Qishloq xo’jaligida investitsiyalar va ulardan foydalanish samar
4.Qishloq xo’jaligiga investitsiyalarni jalb etish ko’lamini va samaradorligini oshirish yo’llari.
Agrar sohaga jalb qilingan investitsiyalar samaradorligini oshirish qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‗jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va aholi turmush farovonligini oshirish imkonini beradi. Buning uchun agrar sohaga jalb qilinadigan investitsiyalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish talab etiladi. Mamlakatimizdagi va chet ellik iqtisodchi olimlar tomonidan agrar sohani investitsiyalash samaradorligini oshirish masalalari tadqiq qilingan. Agrar sohadagi investitsiyalarni moliyalashtirish mexanizmining ayrim nazariy va amaliy jihatlari iqtisodchi olimlarimizdanA.Vahabov, D.G‗ozibekov, S.Umarov, E.Shodmonovlarning ilmiy izlanishlarida tadqiq qilingan. A.Vahobov ilmiy tadqiqotlariga asoslangan holda, agrar sohani investitsiyalash jarayoni davlat tomonidan moliyaviy qo‗llab-quvvatlanishi shart degan xulosaga kelgan. E.Shodmonov esa, qishloq xo‗jaligi korxonalari moliyaviy holatining beqarorligi, investitsion xarajatlarni moliyalashtirish manbalaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi sharoitida lizing asosida investitsiyalarni moliyalashtirish amaliyotini kuchaytirish maqsadga muvofiqligini asoslab bergan. Xorijlik iqtisodchi olimlardan A.Yemelyanov agrar sohaga sarflangan investitsiyalar samaradorligiga salbiy ta‘sir etuvchi asosiy omil sifatida baholar o’rtasidagi nomutanosiblikni ko’rsatadi. Uning fikriga ko’ra, qishloq xo’jalik mahsulotlari baholarining o’sish sur‘ati agrar soha ehtiyojlari uchun zarur bo’lgan resurslar baholarining o’sish sur‘atidan sezilarli orqada qolayotganligi investitsiyalash uchun zarur bo’lgan mablag’larni jamg’arish imkonini bermayapti.
Respublikamizdagi siyosiy-iqtisodiy barqarorlik qishloq xo’jaligiga investitsiyalar jalb etilishiga imkoniyat bermoqda. Uning rivojlanishini ta‘minlash maqsadida investitsion siyosatning huquqiy asoslari ham barpo etilgan. Ularning mavjudligi so’nggi yillarda tarmoqqa ma‘lum miqdorda investitsiyalar sarflanishini ta‘minlamoqda.
So’nggi yillarda respublika iqtisodiyotiga yo’naltirilgan investitsiyalarning 3-4 foizi qishloq xo‗jaligiga sarflangan. Bu mavjud imkoniyatlarga nisbatan kam. Shuning uchun kelajakda bu investitsion holatni qishloq xo’jaligi foydasiga o’zgartirish maqsadga muvofiqdir. Xuddi shunday holatni xorijiy investitsiyalarni jalb etish jarayonida ham kuzatish mumkin. Chet el investitsiyalarini qishloq xo’jaligiga jalb etish bo’yicha ham holat talab darajasida emas. Bu boradagi ishlarni jonlantirish va shu orqali qishloq joylarda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan qishloq xo’jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar sonini ko’paytirish maqsadga muvofiqdir. Bu orqali nafaqat mahsulot ishlab chiqarish hajmi ortadi, balki qishloq aholisini ish bilan ta‘minlashga ham erishiladi.
Investitsiyalarni amalga oshirishda xo’jaliklarning o’zlari tomonidan sarflangan mablag‗lar ham muhim ahamiyatga ega. 2019- yilda ularning mablag‗lari hisobidan qishloq xo’jaligiga sarflanayotgan investitsiyalarning 9,3 foizi amalga oshirilgan, vaholanki 2018-yilda ushbu ko‗rsatkich 22,2 foizni tashkil etgan edi. Qishloq xo’jaligi tarmog‗ida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarining investitsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlarini oshirish lozim.
