Samarqand mudofaasi[tahrir | manbasini tahrirlash]
1868-yil 2-iyunda Zirabuloq choʻqqisida hal qiluvchi jangda, ruslar Buxoro amirining asosiy kuchlarini tor-mor etdi. Jangda 100 ga yaqin rus askari va Buxoro qoʻshida esa 3,5 mingdan 10 ming kishigacha askar halok boʻldi. 1868-yil 5-iyulda tinchlik shartnomasi imzolandi. Buxoro amirligi Samarqandni boy berdi.
1868-yil 1-mayda rus podsho qoʻshinlari Samarqandni egallagach, general K. P. Kaufman shahar va uning atrofida joylashgan viloyatlardagi mahalliy amaldorlar oʻz oʻrinlarida qoldirilganini, xalq bungacha mavjud boʻlgan soliqlarni podsho Rossiyasi xazinasiga topshirmogi lozim ekanligini eʼlon qilgan. Oʻsha yilgi soliklar toʻla undirilganiga qaramay, podsho hukumati aholiga qayta soliq solishni talab qilgan. Samarqand viloyatida general N.N. Golovachyov boshliq harbiy byurokratik hokimiyat tashkil qilinib, mehnatkash aholi mahalliy amaldorlar va podsho maʼmuriyati tomonidan ezilishi Samarqand quzgʻoloniga sabab boʻlgan. 1-iyun kuni amir Muzaffarning toʻngʻich oʻgʻli Abdulmalik toʻra boshchiligidagi qoʻshinlar Shahrisabzdan Samarqandga yoʻl olishgan. Ularning yetib kelishi bilan ruslarga qarshi qoʻzgʻolon boshlangan. Qoʻzgʻolonda xitoy-qipchoqlar, naymanlar, urgutliklar, panjakentliklar, qoraqalpoqlar va shahriabzliklar qatnashgan. Qoʻzgolonchilar dastlab Choʻponota tepaligida yigʻilganlar. 2-iyun kuni qalʼaga hujum boshlangan. Oʻsha davrda Samarqand qalʼasining ikkita darvozasi boʻlgan. Asosiy janglar janubida Ruhobod maqbarasi tarafida joylashgan Buxoro darvozasi atrofida boʻlgan. Baʼzi mulumotlarga qaraganda janglarda vatanparvarlardan 6 mingdan ziyod odam qatnashgan[17].
Qoʻzgʻolonga dastlab Shahrisabz va Kitob beklari Joʻrabek va Bobobeklar, keyinchalik Abdulmalik to'ra rahbarlik qilishgan. Qoʻzgʻolonchilar rus askarlari joylashgan qalʼaga qattiq hujumlar uyushtirishgan. Butun shahar aholisi qoʻzgʻalgan. Biroq amir qoʻshinlari Zirabuloq jangida ruslar tomonidan tormor keltirilganini eshitgandan soʻng va 4-iyun kuni ruslar Shahrisabzga yurish boshlaganligi toʻgʻrisida yolgʻon mishmishga ishongan Kitob va Shaqrisabz beklari Samarqanddan chiqib ketishgan. Keyinchalik qoʻzgʻolonni Ibod Salimboyev, Toʻxtaxoʻja Naʼlgar, Zokirboy Razzoqboyev, Abdusharof Abdulfatovlar boshqarishgan. Kuchlarning zaiflashishiga qaramay samarqandliklar qoʻzgʻolonni toʻxtatmay 7-iyungacha davom ettirishgan, lekin qoʻzgʻolonchilar uyushtirgan hujumlar ancha susaygan. 2 kun mobaynida podsho qoʻshinining 150 kishisi safdan chiqqan. 8-iyun kuni podsho qoʻshiniga yordamga ilgʻor qismlar yetib kelgandan keyin qattiq jang boʻlib, Samarqand ruslar tomonidan ishgʻol qilingan[18].
