Hozirgi kunda soliq tizimi tarkibida qo’shilgan qiymat solig’i (QQS) umumdavlat soliqlari sifatida davlat byudjetini shakllantiruvchi manba bo’lib, ushbu soliq turidan foydalanish darajasi o’sib borayotganligini ko’rsatish mumkin
Qo’shilgan qiymat solig’ining zarurligi bozor iqtisodiyoti sharoitida davlat tomonidan tartibga solib turish va uni boshqarish vazifasi bajarayotgan paytda namoyon bo’ladi. Shu davrda davlat o’z funktsiyasini bajarishi uchun albatta moliyaviy manbaga ega bo’lishi kerak. Ana shunday manbalarni byudjetga jalb qilishning asosiy, balki, kelajakdagi yagona yo’li soliqlardir.
Qo’shilgan qiyamt solig’i egri soliq hisoblanadi. Bu esa egri soliq sifatida mahsulotlar narxining keskin oshishiga sabab bo’ladi. Mahsulotlar narxining keskin oshishi, iste’molchilar xarid qobiliyatini pasaytiradi. Chunki egri soliqlarning xaqiqiy to’lovchilari oxirgi iste’molchilar hisoblanadi. Respublikamizda egri soliqlar sifatida qo’shilgan qiymat solig’i, aktsiz solig’i, bojxona bojlari va boshqalarni misol keltirish mumkin.
Qo’shilgan qiymat solig’i ishlab chiqarishning har bir bosqichida yaratilayotgan qiymatga (ya’ni, mahsulot, ish va xizmatlar) qiymatiga, davlat o’z hukmronligidan foydalanib, o’zining “haqini” qo’yadi va mahsulot va ish-xizmatlarning qo’shilgan qiymat solig’i hisobiga sun’iy oshirilishi natijasida asosan aholi daromadlarining bir qismini o’zining daromadiga korxona va tashkilotlar vositachiligida undirib olinadi. Qo’shilgan qiymat solig’ining asosiy vazifasi va ahamiyatli tomoni byudjet daromadlarini shakllantirishdir, ya’ni fiskal funktsiyasini bajarishga xizmat qiladi
Har qanday buyum, narsa, voqelikni chuqur bilish uchun uning mohiyatini chuqur tushunib etmoq zarur. Qo’shilgan qiymat solig’ini ham boshqa solikdar kabi mohiyati, ya’ni soliqchi va soliq to’lovchilar o’rtasidagi munosabatlarni ifodalashda o’z aksini topadi. Shunday ekan qo’shilgan qiymat solig’ining mohiyatini shakllantirishda uni qat’iy doimiy takrorlanib turadigan munosabat deb tushunishimiz lozim.