Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yangi texnologiyalarni qo’llash «O‘zekspomarkaz»



Yüklə 28,26 Kb.
tarix26.04.2023
ölçüsü28,26 Kb.
#102860
Qishloq xo\'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yangi texnologiyalarni qo’llash


Qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirishda yangi texnologiyalarni qo’llash
«O‘zekspomarkaz»da agrosanoat kompleksi uchun minitexnologiyalar va ixcham asbob-uskunalarning “Uzbekistan Agrominitech Expo – 2015” X xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi, mashinalari va asbob-uskunalarining “Uzbekistan Agrotechmash Expo – 2015” IV xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmalar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Fermerlar kengashi tomonidan tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining birinchi o‘rinbosari I.Ergashev, Fermerlar kengashi raisining o‘rinbosari F.Qulmatov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘z samaralarini berayotganini ta’kidladi. Bu jarayonda ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarning tatbiq etilayotgani muhim o‘rin tutmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2014-yil 15-maydagi «Qishloq xo‘jaligining mashinasozlik korxonalarini boshqarishni yanada takomillashtirish va moliyaviy sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimizda zamonaviy, unumdorligi yuqori, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh qishloq xo‘jaligi texnika va uskunalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir.
«Uzbekistan Agrominitech Expo” va “Uzbekistan Agrotechmash Expo” xalqaro ko‘rgazmalarining yuqori saviyada uyushqoqlik bilan tashkil etilgani ham qishloq xo‘jaligini texnik va texnologik qayta jihozlash hamda iqtisodiyotimiz agrosanoat sektorini yanada rivojlantirish muhimligidan dalolat beradi. 2014-yilgi ko‘rgazmalar yakunlari bo‘yicha mamlakatimiz tadbirkorlari va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida minitexnologiyalar, ixcham uskunalar va qishloq xo‘jaligi texnikasini xarid qilish uchun umumiy qiymati 145 milliard so‘mdan ziyod 1180 shartnoma va ahdlashuv protokollari imzolandi.
Bu galgi “Uzbekistan Agrominitech Expo – 2015” ko‘rgazma-savdosida Xitoy, Janubiy Koreya, Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Avstriya, Bolgariya, Belarus, Niderlandiya, Eron, Rossiya, Turkiya kabi dunyoning 24 davlatidan 195 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.
Unda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga mo‘ljallangan ixcham liniyalar, qadoqlash minitexnologiyalari, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va bog‘dorchilik uskunalari, ozuqa tayyorlash, bog‘dorchilik va uzumchilik sohasi uchun minitexnika hamda uskunalar, o‘simliklarni himoya qiladigan kimyoviy moddalar, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish bo‘yicha keng turdagi mahsulot va xizmatlar namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston kompaniyalari o‘z stendlarida qishloq xo‘jaligi uchun minitexnologiyalar va uskunalarni ishlab chiqarish borasida mamlakatimiz salohiyatini keng namoyish etmoqda. Bu yerda meva-sabzavot va ko‘katlarni quritish kameralari, parrandachilik inkubatorlari, qadoqlash-o‘rash jihozlari, chizel-kultivator va pluglar taqdim etilgan. Muqobil energetika sohasidagi yutuqlar – eng chekka hududlarda joylashgan obyektlarni ham elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash uchun mo‘ljallangan quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari xorijlik mehmonlar e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda.
Mamlakatimizning «Upakmash» kompaniyasi stendida suyuqlik quyish, yorliq va aksiz markalarini yopishtirish avtomatlari, qadoqlash va o‘rash jihozlari kabi korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan o‘n besh turdan ortiq uskunalar to‘g‘risida axborot joylashtirilgan. Kompaniya direktori A.Buxtoyarovning so‘zlariga ko‘ra, «Upakmash» uskunalaridan O‘zbekistonning barcha hududlaridagi oziq-ovqat sanoati korxonalari foydalanmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni xorijga ham eksport qilish mo‘ljallanmoqda.
«Alifar Agroimpeks» xoldingi ekspozitsiyasi ham ishtirokchilar e’tiborini tortmoqda. Kompaniya quritilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab, meva-sabzavot, ko‘kat va ziravorlar ishlab chiqarmoqda.
– Kompaniyamiz dunyoning 40 davlatiga 150 turdan ziyod mahsulot eksport qiladi, – deydi «Alifar Agroimpeks» xoldingi bosh menejeri Sherzod Alimov. – Bu borada biz eng zamonaviy texnologiya va uskunalardan foydalanayotganimiz bois mahsulotlarimizga bo‘lgan talab ortib borayotir. «Uzbekistan Agrominitech Expo» ko‘rgazma-savosida to‘rtinchi marotaba ishtirok etmoqdamiz. Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, bu ko‘rgazma yurtimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni chet el bozoriga chiqarish imkonini bermoqda.
Janubiy Koreya, Xitoy, Germaniya va Fransiyadan tashrif buyurgan ishtirokchilarning stendlari ham e’tiborni o‘ziga jalb qilmoqda. Bu yerda oziq-ovqat sanoati uskunalari, muzlatish qurilmalari, muzqaymoq tayyorlash uskunalari va boshqa ko‘plab jihozlar namoyish etilmoqda.
– O‘zbekistonning qulay tabiiy sharoiti issiqxonalarda yil davomida meva-sabzavot yetishtirish imkonini beradi, – deydi Xitoyning «Fenglong Agrisupply» kompaniyasi menejeri Aleks Chen. – Kompaniyamiz issiqxonalar uchun uskunalar yetkazib beradi. Bugungi kunda O‘zbekiston bozorida raqobat kuchayib borayotgani sababli eng samarali yechim va texnologiyalarni taqdim etmoqdamiz.
Italiya va Bolgariya ishlab chiqaruvchilari meva-sabzavotni tozalaydigan va kesadigan uskunalar, poliz mahsulotlari sifatini aniqlaydigan o‘lchov moslamalari, turli muzlatgich agregatlari, vakuumli to‘ldirgichlarni namoyish qilayotir.
– O‘zbekiston oziq-ovqat sanoati jadal rivojlanib bormoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hajmi kengayib, yangi texnologiyalar joriy etilmoqda, – deydi «Tecno Italia» kompaniyasi bosh menejeri Korrado Rovesti (Italiya). – Ko‘rgazmaga meva-sabzavotni qayta ishlaydigan, sut va non mahsulotlari ishlab chiqaradigan uskunalarni olib keldik. O‘zbekiston fermerlari va biznesmenlari zamonaviy texnologiyalarimizga katta qiziqish bildirmoqda. Shu bois, o‘zbekistonlik sheriklar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz.
«Uzbekistan Agrotechmash Expo – 2015» xalqaro ko‘rgazmasida 10 mamlakatdan qishloq xo‘jaligi texnika va asbob-uskunalari ishlab chiqaradigan yigirmadan ziyod jahonga mashhur yetakchi kompaniyalar, shuningdek, «Toshkent traktor zavodi», «Agregat zavodi» va «Chirchiqqishloqmash» aksiyadorlik jamiyati tarkibiga kiradigan korxonalar, tijorat banklari va lizing kompaniyalari ishtirok etmoqda. Bu yerda ham keng turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari namoyish qilinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2012-yil 21-mayda qabul qilingan «2012-2016-yillarda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturi to‘g‘risida»gi qarori amalga oshirilishi samarasida mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi mashinasozligi mahsulotlarining turi yanada kengaydi. Mazkur qaror ijrosi doirasida “Chirchiq Mash Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu korxonada keng turdagi agregat va uskunalar – kultivatorlar, pluglar, yer tekislaydigan va boshqa uskunalar ishlab chiqarilayotir.
Ko‘rgazmada «Doosan», «Daichi», «Deadong» (Janubiy Koreya), «Case», «New Holland» (AQSh), «CLAAS», «Lemken», «MAN» (Germaniya) va dunyoga mashhur boshqa yetakchi kompaniyalarning yetmishdan ortiq turdagi texnikalari namoyish etilmoqda.
«Uzbekistan Agrominitech Expo» va «Uzbekistan Agrotechmash Expo» an’anaviy ko‘rgazmalarida mamlakatimiz fermer va tadbirkorlari ham faol ishtirok etmoqda. Bu yerda taqdim etilayotgan keng turdagi mahsulotlar fermer xo‘jaliklari va ishlab chiqarish korxonalarini eng yangi texnika va texnologiyalar bilan ta’minlash imkonini beradi. Ishtirokchilar ko‘lamining tobora kengayib borayotgani esa uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xalqaro ko‘rgazmalar doirasida zamonaviy xorijiy texnologiyalar taqdimoti, fermerlar uchun seminar va uchrashuvlar o‘tkaziladi.
«Uzbekistan Agrominitech Expo – 2015» ko‘rgazma-savdosi va «Uzbekistan Agrotechmash Expo –2015” ko‘rgazmasi ishlab chiqarish va qayta ishlash sanoatini yanada rivojlantirish, eksport hajmini kengaytirish imkonini beradi.