1868-yil 8-iyunda Kaufman buyrugʻi bilan Samarqand birvarakayiga toʻpga tutiladi. Shaharni batamom yoqib yuborish haqida buyruq olgan askarlar qirgʻin boshlaydilar. 9-iyunda minglab kishining yostigʻini quritgan Samarqand fojiasi boshlanadi. Qatli om 3 kun davom etadi. Yuzlab odamlar hech qanday tergovsiz, soʻroqsiz otib tashlandilar. 19 kishi, jumladan, qoʻzgʻolon faollari Sibirga surgun qilingan. Umuman olganda Samarqand qoʻzgʻoloni tarixda muhim oʻrin tutadi. S. Ayniyning fikricha, Abdulmalik toʻraning harakati va qoʻzgʻolonchilarning jasorati tufayli Kaufman Buxoroga hujum qilishdan voz kechishga va sulh tuzishga majbur boʻlgan.
Xivaning bosib olinishi
Xiva yurishi 1873-yilda general Kaufman boshchiligida amalga oshirildi. 4 ta otryad tuzildi (Turkiston, Krasnovodsk, Mangʻishloq va Orenburg), umumiy soni 13000 ga yaqin, 4600 ot va 20000 tuya boʻlib, fevral oyining oxiri va mart oyining boshlarida Jizzax, Kazalinsk va Kaspiy dengizi qirgʻoqlardan(Mangʻishloq va Krasnovodsk otryadlari) yoʻlga chiqishdi. Otryadlardan faqat Krasnovodsk Xivaga yetib borolmadi. Yoʻlning aql bovar qilmas qiyinchiliklaridan soʻng, suvsiz choʻllarda issiqlik va changdan aziyat chekkan birlashgan otryadlar may oyining oxirida Xivaga yaqinlashdi. 1873-yil 28-mayda general Verevkin boshchiligidagi Orenburg-Mangʻishloq otryadi qoʻshinlarining bir qismi, Xiva shahriga yaqinlashib, toʻplardan 250 metr uzoqlikdan shaharga oʻt ochgan[19].
Shaharda tartibsizliklar boshlandi va xon hujumni kutmasdan, taslim boʻlish uchun Kaufmanga vakil yuborishga qaror qildi. 28-kuni kechqurun general Verevkin general Kaufman Xivadan 16 chaqirim uzoqlikda ekanligi va dushman u xon bilan muzokaraga kirishgani haqida xabar oladi. Kaufman, agar xivaliklar qarshilik koʻrsatmasa, oʻt ochishni toʻxtatishni buyurdi va ertasi kuni ertalab Verevkin otryadi Turkiston otryadiga qoʻshilish uchun Sariykoʻprik koʻprigiga yoʻl oldi. 29-may kuni ertalab Verevkin Shohobod darvozasiga taslim boʻlishni talab qildi. Darvoza boshligʻi Verevkin talabni bajarishdan bosh tortdi. Verevkin kuch bilan darvozani olishni buyurdi. 2 ta toʻp oʻrnatildi, devorgacha boʻlgan masofa qadamlar bilan oʻlchandi, darvozalar granatalar bilan teshildi va darvoza egallandi[20].
Rus qoʻshinlarining Xivaga kirib kelishi
Shunday qilib, Xiva Orenburg otryadining qoʻshinlari tomonidan bosib olindi. Rossiya hukumatining rejalarida butun Xiva xonligini qoʻshib olish koʻzda tutilmaganligi sababli, xonga mamlakatni boshqarish huquqi berildi. Uning huzurida maxsus kengash tuzilib, unga rus qoʻshinlarini oziq-ovqat bilan taʼminlash va xonlikda 15 minggacha boʻlgan fors qullarini ozod qilish yuklangan[21].
Turkmanlarning boʻysundirilishi
Turkmanlar asosan Amudaryo boʻylarida dehqonchilik va janubi-gʻarbda Kopettogʻ yonbagʻirlari boʻylab chorvachilik bilan shugʻullanishgan. Yarim oʻtroq aholi bahor va kuzda qoʻylarini choʻllarga haydab yuborardi. Turkmanlarning uyushgan davlati yoʻq edi. Ayrimlari Xiva uchun yollanma askar sifatida xizmat qilgan. Ular odatda Eronga bostirib kirishib, qullarni Xiva qul bozorida sotishgan. Ular, shuningdek, sahroga moslashgan otlarni yetishtirishgan. Xonliklarning qoʻshinlaridan farqli oʻlaroq, turkmanlar yaxshi jangchi va otliq edilar, lekin ruslarning zamonaviy qurollari va portlovchi artilleriyasiga qarshi deyarli hech narsa qila olmadilar[22].