibini takomillashtirish va moddiytexnika ta’minotini yuksaltirish;

  • qishloqda yashash va ishlash uchun barcha sharoitlarni yaratish;

  • mehnatni tashkil etishning samarali turlarini tashkil etish va rivojlantirish;

  • kadrlarni tayyorlash, malakalarini oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag’batlantirishni takomillashtirish va boshqalar.

Bu kabi chora-tadbirlarning qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga joriy etilishi tarmoqdagi mehnat resurslaridan foydalanishni yaxshilab, mehnat unumdorligi oshishiga ijobiy ta’sir etadi.

Yüklə 95 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin