Qobiliyatlarning psixologik strukturasi.
Qobiliyatlar avvalom bor umumiy va maxsus turlarga bo’linadi va har birining o’z psixologik tizimi va tuzilishi bo’ladi. Shaxsning umumiy qobiliyatlari undagi shunday individual sifatlar majmuiki, ular odamga bir qancha faoliyat sohasida ham muvaffaqiyatli faoliyat ko’rsatish va natijalarga erishishga imkon beradi. Masalan, texnika oliy o’quv yurtining talabasi ham ijtimoiy — gumanitar, ham aniq fanlar, ham texnika fanlari sohasidagi bilimlarni o’zlashtira oladi. Bunda unga umumiy bilimdonlik, nutq qobiliyatlari, tirishqoqlik, chidam, qiziquvchanlik kabi qator sifatlar yordam beradi.
Maxsus qobiliyatlar esa ma’lum bir sohada yutuqlarga erishish, yuqori ko’rsatgichlar berishga imkon beruvchi sifatlarni o’zichiga oladi. Masalan, sport sohasi bilan buxgalterlik hisob-kitobi bo’yicha ishlayotgan ikki kishida o’ziga xos maxsus qobiliyatlar bo’lmasa bo’lmaydi.
Har bir qobiliyat o’zining tizimiga ega. Masalan, matematik qobiliyatni oladigan bo’lsak, uning tarkibiga umumlashtirish malakalari, aqliy jarayonlarning egiluvchanligi, mavxum tafakkur qila olish kabi qator xususiyatlar kiradi. Adabiy qobiliyatlarga ulardan farqli, ijodiy hayol va tafakkur, xotiradagi yorkin va ko’rgazmali obrazlar, estetik hislar, tilni mukammal bilishga layoqat; pedagogik qobiliyatlarga esa — pedagogik odob, kuzatuvchanlik, bolalarni sevish, bilimlarni o’zgalarga berishga ehtiyoj kabi qator individual xossalar kiradi. Xuddi shunga o’xshash qolgan barcha qobiliyatlarni ham zarur sifatlar tizimida tahlil qilish mumkin va bu katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’ladi.
Dostları ilə paylaş: |