Zamonaviy bozor munosabatlari sharoitida fermer xo‘jaliklarida mo‘l va sifatli mahsulotlarni yetishtirish, fermer xo‘jaligida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish, jumladan, mineral va mahalliy o‘g‘itlardan, suv va yer resurslaridan samarali, oqilona foydalanishda yangi va tejamkor texnika-texnologiyalarni keng ko‘lamda qo‘llash alohida ahamiyatni kasb etib kelmoqda. Fermer xo‘jaliklarida yangi va tejamkor texnologiyalarni keng ko‘lamda qo‘llash xo‘jalikning iqtisodiy faoliyatini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish sur'atini tezlashtirishga, jamg‘arma miqdori va kapital sarflar samaradorligini oshirishga, ishlab chiqarishni ratsional tashkil etish va mehnat unumdorligini oshirishga bevosita bog‘liqdir.
Bu masalalarni hal qilishda fermer xo‘jaligida yangi va tejamkor texnologiyalarni qo‘llashning ahamiyati quyidagi omillarni ijobiy tomonga o‘zgartirish natijasida namoyon bo‘ladi:
●fermer xo‘jaligi ishlab chiqarishida cheklangan yer-suv, mehnat resurslari, moddiy-texnik ta'minot hamda investitsiyalarni tadbirkorlik faoliyati bilan uyg‘unlashtirishda;
●fermer xo‘jaligining respublika iqtisodiyotidagi o‘rni va ahamiyatini oshirishda;
●qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar, ularni rivojlantirish yo‘llarini aniqlashda;
●fermer xo‘jaliklarining ishlab chiqarish samaradorligi va ular faoliyatini takomillashtirishda;
●fermer xo‘jaligi ishlab chiqarishida ishlab chiqarish xarajatlari tarkibini kamaytirishda;
●yetishtirilgan mahsulotning hajmini, sifatini, raqobatbardoshligini oshirishda;
●fermer xo‘jaligi ishlab chiqarishida iqtisodiy munosabatlarni amalga oshirishda foydalanilayotgan baholar tizimini optimallashtirishda;
●fermer xo‘jaligi ishlab chiqarishida daromad va foydani aniqlash, ularni oqilona taqsimlashda;
●fermer xo‘jaligi ishlab chiqarishining qay darajada ixtisoslashganligini, joylashganligini hamda ichki va tashqi integratsiyalashuv jarayonlarini faollashtirishda;
●yangi va tejamkor texnologiyalarini qayerdan, qanday qilib sotib olish hamda yetishtirilgan mahsulotlarni qachon, kimga, qanday tartibda sotish strategiyalarini ishlab chiqishda;
●xorij hamda respublikamizdagi ilg‘or fermer xo‘jaliklarining erishgan yutuqlarini chuqur o‘rganish va ularni xo‘jaliklarga joriy qilish;
●ekin maydonlari birligi hisobiga ko‘proq va arzonroq mahsulot yetishtirish uchun kengaytirilgan takror ishlab chiqarishni joriy qilish imkoniyatini yaratish uchun iqtisodiy tadbirlar ishlab chiqish.
Mamlakatimiz va jahon bozorida O’zbekiston qishloq xo’jaligi mahsulotlariga talab kun sari ortib bormoqda. Fermer xo’jaligida yetishtirilayotgan mahsulotlar sifatli, tabiiy, ekologik toza va aholiga hamyonbop narxda yetkazish zamon talabi. Fermerlar o’zi yetishtirayotgan mahsulotlariga biologik o’g’it va kimyoviy dorilar purkash natijasida, yetishtirilayotgan qishloq xo’jalik mahsulotlarining sifatini kamaytirib yuboryapdilar. Dalaga kimyoviy dorilar ko’p va tez-tez purkaladi, natijada mahsulot sifati va tabiiyligi buziladi. Eng yomoni zararlangan hududga ham zararlanmagan hududga ham bir xil miqdorda kimyoviy ishlov beriladi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalanib, qishloq xo’jaligida dala ekinlarini nobud qilmasdan, yuqori texnologiya asosida hosil olish, ekilgan ekinlarga zarar yetkazmasdan turib rivojlantirish hamda zararkunanda hashoratlar bilan muntazam kurashish asosiy vazifa hisoblanadi.
Fermer xo’jaliklarida zamonaviy texnologiyalardan ya’ni dronlardan foydalanish xorij tajribalarida o’z samarasini namoyon qilmoqda.
Dronlar uchuvchisiz uchar qurilmalar bo’lib, qishloq xo’jaligini modernizatsiyalashda, ishlab chiqarish sifatini yaxshilashda, qishloq xo’jaligi zararkunandalariga qarshi kurashishda rivojlangan mamlakatlarda keng qo’llanilmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 31- avgustdagi 287-qaroriga muvofiq, “O’zbekiston Respublikasi fuqarolik va davlat aviatsiyasida dronlar (uchuvchisiz uchar qurilmalar) ekspluatatsiyasi tartibi to’g’risida”gi Nizom tasdiqlandi. Dronlar ekspluatatsiyasini yo’lga qo’yish uchun dastlab radioelektron vositalaridan foydalanishga ruxsat olish kerak bo’ladi.
Dronlar ekspluatatsiyasi O’zbekiston Respublikasining parvozlar xavfsizligini nazorat qilish bo’yicha Davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Fermer xo’jaligi ekinlariga dronlarni ( uchuvchisiz uchar qurilmalar ) qo’llasak:

