Lingvistik qobiliyatlarni A.X. YUgay o‘rgangan. Lingvistik qobiliyatlar tarkibida u fonematik eshitish qobiliyati (tilning sezgirligi), lingvistik tafakkur va verbal xotirani ajratdi.
Qobiliyatlarning mavjud emasligi odamning u yoki bu faoliyatni bajarishga yaroqsizligini bildirmaydi, chunki ega bo‘lmagan qobiliyatlarning o‘rnini to‘ldirish psixologik mexanizmi mavjud. Ko‘p hollarda faoliyat bilan faqat qobiliyatlilar emas, balki ularga ega bo‘lmaganlarning ham shug‘ullanishiga to‘g‘ri keladi. Agar odam bu faoliyat bilan shug‘ullanishni davom ettirishga majbur bo‘lsa, u ongli ravishda yoki anglanmagan holda, o‘z shaxsining kuchli sifatlariga tayanib, qobiliyatlar etishmovchiligini to‘ldirishga harakat qiladi. E.P. Ilinning fikriga ko‘ra, bu to‘ldirish egallanadigan bilim va ko‘nikmalar, yoki faoliyatning individual-tipik uslubini shakllantirish orqali, yoki boshqa, rivojlanishi yuksakroq bo‘lgan qobiliyat orqali amalga oshirilishi mumkin. Etishmagan qobiliyat juda keng muayyan insondagi yuksak rivojlangan qobiliyatlar bilan to‘ldirilishi mumkin. Aynan, shu xususiyat insonning turli sohalarda samarali faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratadi.
Qobiliyatlarda bir qancha darajalarni ajratish mumkin: layoqat, mohirlik, iste’dod, geniallik.
Qobiliyat deb, insonni u yoki bu faoliyatning samarali bajarilish imkoniyati bilan ta’minlovchi layoqatlarning o‘ziga xos uyg‘unligiga aytiladi. Ushbu ta’rifda qobiliyatga bog‘liq ravishda faoliyatning samarali bajarilishi emas, balki, faqat shunday bajarilishi mumkin bo‘lgan imkoniyatga e’tibor qaratish lozim. Faoliyatni samarali tarzda amalga oshirish uchun muvofiq keladigan qobiliyatlar uyg‘unligining mavjudligi emas, balki, zarur bilim va ko‘nikmalarning egallanganligi ham muhimdir. Qobiliyat faqat u yoki bu faoliyatda muvaffaqiyatga erishish imkoniyatini belgilaydi, bu imkoniyatning joriy qilinishi esa muayyan qobiliyatlarning rivojlanish darajasi va qanday bilim va ko‘nikmalarning egallanganligi bilan belgilanadi.
Qobiliyatli insonlarning individual farqlari qiziqishlarning yo‘nalganligi bilan belgilanadi. Xuddi shunday, ayrimlar matematikaga, boshqalar tarixga, uchinchilar esa jamoatchilik ishiga qiziqadilar.
Inson qobiliyatlarini xarakterlaganda ko‘pincha, ular taraqqiyotining mohirlik deb ataluvchi, ya’ni, ma’lum faoliyatda mukammallikka erishish darajasi alohida ko‘rsatiladi. Insonning mohirligi haqida so‘z yuritilganda, avvalambor, uning ishlab chiqaruvchi faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanish qobiliyati nazarda tutiladi. Lekin bu, mohirlik orttirilgan malaka va ko‘nikmalarning yig‘indisi, degani emas. Mohirlik yuzaga keladigan muammolarni ijodiy hal qilishga psixologik shaylikni taqazo etadi. «Mohirlik – bu «nima» va «qanday»larning bir vaqtning o‘zida kelishi»,- deb bejizga aytilmagan, bu bilan, usta uchun ijodiy masalani anglash bilan uni echish usullarini topishning o‘rtasida uzilish mavjud emasligi ta’kidlanadi.
Qobiliyatlar rivojlanishining keyingi darajasi – iste’dod. «Iste’dod» so‘zi muqaddas kitoblarda uchraydi, bunda kumush o‘lchov birligi nazarda tutilgan, kumushni xo‘jayinidan olgan tanbal ishchi uni tijoratga ishlatib, foyda olishning o‘rniga, erga ko‘mib qo‘ygan («Iste’dodini erga ko‘mgan» iborasi shundan paydo bo‘lgan). Hozirda iste’dod deb, maxsus qobiliyatlar (musiqiy, adabiy, matematik va boshqqalar)ning yuqori rivojlanish darajasiga aytiladi. Iste’dod faoliyatda namoyon bo‘ladi va rivojlanadi. Iste’dodli odam faoliyati yangiligi, yondoshuvning o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Iste’dod – bu qobiliyatlar yig‘indisi. Alohida chegaralab qo‘yilgan qobiliyat, yuqori darajada rivojlangan bo‘lsada, iste’dod deb atalishi mumkin emas. Masalan, buyuk iste’dodlar ichida yaxshi xotira va yomon xotira egalarini aniqlash mumkin. Bu inson ijodiy faoliyatida xotira – muvaffaqiyatga erishishning omillaridan biri ekanligiga bog‘liq. Lekin natijalarga aqlning teranligi, boy fantaziya, kuchli iroda, chuqur qiziqishlarsiz erishib bo‘lmaydi.
Qobiliyatlar taraqqiyotining oliy darajasi geniallik deb ataladi. Insonning ijodiy yutuqlari jamiyat hayoti, madaniyat rivojida butun bir davrni tashkil etganida geniallik haqida so‘z yuritiladi. Genial odamlar juda ozchillikni tashkil etadi. Inson tamaddunining besh ming yillik tarixida ular 400 ta odamdan oshmaydi. Geniyni xarakterlovchi iste’dodning yuqori darajasi faoliyatning turli sohalarida o‘ta qobiliyatli bo‘lish bilan bog‘liq. Bunday allomalardan Arastu, Leonardo da Vinchi, R. Dekart, G.V. Leybnits, M.V. Lomonosov va boshqalarni keltirish mumkin. Xuddi shunday, M.V. Lomonosov fanning turli sohalari: kimyo, astronomiya, matematikada buyuk natijalarga erishgan, va shu bilan birga, rassom, adabiyotshunos, tilshunos bo‘lib, she’riyatni juda yaxshi bilgan. Lekin bu holat geniyning barcha individual sifatlari bir xil darajada rivojlanganligini bildirmaydi. Uning qaysidir tomoni ustunlik qilishi, qaysidir qobiliyatlari yorqinroq namoyon bo‘lishi mumkin.
F.A.Gallning fikricha, odamning hamma qobiliyatlari “aql” va “qobiliyat” sifatlari miya yarim sharlarida o‘zining maxsus qat’iy markazlariga ega, ya’ni bu sifatlarning taraqqiyot darajasi miya tegishli qismlarining miqdoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqdir. SHuning uchun odamning kalla suyagiga bir qarash yoki boshidagi do‘mboqchalarni shunchaki paypaslab ko‘rish orqali go‘yo odamning qobiliyatlarini aniqlasa bo‘ladi. Layoqatning miya miqdori, massasi va og‘irligiga bog‘liqligi haqidagi faraz ham bekor qilingan. Katta yoshdagi odam miyasining o‘rtacha og‘irligi 1400 grammga yaqin bo‘ladi. U.S. Turgenev miyasining og‘irligi 2001 gramm, D.G Bayronniki 1800 grammni, mashhur ximik YU.Libixniki 1360 grammni, yozuvchi Afransniki 1017 gramni tashkil qilgan. Eng katta miya aqliy jihatdan nuqsoni bor odamga taalluqli ekanligi aniqlangan.
1675 yilda F.Galtonning “Talantning irsiyatga bog‘liqligi qonunlari va oqibatlari” degan kitobi nashr etildi. Bunda muallif bir necha yuzlab mashhur kishilarning qarindoshlik aloqalarini o‘rganib, talant ota-onadan irsiyat yo‘li orqali o‘tadi degan xulosaga kelgan. Biroq Galtonning xulosalari ilmiy jihatdan asoslanmagan edi. Baxlar oilasida musiqaga bo‘lgan talant dastavval 1550 yilda ma’lum bo‘lgan. Bu talant 1800 yillarda yashagan qandaydir Regina Susanadan so‘ng tamom bo‘lgan. Umuman Baxlar oilasida 57 dan ko‘p musiqachi bo‘lgan. Ularning 20 tasi mashhur bo‘lgan.
Bend degan skripkachilar oilasida 9 ta mashhur musiqachi bo‘lgan. Goydon oilasida 2 ta mashhur musiqachi bo‘lgan. Ko‘pchilik hollarda mashhur odamlarning nasl-nasablarini o‘rganish biologik irsiyatdan emas, balki hayot sharoitining nasdan naslga o‘tishidan, ya’ni qobiliyatlar taraqqiyotiga yordam berishdan ekanligi ma’lum bo‘ladi.
XX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan layoqatni miyaning mikrotuzilishi va sezgi a’zolari bilan bog‘lovchi faraz mahsuldor bo‘lib hisoblanadi. Miya hujayralarini tadqiq etish iste’dodli nerv hujayralarining morfologik va funksional xususiyatlarida farq borligini aniqlash mumkinligi faraz qilinadi. Layoqatlar bilan nerv jarayonlarining ayrim differensial xususiyatlari hamda oliy nerv faoliyatining tiplari o‘rtasida bog‘liqlik mavjudligi to‘g‘risida faraz ham haqiqatga yaqindir.
Bu konsepsiyaning natijaviy xulosasi bo‘lib, har bir odamda turli qobiliyatlarni shakllantirish mumkinligi haqidagi holat hisoblanadi. Ushbu fikrning tarafdori, amerikalik olim U. Ushbining tasdiqlashiga ko‘ra, qobiliyatlar, avvalambor, inson bolaligida shakllangan aqliy faoliyat dasturi bilan belgilanadi. O‘z dasturiga muvofiq ravishda ayrim odamlar ijodiy masalalarni echadilar, boshqalar esa nimani o‘rgangan bo‘lsalar, shuni bajara oladilar. Hozirda bu konsepsiyaning tarafdorlari AQSHda qobiliyatli bolalarni «o‘stirish»ning maxsus markazlarini tashkil qilmoqdalar. Xuddi shunday, Filadelfiya institutida inson qobiliyatidan yanada yaxshiroq foydalanish uchun har daqiqa g‘animat deb hisoblab, miyaga tanballik qilishga imkoniyat yaratmaslik maqsadida bolalarning aqliy rivojlanishi bo‘yicha mashg‘ulotlarni 4-5 yoshdan boshlaydilar
Hayotiy kuzatuvlar va maxsus tadqiqotlar qobiliyatlar tabiiy shartlarining mavjudligini inkor etish yaramasligini ko‘rsatadilar.
Rossiya psixologiyasida qobiliyatlar muammosi bo‘yicha mashhur psixologlardan B.M. Teplov, A.N. Leontev, V.D. Nebыlitsin, N.S. Leytes va boshqalar shug‘ullanganlar. Rossiya psixologiyasida tarkib topgan nuqtai nazarni qisqacha shunday ta’riflash mumkin: inson qobiliyatlari o‘z tabiatiga ko‘ra bioijtimoiydir.
SHunday qilib, bir tomondan, qobiliyatlar rivojlanishida irsiyat katta ahamiyatga ega, chunki inson asab tizimi anatomik-fiziologik tuzilishining xususiyatlari ma’lum darajada iste’dod nishonalarini belgilab beradi. Lekin, ikkinchi tomondan, qobiliyatlarning rivojlanishi ko‘plab ijtimoiy sharoitlarga bog‘liq, ularning sirasiga tarbiyalash xususiyatlari, jamiyatning u yoki bu faoliyatga ehtiyoji, ta’lim tizimining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqalarni kiritish zarur.
Qobiliyatlar muammosi bilan O‘zbekiston psixolog olimlaridan E.G. G‘oziev, R.Z. Gaynutdinov, M.G. Davletshin, B.R. Qodirov, V.A. Tokareva va boshqalar shug‘ullanadilar.
O‘yinlar jarayonida ko‘pchilik harakatli, konstruktorlik, tashkilotchilik, badiiy-tasviriy va boshqa ijodkorlik qobiliyatlarining rivojlanishi sodir bo‘ladi. O‘yinlarning muhim bo‘lgan o‘ziga xos xususiyati ularda bir emas, birdaniga bir qancha qobiliyatlar yaxlit majmuasining rivojlanishi hisoblanadi.
Bola shug‘ullanayotgan barcha faoliyatlar hammasi ham, u o‘yin, yasash yoki chizish bo‘lsin qobiliyatlarning rivojlanishi uchun birday ahamiyatga ega bo‘lmaydilar. Qobiliyatlarning rivojlanishiga ko‘proq, bolani o‘ylashga majbur qiladigan ijodkorlik faoliyati yordam beradi. Bunday faoliyat har doim biror yangilik yaratish, o‘zi uchun yangi bilimni kashf etish, o‘zida yangi imkoniyatlarni aniqlash bilan bog‘liq va u bilan shug‘ullanish uchun, hamda yuzaga keladigan qiyinchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan zarur kuchlarni ishga solishga kuchli rag‘bat bo‘ladi. Bundan tashqari ijodkorlik faoliyati ijobiy o‘zini baholashni mustahkamlaydi, talablar darajasini oshiradi, o‘ziga ishonch va erishilgan yutuqlardan mamnunlik hissini uyg‘otadi.
Agar bajarilayotgan faoliyat eng maqbul qiyinchiliklar sohasida, ya’ni, bola imkoniyatlari chegarasida joylashgan bo‘lsa, u holda qobiliyatlarning rivojlanishiga olib keladi.
Qobiliyatlarning rivojlanishi ko‘p darajada iste’dod nishonalarining joriy etilishiga imkon yaratuvchi sharoitlarga bog‘liqdir. Bunday sharoitlardan biri oiladagi tarbiya xususiyatlaridir. Agar ota-onalar o‘z bolalarida qobiliyatlarning rivojlanishi haqida qayg‘urar ekanlar, bolalarda biror-bir qobiliyatning aniqlanish ehtimolligi o‘z hollariga tashlab qo‘yilgan bolalarga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi.
Qobiliyatlar rivojlanishi mumkin bo‘lgan sharoitlarning boshqa guruhini makromuhit xususiyatlari belgilab beradi. Makromuhit deb, inson tug‘ilib, o‘sgan jamiyat xususiyatlariga aytiladi. Makromuhitning ijobiy omili bo‘lib, jamiyatning o‘z a’zolaridagi qobiliyatlarning rivojlanishi haqida g‘amho‘rlik ko‘rsatishidagi vaziyat hisoblanadi.
Qobiliyatlarning rivojlanishida muhim o‘rinni motivatsiya va u sababli yuzaga keladigan zo‘riqishli faollik egallaydi. Xuddi shunday, iste’dodli bolalar o‘zlari intilayotgan faoliyatga nisbatan moyillik bildiradilar. Ular muntazam va jadal ravishda toliqmay, o‘zlariga qiziqarli faoliyat bilan shug‘ullanadilar.
Qobiliyatlarning rivojlanishini insonga tabiat tomonidan berilganlarning etilishi kabi tabiiy iste’dod nishonalarining ham miqdor jihatdan o‘sishi sifatida tushunish yaramaydi. Qobiliyatlarning rivojlanishi insonga uning faoliyati jarayonida, bu faoliyatning turli-tumanligi va mazmundorligi, unda kuchlarni maksimal darajada ifodalanishi bilan qo‘yiladigan talablar orqali belgilanadi. Bundan kelib chiqadiki, faoliyatni qobiliyatlar shakllanishining manbai va omili, mehnatsevarlik, qat’iyatlilik va ishchanlikni esa – hayotda orttirilgan qobiliyatlar shakllanishining muhim shartlari sifatida ko‘rib chiqish lozim. Inson amaliyotda foydalanmay qo‘ygan rivojlantirilmagan qobiliyat vaqt o‘tishi bilan yo‘qoladi. Faqat muntazam mashqlar tufayli biz o‘zimizda maqbul qobiliyatlarni mustahkamlab, rivojlantirib boramiz
Qobiliyatlarni samarali tarzda rivojlantirish uchun «chegara nazariyasi» xulosalarini hisobga olgan holda, unga binoan, inson o‘zining jismoniy yoki aqliy imkoniyatlari chegarasida faoliyat yuritib, o‘z qobiliyatlarini to‘liq namoyon etadi va rivojlantiradi. Lekin bunda to‘siqlar tamoyilining xususiyatlarini hisobga olish zarur, unga binoan, to‘siq aynan ushbu odam uchun muvofiq bo‘lishi lozim.
Rivojlanishining birinchi bosqichida qobiliyatlar reproduktiv va taqlidiy xususiyatga ega bo‘ladilar, lekin o‘ziga xos, ijodiy elementlarning qanchalik tez va aniqroq namoyon bo‘lishi, iste’dod haqida so‘z yuritishga asos bo‘la oladi. Qobiliyatlar rivojlanishining ikkinchi bosqichida faoliyatdagi ijodiy elementlar, masalalarni tuzish va hal etishda mustaqillik xususiyatlari kuzatiladi. Xuddi shu tartibda o‘zida qobiliyatlarni rivojlantirish va tarbiyalash uchun ichki shartlar yaratiladi.
Qobiliyatlar baravar rivojlanmaydi: bilim va tajribaning to‘planish me’yoriga ko‘ra, birlari – oldinroq, boshqalari – kechroq taraqqiy etadi. Barchasidan avval musiqiy, so‘ngra tasviriy qobiliyatlar (maktabgacha yoshda) rivojlanadi. SHe’riyatga bo‘lgan qobiliyat o‘smirlik yoshida jadal rivojlanadi, fanlarga bo‘lgan qobiliyatlar orasida matematikaga bo‘lgan qobiliyat erta rivojlanadi. Bir xil qobiliyatlar faoliyat va tarbiya sharoitlariga bog‘liq ravishda yoki juda tez, yoki juda sekin maromda rivojlanishi mumkin. Xuddi shunday, harakat usullarini shaxsan kashf etish yoki boshqalar tomnidan ishlab chiqilgan yangi harakat usullarini egallash mehnat mahsuldorligini oshirish bilan birga, qobiliyatlarning rivojlanishini tezlashtirishga yangi imkoniyatlar yaratadi. Aksincha, izlanishdan to‘xtash, xotirjamlik va o‘zidan mamnunlik qobiliyatlar rivojlanish maromini keskin pasaytirishi mumkin.
Qobiliyatlarni aniqlash va rivojlantirish muammosi kasbga yo‘naltirish va kasb tanlash munosabati bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Kasbga yo‘naltirishning zarurligi har bir odam duch keladigan o‘ta dolzarb muammo – hayot yo‘lini tanlash va kasbiy yo‘nalganlik bilan bog‘liq bo‘lgan o‘z taqdirini o‘zi belgilashi bilan bog‘liqdir. Kabga yo‘naltirishning, fransiyalik psixolog A. Leon tashishlash va tarbiyaviy deb nomlagan ikki konsepsiyasi tarixan tarkib topgan deb hisoblanadi. Maslahatchi testlar yordamida inson qobiliyatlarni aniqlaydi va ularni kasb talablari bilan solishtirish yordamida, uning yaroqliligi yoki yaroqsizligi haqida xulosa chiqaradi. Ko‘pchilik olimlar tomonidan ushbu konsepsiya mexanik konsepsiya sifatida baholanadi. Uning asosida qobiliyatlarga muhit ta’siriga kam beriluvchan barqaror tuzilmalar sifatida nazar solish yotadi.
Ikkinchi – tarbiyaviy – konsepsiya individni kasbiy hayotga tayyorlash, uning rejalashtirilgan tarbiyaviy ta’sirlarga mos ravishda o‘zini belgilab olishiga yo‘naltirilgan. Unda asosiy e’tibor turli faoliyat turlarini egallash jarayonida shaxs rivojlanishini o‘rganishga qaratiladi. Kasbga yo‘naltirish muammosini hal etish ikkala yondoshuv yagona zanjirning halqalarini tashkil etgan: individ qobiliyatlarini aniqlash va bo‘lajak kasbga tayyorlanishida ko‘mak berish holatidagina amalga oshiriladi.
Kasb talablari va qobiliyatlarining nisbatini ko‘rib chiqib, E.A. Klimov kasbiy yaroqlilikni to‘rt darajaga bo‘ldi. Birinchi daraja – ushbu kasbga yaroqsizlik. U vaqtinchalik yoki umuman bartaraf etilmaydigan bo‘lishi mumkin. Ikkinchi daraja – u yoki bu kasb yoki guruhga yaroqlilik. Bu darajada odam u yoki bu mehnat sohasiga nisbatan qarshi ko‘rsatmalarga ega emas, lekin ko‘rsatmalar ham berilmagan bo‘ladi. Uchinchidarajada – ushbu faoliyat sohasiga muvofiqlik: qarshi ko‘rsatmalar yo‘q, ma’lum kasb yoki kasblar guruhi talablariga aniq mos keladigan ba’zi shaxs sifatlari mavjud. To‘rtinchi darajada – faoliyatning ushbu kasb sohasiga moyillik. Bu inson kasbga yaroqliligining oliy darajasi.
Har qanday holatda ham individning u yoki bu faoliyatga yaroqliligini oldindan belgilash faoliyatdagi qobiliyatlarning rivojlanishi haqidagi nizomdan kelib chiqqan holda tarkib topishi zarur. S.L. Rubinshteyn inson qobiliyatlari rivojlanishining asosiy qoidasini quyidagicha ifodalaydi: «Qobiliyatlar rivojlanishi spiral bo‘yicha amalga oshiriladi: biror darajadagi qobiliyatdan iborat bo‘lgan imkoniyatni joriy etish, undan yuqori darajadagi qobiliyatlarning keyingi rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Inson qobiliyati xususiy imkoniyatlarni joriy etish ochib beradigan yangi imkoniyatlar kengligi bilan belgilanadi».
Oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun kasbiy qobiliyatlarining shakllanishi o‘qitishning birinchi kunlaridan boshlab o‘quv-tarbiyaviy ishlarning yaxlit tizimi vositasida amalga oshirilishi muhimdir. Ma’lum kasb tomonidan talabaga qo‘yilayotgan psixologik talablarni tushungan holda, uning kasbiy qobiliyatlarini to‘g‘ri baholash va ularni rivojlantirish mumkin.