Qishloq xo’jaligi tarmog’ida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning investitsion faolligiga salbiy ta‘sir etayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 6-oktabrdagi ―Fermer xo‗jaliklari faoliyatini yuritishda yer uchastkalari miqdorini maqbullashtirish choralarini ko’rish yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo’yicha maxsus komissiya tashkil etish to’g’risida‖gi 3077-sonli farmoyishiga muvofiq fermer xo’jaliklarining ekin maydonlari qayta ko’rib chiqildi. Ushbu farmoyish asosida tashkil etilgan maxsus komissiyalar har bir fermer xo’jaligini individual o’rganib chiqib, yer uchastkalari miqdorini maqbullashtirish choralarini ko’rish yuzasidan takliflar ishlab chiqishi nazarda tutilgan edi. Ya‘ni, fermer xo’jaligining mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda uning yer uchastkasini kengaytirish, o’zgarishsiz qoldirish yoki kamaytirish bo’yicha takliflar berishi lozim edi. Lekin, jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi davom etayotgan o’sha paytda fermer xo’jaliklarining yer uchastkalari miqdorini ko’paytirish ularning iqtisodiy salohiyatini oshiradi degan fikrlar ilgari surildi. Shu sababli ushbu farmoyish bo’yicha mamlakatimizdagi fermer xo’jaliklari asosan yiriklashtirildi. Buning natijasida ko’plab fermer xo’jaliklaridan yer uchastkalari qaytarib olindi. Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 15-dekabrda ―Fermer xo‗jaliklarini yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to’g’risida‖gi 362-sonli hamda 2019-yil 9-yanvardagi ―Fermer xo’jaliklari va boshqa qishloq xo’jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo’jaligi ekin yer maydonlaridan
samarali foydalanishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida‖gi 14-sonli qarorlari ham qabul qilindi. Ushbu hukumat qarorlarining ijrosini ta‘minlash jarayonida ham joylardagi ayrim mutasaddi rahbarlarning yo’l qo’ygan xatolari tufayli fermer xo’jaliklaridan yer maydonlarining asossiz olib qo’yilishi holatlari kuzatildi. Buning natijasida fermer xo’jaliklari rahbarlarida o’zlariga uzoq muddatga ijaraga berilgan yer uchastkalarining shartnomada ko’rsatilgan muddat davomida daxlsiz bo‗lishiga ishonch susaydi. Bu esa fermerlar tomonidan o’z faoliyatiga uzoq muddatli investitsiyalarni amalga oshirishga bo’lgan ishtiyoqning pasayishiga olib keldi. Bundan ko’rinadiki, bozor munosabatlarini yanada takomillashtirish qishloq xo’jaligi tarmog’ida investitisiyalar ko’lamining kengayishiga ijobiy ta‘sir ko’rsatadi.
Davlat budjetidan ham qishloq xo’jaligini investitsiyalashga mablag’lar sarflanmoqda. Bunda ―Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili‖ davlat Dasturi, 2008-2012-yillarga mo’ljallangan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturi va boshqa shu kabi dasturlar shaklida budjetdan mablag’lar ajratilmoqda. Bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat ahamiyatiga molik bo’lgan yo’nalishlarni rivojlantirishda davlat budjetidan ajratiladigan mablag‗larning ahamiyati katta. Masalan, hozirgi vaqtda respublikamiz bo’yicha sug’oriladigan yerlarning 45,3 foizi turli darajada turli darajada sho‗rlangan bo’lib, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash uchun davlat budjetidan investitsiyalar ko’lamini kengaytirish maqsadga muvofiqdir. Chunki, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash ko’p miqdorda mablag‗lar sarflanishi talab etiladi va qishloq xo’jaligi tarmog’ida faoliyat yuritayotgan fermer xo’jaliklarida ushbu jarayonga investitsiyalarni amalga oshirish imkoniyatlari cheklangan.
Kelajakda qishloq xo‗jaligining moddiy-texnika bazasini talab darajasida barpo etish, mehnat resurslarining bilimlarini, malakalarini, tajribalarini oshirish uchun investitsiyalar sarflashni izchil davom ettirish lozim. Qishloq xo‗jaligini rivojlantirish uchun, avvalo, davlat hamda mahalliy budjetlardan ajratilayotgan investitsion mablag’larni o’z vaqtida o’zlashtirishga erishish kerak. Shu bilan birga tarmoq, korxonalar iqtisodiyotini yuksaltirish orqali ularning faoliyatini kelajakda investitsiyalash uchun ko’proq mablag’ ajratilishini ta‘minlashga alohida e‘tibor berish maqsadga muvofiqdir. Bunda korxonalar ixtiyoridagi fondlarning mablag‗laridan ham oqilonafoydalanishga harakat qilish kerak. Chunki ular investitsiyalar ko’lamini kengaytirishning real manbalari hisobanadi.
Qishloq xo’jaligiga talabni qondiradigan darajada investitsiyalar sarflanishini kelajakda ishonchli ta‘minlash uchun investitsiyalarni amalga oshiruvchi yuridik hamda jismoniy shaxslar ko‗lamini kengaytirish talab etiladi. Ular respublikamiz yoki chet davlatlardan bo‗lishi mumkin, ularni qishloq xo’jaligidagi investitsion jarayonga faolroq jalb etishga alohida e‘tibor berish lozim.
Ma‘lumki, jahon andozalariga javob beradigan va dunyo bozorlarida xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish uchun xorijiy investitsiyalarni, birinchi navbatda, to’g’ridan-to’g’ri investitsiyalarni jalb etish bo’yicha qulay shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur vazifalarni amalga oshirishda esa erkin iqtisodiy zonalar yetakchi o’ringa ega. Zero, bunday erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etish innovatsion faoliyatni qo’llab-quvvatlash, ilg’or texnologiyalarni joriy qilish, eksport faoliyatini kengaytirish uchun qulay infratuzilma yaratish, transport va telekommunikatsiya infratuzilmasini jadal rivojlantirishda ham ayni muddaodir. Shu boisdan bugungi kunda dunyoning aksariyat davlatlari, xususan Xitoy, AQSh, Fransiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda hududiy-geografik va boshqa qulayliklardan kelib chiqqan holda, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etishga alohida e‘tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda jahonda 4000 dan ortiq erkin iqtisodiy zonalar faoliyat yuritmoqda. Bunday erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etishdan asosiy maqsad – mintaqani jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun mamlakat va chet el investitsiyasini, istiqbolli texnologiya hamda boshqaruv tajribasini jalb etish orqali uning sanoat salohiyatini, ishlab chiqarish, transport-tranzit va ijtimoiy sohani rivojlantirish barobarida, zamonaviy bozor infratuzilmalarini tashkil etishdan iboratdir.
Mamlakatimizda erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish va ular faoliyatiga doir munosabatlar esa 1996-yil 25-aprelda qabul qilingan
―Erkin iqtisodiy zonalar to’g’risida‖gi O’zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi. Ushbu qonunga 2009-yil 23-sentabrda ayrim o‗zgartirish va qo‗shimchalar kiritilgan. Mazkur qonunning ―Erkin iqtisodiy zonani tuzish‖ deb nomlangan 3-moddasida erkin iqtisodiy zona O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tashkil etilishi, erkin iqtisodiy zonaning maqomi, shuningdek, uning qancha muddatga tashkil etilishi mazkur hujjat bilan belgilanishi, erkin iqtisodiy zonaning chegaralari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi
tomonidan belgilanishi, erkin iqtisodiy zonaning faoliyat ko‗rsatish muddatini uzaytirish belgilangan muddat tugashidan kamida 3 yil oldin O’zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan amalga oshirilishi ko’rsatib o’tilgan. 4-moddaga binoan esa, erkin iqtisodiy zonaning maqomi uni tashkil etish to’g’risidagi qarorda belgilangan muddat tugaganda hamda unda nazarda tutilgan maqsad va vazifalar bajarilmaganda tugatilishi belgilangan. Ushbu qonunning 6-moddasiga muvofiq, erkin iqtisodiy zonalar mamlakatimizda erkin savdo zonalari, erkin ishlab chiqarish zonalari, erkin ilmiy-texnikaviy va boshqa zonalar tarzida tuziladi. Qonunning 7-moddasiga ko’ra, erkin ishlab chiqarish zonalari – tadbirkorlikni rag‗batlantirish, iqtisodiyotning ustun tarmoqlariga chet el investitsiyalarini jalb etish, istiqbolli texnologiyalarni jalb etish maqsadida xo’jalik-moliyaviy faoliyatning alohida tartiboti joriy etiladigan hududlar bo’lib, u o’z ichiga eksportga mo’ljallangan ishlab chiqarish zonalarini, agropolislarni, tadbirkorlik zonalarini va boshqa erkin zonalarni qamrab oladi. Albatta, erkin ishlab chiqarish zonalarida iqtisodiyotning ustun tarmoqlariga chet el investitsiyalarini jalb qilish orqali istiqbolli texnologiyalar joriy etiladi, pirovardida mahalliy xomashyolar asosida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Mamlakatimizda ham erkin iqtisodiy zonalarni tashkil etishga alohida e‘tibor berilmoqda. 2019-yil holatiga mamlakatimizda 14 ta erkin iqtisodiy zona mavjud bo’lib, ulardan ayrimlarining faoliyati ancha jadallashgan. Xususan, ―Navoiy‖, ―Angren‖, ―Jizzax‖, ―Urgut‖,
―G’ijduvon‖, ―Qo’qon‖ va ―Xazorasp‖ erkin iqtisodiy zonalarida umumiy qiymati 486 million AQSh dollariga teng 62 ta loyiha amaliyotga joriy etilib, 4600 dan ortiq ish o‗rinlari yaratilgan. Shuningdek, farmatsevtika sohasiga ixtisoslashgan 7 ta erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish bo‗yicha ham chora-tadbirlar ko‗rilmoqda.
Investitsiyalarni amalga oshirishda banklarning ko‗lamini kengaytirishga erishish muhim ahamiyatga ega. Buning uchun zarur barcha huquqiy, iqtisodiy shart-sharoitlar yaratib berilgan. Shu bilan birga qishloq xo‗jaligi korxonalari tomonidan tuziladigan turli birlashmalar, jumladan agrofirmalar, kredit uyushmalari va boshqa shu kabilarning ham imkoniyatlaridan keng foydalanish maqsadga muvofiq. Chunki, bir nechta fermer xo’jaliklari birikib agrofirma tashkil etishi ularning investitsion imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bundan tashqari, qishloq xo’jaligini investitsiyalash jarayoniga turli xildagi banklarning, investitsiya, lizing va sug‗urta kompaniyalarining, ishlab chiqarish konsernlarining, savdo va boshqa korxona hamda tashkilotlarning mablag‗larini jalb etish lozim. Buning uchun ularga davlat hamda qishloq xo’jaligi tomonidan ma‘lum darajada iqtisodiy imtiyozlar yaratilishi zarur. Shundagina ular o’z mablag’larini qishloq xo’jaligiga yo’naltirishi mumkin.
Mamlakatimiz hukumati tomonidan qishloq xo’jaligiga investitsiyalarni jalb etishga alohida e‘tibor berilmoqda. Jumladan, O‗zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida qishloq xo‗jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish uchun 2021-yilda 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablag‗lari jalb qilinishi ta‘kidlandi.
Qishloq xo’jaligiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda quyidagilarga e‘tibor berish lozim:
qishloq hududlarida investitsiya infratuzilmasini rivojlantirish – avtomobil va temir yo’llari, uzluksiz elektr, gaz va suv ta‘minoti, sifatli aloqa xizmati, banklar, sug’urta kompaniyalari va boshqa shu kabilar faoliyatini rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ularning ishtirokini samarali yo’lga qo’yish;
qishloq xo’jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarning biznes ko‗nikmalari, shu jumladan, investitsiya loyihalari bilan ishlash tajribasini shakllantirish va huquqiy bilimlarini oshirish – hududlarda konsalting, marketing va yuridik xizmat ko’rsatuvchi markazlar tashkil etish va faoliyatini rivojlantirish;
qishloq xo’jaligida investitsiya takliflari va loyihalarining texnik- iqtisodiy asoslarini sifatli ishlab chiqishga e‘tibor berish – tadbirkorlarga investitsiya loyihalarini ishlab chiqishda tijorat banklari, hududlardagi savdo-sanoat palatasi va boshqalar tomonidan amaliy yordam ko‗rsatilishini mahalliy hokimliklar tomonidan tashkil etish va doimiy nazoratga olish;
- xorijiy investorlarni mamlakatimiz qishloq xo’jaligi to’g’risida batafsil ma‘lumotlar bilan ta‘minlashni tashkil etish – xorijiy investorlarni to’laqonli ravishda axborot (investitsiya loyihalari va biznes takliflar bazasi, turli bukletlar, hududiy matbuot nashrlari, xomashyo va mehnat salohiyati to’g’risidagi hamda yaratilgan imkoniyatlar haqidagi ma‘lumotlar) bilan ta‘minlash, maxsus veb-portal tashkil etish, shuningdek, investitsiya faoliyatiga oid konferensiyalar, seminarlar va respublika hududida hamda xorijiy mamlakatlarda taqdimotlar o’tkazish.
Barcha manbalardan shakllanayotgan investitsiya mablag‗larini qishloq xo’jaligida quyidagilarga sarflash maqsadga muvofiqdir:
foydalanilayotgan yerlarning unumdorligi yuksalishini ta‘minlaydigan tadbirlar majmuasini bajarishga;
yangi yerlarni kompleks o’zlashtirishga;
tarmoqda fan va samarali texnologiyalarni rivojlantirishga;
irrigatsiya, melioratsiya inshootlarini qurishga, mavjudlarining ishga yaroqliligini ta‘minlash maqsadida ta‘mirlashga;
sug’orishning zamonaviy, tejamkor usullarini joriy etishga;
yangi, samarali traktorlarni, mashinalarni, kombaynlarni sotib olish va mavjudlarini ta‘mirlashga;
ishlab chiqarish bino-inshootlarini qurishga, mavjudlarini ta‘mirlashga;
ko’p yillik daraxtzorlar, bog’zor, tokzorlar yaratishga;
mahsuldor chorva hayvonlarini talab darajasida ko‗paytirishga;
tarmoqni barcha ishlab chiqarish vositalari bilan ta‘minlash, ishlab chiqarishni kompleks mexanizatsiyalashtirish, kimyolashtirishni hamda elektrlashtirishni ta‘minlashga;
mehnat resurslarining bilimini, malakasini yuksaltirishga;
ijtimoiy sohalarni rivojlantirish va boshqa shu kabilarga.
Barcha yo’nalishlar bo’yicha qishloq xo’jaligiga sarflanayotgan investitsiyalarning maqsadga muvofiq yo‗naltirilishi ta‘minlanishi kerak. Hozirgi vaqtda qishloq xo’jaligi tarmog’iga davlat budjetidan ham ko‗plab mablag‗lar yo’naltirilmoqda. Jumladan, qishloq xo’jaligining ayrim sohalarni rivojlantirish uchun subsidiyalar ajratilmoqda. Ushbu mablag‗lardan foydalanish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish lozim. Ulardan oqilona, samarali foydalanish natijasida qishloq xo’jaligining yalpi mahsuloti, yalpi va sof daromadi ortadi. Bu investitsiyalarning iqtisodiy samaradorligi yuksalishini ta‘minlaydi.