  • Qulaylik jihatdan har qanday joy har qanday geografik joylashganligiga qaramasdan fermer xo’jaligida foydalanish, 

  • Intensiv bog’lar uchun foydalanilganda tepadan mevalarga umuman hech qanday zarar bermasdan uchish imkonini tug’iladi va shu bilan birga isrofgarchilikka umuman yo’l qo’yilmaydi,

  • O’simlik va daraxtlarni traktorlar, traktor agregatlari va yana ko’plab qishloq xo’jaligi mashinalar orqali o’simliklar va daraxtlarga yetkaziladigan yanchilish hamda zararlashning (ayniqsa vegitatsiya davrida) oldini oladi,

  • Ekologik jihatdan toza (elektr bilan ishlash) bunda hech qanday chiqindilar havoni zararlamaydi shu bilan birga yoqilg’i hajmi xarajatlari, ishchi kuchini kamaytiradi,

  • GPS tuzilmasi borligi faqat aniq bir fermer xo’jaligida uchishi,

  • Masofadan turib boshqarish yuksak aniqlik bilan belgilangan hududga ishlov berish,

  • Qishloq xo’jaligi dalasida zararlangan hududni topib shu joyning o’zida himoya vositalarini sepadi va kasallik rivojlanmagan joyga hech qanday kimyoviy ishlov berilmaydi bu esa yetishtirilayotgan mahsulotini sifati uchun juda muhim.

Fermer xo’jaliklarida dronlarni shartnoma asosida yetkazib berish va boshqarish tuzilmalaridan foydalanilsa, xo’jalikning iqtisodiy samaradorligi ortib, yetishtirilayotgan mahsulot sifati ham yaxshi bo’lardi.
Dron (uchuvchisiz uchar qurilma)larni barcha qishloq xo’jalik ekinlarida qo’llash, ayniqsa sholi ekiniga, zararkunandalari bilan kurashish, zararlangan hududni oldindan aniqlash, ayniqsa o’simlikning vegetatsiya davridagi o’sishini yanada yaxshilash mumkin. Dronlardan foydalanilsa, hosil unumdorligi yo’qotilmaydi, vaqtdan to’g’ri va oqilona foydalaniladi, ishchi kuchi hamda sarf bo’ladigan boshqa ortiqcha xarajatlardan xoli bo’ladi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ko’rinib turibdiki, dronlardan foydalanish afzalligi hosilga hech qanday zarar yetkazmaydi, hosil unumdorligi yo’qotilmaydi hamda ishchi kuchi va sarf bo’ladigan boshqa texnik xarajatlardan holi bo’lib, ishlab chiqarishga bo’lgan talabni yanada kuchaytiradi.
Dronlarning narxi yuqori bo’lganligi sababli, xar bir fermer xo’jaligi sotib olishga moliyaviy jihatdan qurbi yetmaydi. Shunday ekan tuman MTP lari dronlarni lizing hisobigasotib olib va har bir fermer xo’jaliklariga ijaraga berilsa, bundan fermer xo’jaligiga ham tuman MTP lariga ham foyda bo’ladi.
Fermer xo’jaligi mustaqil yuridik shaxs sifatida o’z mol-mulkiga ega bo’ladi. Fermer xo’jaligi sotib olish imkoniyatidan kelib chiqib dronga qonunda taqiqlanmagan asoslarda ega bo’lishi mumkin.
Hozirgi zamon talabidan kelib chiqib, biz yetishtirayotgan qishloq xo’jalik mahsulotlarimizning hajmini yo’qotmaganholda, shu bilan birga sifatini ham saqlagan holda yetishtirishimiz kerak va zarur.
Xulosa qilib aytganda, zamonaviy texnologiya qishloq xo’jaligi uchun juda katta ahamiyatga ega. Dronlarni qishloq xo’jaligida qo`llanishi natijasida dehqonchilikda kam хarajat evaziga ko’p xosil olinadi, bu esa o’z navbatida fermer xo’jaliklarining iqtisodiy barqarorligini ta’minlashga zamin yaratadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR



  1. N.J.Nurmatov. “Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti”.

2. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining2016 yil 31 avgustdagi 287-son qaroriga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik va davlat aviatsiyasida dronlar (uchuvchisiz uchar qurilmalar) ekspluatatsiyasi tartibi to’g’risidagi Nizomi.
3. Qishloq xo’jalik ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish. Ma’ruza matni ToshDAU 2004.:46-47-betlar.
Yüklə 28,26 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin