Qo’shma gap



Yüklə 117,5 Kb.
səhifə1/3
tarix21.12.2023
ölçüsü117,5 Kb.
#187945
  1   2   3
Qo\'shma gaplar tasnifi


Qo'shma gaplar tasnifi

Reja:
Kirish
Asosiy qism

  1. Qo’shma gap haqida umumiy ma‘lumot.

  2. [E] ga ko’ra [WPm+WPm] turlari.

  3. [W] ga ko’ra [WPm+WPm] turlari.

  4. [Pm] ga ko’ra [WPm+WPm] turlari.

  5. Qo’shma gaplarning qurilishiga ko’ra tasnifi.

Xulosa
Foydalanilgan adabiyotlar
Ikki yoki undan ortiq grammatik asosning mazmun, grammatik va intonatciyaga ko`ra birikishdan hosil bo`lgan gap qo`shma gap deyiladi.
Qo`shma gapning grammatik asosi ikki yoki undan ortiq gaplar bo`lib, uning qismlari mazmun va grammatik jihatdan, shuningdek, intonatciyaga ko`ra birikib, bir butunlikni tashkil qiladi.
Masalan: Quyosh jilmayib boqar va sarg`aygan ko`katlar kokilida shudring jilolanardi. (O`.Hoshimov) Bu qo`shma gap tarkibida ikkita grammatik asos bo`lib, ular orasida bir paytda ruy berayotgan voqea- hodisalar ifoda etilgan. Qo`shma gap qismlari esa zidlov bog`lovchisi yordamida o`zaro birikkan.
Qo`shma gap turlari.
Qo`shma gaplar, qismlarining o`zaro birikish usuli va semantik munosabatiga ko`ra, uch xil bo`ladi:
1.Bog`langan qo`shma gap; 2.ergashgan qo`shma gap; 3. Bog`lovchisiz qo`shma gap.
Qiyoslang: Iste`dod hamisha har xil bo`ladi, iste`dodsizlar esa hamma joyda bir xildir (e. Vohidov) Shuni aytmoqchimizki, odam hamma vaqt bilimga tashna bo`lishi shart. Fan xalqqa suv- havodek zarur, uni taraqqiy ettirmagan mamlakat, shubhasiz, mustamlakaga aylanadi. Keltirilgan misollarning birinchisi bog`langan qo`shma gap bo`lib, uning qismlari esa yordamchisi vositasida o`zaro teng bog`langan; ikkinchisi ergashgan qo`shma gap bo`lib, uning qismlari –ki aniqlov bog`lovchisi orqali ikkinchi qismni birinchi qismga tobelik yo`li bilan bog`langan; uchinchi gap bog`lovchisiz qo`shma gap bo`lib,uning qismlari o`zaro hech qanday bog`lovchi vositalarisiz- faqat intonatsiya (ohang) orqali birikkan.
Bog`langan qo`shma gap.
Qismlarning o`zaro teng aloqaga kirishuvidan tuzilgan gap bog`langan qo`shma gap deyiladi. Bog`langan qo`shma gap qismlari o`zaro biriktiruv bog`lovchilar (va, hamda), zidlov bog`lovchilari (ammo, lekin, biroq, balki), ayiruv bog`lovchilari (yo,yoki,yoxud,dam..dam, goh-goxh ba`zan.. ba`zan, bir..bir), teng bog`lovchi vazifasidagi- da, -u (-yu), na..na yuklamalari, shuningdek bo`lsa esa yordamchilari vositasida bog`lanadi.
Shunga ko`ra bog`langan qo`shma gaplarni quyidagi turlarga ajratish mumkin.
1.Biriktiruv bog`lovchilari yordamida tuzilgan bog`langan qo`shma gap.
2.Zidlov bog`lovchilari yordamida tuzilgan bog`langan qo`shma gap.
3.Ayiruv bog`lovchilari yordamida tuzilgan bog`langan qo`shma gap.
4.Teng bog`lovchi vazifasidagi yuklamalar yordamida tuzilgan bog`langan qo`shma gap.
5.Bo`lsa, esa yordamchi so`zlar vositasida tuzilgan bog`langan qo`shma gap.
Biriktiruv bog`lovchilari (va, hamda; ba`zan shu vazifadagi ham yuklamasi) yordamida tuzilgan bog`langan qo`shma gap tarkibidagi qismlardan bir paytda yoki ketma-ket ruy beradigan voqea- hodisalar anglashilib turadi.
Masalan: Haqiqat va to`g`rilikni sevadigan odam doim vijdoni farmonga itoat qiladi va uning vijdoniga hech kim hokim bo`la olmaydi. Keng bog`dagi har bir nihol qonib-qonib suv ichdi va uning yaproqlari nurga intilib o`sa boshladi. (U.Xoshimov.)
Zidlov bog`lovchilari (lekin, ammo, biroq, balki) yordamida tuzilgan bog`langan qo`shma gap qismlari mazmunan bir-biriga zid bo`ladi. Masalan: har qanday narsada isrofgarchilik bor, ammo yaxshilikda isrof bo`lmaydi. («Ajoyib nasihatlar».) Burni, qoshi, yana allaqaeri otasiga o`xshaydi, lekin Akbarov ham bir vaqtlar o`g`ilday ajinsiz, quyuq qora sochi bo`lganini tasavvur etish qiyin edi. (P.Kodirov.)
Ayiruv bog`lovchilari (yo, yoki, yoxud, gox..gox, dam..dam, ba`zan...ba`zan..,) yordamida tuzilgan bog`langan qo`shma gapda birini tanlash lozim bo`lgan yoki galma-gal ruy beradigan voqea- hodisalar ifodalanadigan qismlar birikadi.
A) yo (yo..,),yo.., yo bo`lmasa, yoki (yoki..,yoki) yo...,yoki; xoh.., xoh, bog`lovchilari birini tanlash lozim bo`lgan voqea- hodisalarni ifodalovchi qismlarini birlashtiradi. Masalan: Yo ko`k unga o`z sirlarini ochishni tilamas, yo uning aql ko`zgusi xiralashib qolgan.
B) goh.., goh; dam..., dam; ba`zan..., ba`zan bog`lovchilari galma- gal ruy beradigan voqea-hodisalarni ifodalovchi qismlarini bog`laydi. Masalan: Ba`zan oy zarrin kokillarini er yuziga yoyib yuboradi, ba`zan bulut oy yuzini qoplab oladi. (Oybek)
Teng bog`lovchilari vazifasidagi yuklamalar yordamida tuzilgan bog`langan qo`shma gaplar qismlaridan bir paytda yoki ketma- ket ruy beradigan voqea-hodisalar yoxud mazmunan zid bo`lgan voqea-hodisalar anglashilib turadi.
Bunda –u(yu),-da, na..na yuklamalari biriktiruv bog`lovchilarining vazifasini, –u (-yu) yuklamasi zidlov bog`lovchilari vazifasini bajaradi. Masalan: Oyko`l ilgari alohida xo`jalik edi-yu, kattagina irodasi bor edi.(P.Kodirov) Ikki tomondagi kitoblarga to`lab turadigan qubbali javonlarda na bir kitob bor, na bir qo`lyozma bor. (O.Yoquvov).
Bo`lsa, esa so`zlari vositasida tuzilgan bog`langan qo`shma gap qismlaridan bir vaqtda yoki ketma-ket ruy beradigan voqea-hodisalar qiyoslanishi anglashiladi. Masalan: Oliy himmatli kishi, mard odam bir lahzada do`st orttiradi, pastkash esa necha yillik oshganligini bir lahzada barbod qiladi.
Bog`langan qo`shma gapda tinish belgilarining ishlatilishi.
1.Bog`langan qo`shma gap qismlari o`zaro bog`lovchilari yordamida biriksa, shuningdek, yakka qo`llanuvchi yo, yoki, yoxud ayiruv bog`lovchilari yordamida biriksa, ular orasiga vergul qo`yilmaydi. Masalan: Shamol tag`in shu tomonga burildi va ingichka, qo`ng`iroqday ovoz jaranglab eshitildi.(U. Xoshimov)
2.Bog`langan qo`shma gap qismlari zidlov bog`lovchilari yordamida biriksa, bunday bog`lovchidan oldin vergul qo`yiladi.
Masalan: Qorong`ida buloq suvining o`zi ko`rinmas edi, ammo shildirashi aniq eshitilar edi.(P.Kodirov.)
3.Bog`langan qo`shma gap tarkibidagi qismlar bo`lsa, esa so`zlari vositasida biriksa ham, ular orasiga vergul qo`yiladi. Masalan: Harakatchan kishilar odatda omadli bo`ladilar; aksincha, qiladigan ishlarini hadeb o`ylayveradigan va sustkashlik qiladiganlarga esa omad kamdan- kam nasib etadi.
4.Bog`langan qo`shma gap tarkibidagi qismlar takrorlanuvchi ayiruv bog`lovchilari yoki inkor yuklamasi yordamida biriksa, takrorlanib kelgan yordamchidan oldin vergul qo`yiladi. Masalan: Goh supa chetiga ekilgan rayxon hidi dimog`iga uriladi, goh tom orqasidagi yo`ng`ichzorda hashoratlarning bir qiyomda chirillashi e`tiborini tortardi.
Ergashgan qo`shma gap tarkibidagi qismlarning biri ikkinchisiga mazmunan, grammatik va intonatsiya jihatidan tobe bo`lib, uni aniqlash, to`ldirish kabi vazifalarini bajaradi. Shuning uchun ham qismlardan biri hokim, ikkinchisi tobe sanaladi. Bunda ergashgan qo`shma gap tarkibidagi hokim qism bosh gap, tobelanib kelgan qism esa ergash gap deb yuritiladi. ergash gap bosh gapni yoki uning biror bo`lagini izohlash, aniqlash, to`ldirish uchun xizmat qiladi. Masalan: Gar kishi olmasa hayotdan ta`lim, unga o`rgatolmas hech bir muallim. Bu gapda unga o`rgatolmas hech bir muallim bosh gap, gar kishi olmasa haytdan ta`lim ergashgan gap. ergash gap bosh gapni shart munosabatiga ko`ra izohlagan.
Ergashgan qo`shma gapda bosh gapning kesimi ko`pincha to`liq shakllangan bo`ladi, lekin ergash gapning kesimi ko`p hollarda to`liq shakllanmaydi, shu tufayli ergash gapni bosh gapga biriktiruvchi vositalar, asosan, ergash gapning kesimi tarkibida keladi yoki undan so`ng qo`shiladi. Masalan: O`z darajangga munosib o`ringa bilib o`tirsang, bu o`rindan seni hech kim qo`zg`atolmaydi. (Oz-oz o`rganib dono bo`lur.) gapida ergash gapni bosh gapga biriktiruvchi vosita (-sa) ergash gapning kesimi tarkibida kelgan.
Ergashgan qo`shma gap tarkibidagi ergash gap bosh gapga quyidagi vositalar orqali birikadi:
1.Ergashtiruvchi bog`lovchilar (shuning uchun, shu sababli, shu tufayli, chunki, negaki, toki, go`yo,-ki) yordamida: Shunday odamlar bo`ladiki, ularni mansab ham, daraja ham, shon-shuhrat ham o`zgartirmaydi. (G`.G`ulom) Nafas olmay quloq tutgan kishi muttasil shovillagan tovush eshitadi,go`yo olisda shivalab yomg`ir yog`ayotgandek.(S.Ahmad)
2.Ko`makchilar (fe`l formalaridan so`ng kelgan) yordamida: Toshtemir shaharga ketgandan keyin Sodiq ota qiziga hech narsa demadi. (G`.G`ulom) eshik ortiqcha tor bo`lgani uchun, ot siqilibgina o`tdi..(A.Qodiriy)
3.Yuklamalar yordamida: Osmonda bulutlar paydo bo`lganidanmi, dengiz motam tutayotgan ayolga o`xshardi. (O`.Umarbekov)
4.Nisbiy so`zlar yordamida: Odamlar uchun xotirada saqlash qanchalik zarur bo`lsa, ba`zan unutish sham shunchalik zarur.(Oz-oz o`rganib dono bo`lur).
5.Sifatdosh shakli hamda kelishik affiksi yordamida: Ota-onalarimiz qarib qolganda, ularga mehr-muhabbat tuyg`ularimizni baxsh etmog`imiz lozim.(Oz-oz o`rganib dono bo`lur)
6.Fe`lning ravishdosh yordamida: Nasiba chiqib ketgach, Buvsara opa sekin kosaga nazar tashladi.(San`at Mahmudova) Qalin qorlar erib, o`tlar ko`karib qoldi.(Ch.Aytmatov)
7.Fe`lning shart mayli formasi yordamida: Diqqat bilan quloq solsangiz, uning bulbulga taqlid qilayotganini sezasiz.(G`.G`ulom) Oilada hamjihatlik bo`lmasa, uni baxsh tashlab ketar.(Maqol)
8.Fe`lning buyruq-istak mayli formasi yordamida: Ona ishdan qanday o`y, qanday tashvish bilan qaytmasin, shu ko`zlarni ko`riboq, ko`ngli yozilardi.(A.Muxtor)
9.-day (-dek) o`xshatish ma`nosini bildiruvchi qo`shimcha yordamida: To`yning bo`ldi-bo`ldisi qiziq tuyulganday, yangi ishning boshlanish arafasi qiziq bo`ladi.
Ergash gap bosh gapdan oldin ham, keyin ham kelishi mumkin. Masalan: Da`vogar sust kelsa, qozi muttaham..(G`.G`ulom) Qo`rqoq do`st dushmandan xavflidir, chunki dushmandan extiyoj bo`lasan. Ammo do`stga ishonasan.(L.N.Tolstoy)
Ayrim hollarda ergash gap bosh gap ichida ham kelishi mumkin. Masalan: O`zi.., bo`g`oz sovliqlar qiynalmasin deya, ularni o`z yurishiga qarab bamayilxotir haydab ketdi. (Ch.Aytmatov) eshik ochilarkan, o`rmonlarning shovqini bilan oqib kirib, yigitni bir oz hushyorlantirardi.(Oybek)
Ma`lumki, ergash gap bosh gapni yoki uning biror bo`lagini izohlash, aniqlash, to`ldirish, uchun xizmat qiladi. Shunga ko`ra ergash gap ikki katta guruhga bo`linadi:
1 ) bosh gapning biror qismi (bo`lagi) ni izohlovchi ergash gaplar;
2) butun bir bosh gapni izohlovchi ergash gap.
Masalan: Dunyoda shunday odamlar bo`ladiki, ularning hayoti, qilgan ishlari, bosib o`tgan yo`llari biz uchun ... yuksak namuna bo`lib xizmat qiladi.
Kechasi shudring tushmagan bo`lsa ham, oyoq ostidagi maysalar, daraxt yaproqlari nam va muzdek edi. Birinchi gap tarkibidagi ergash gap (ularning hayoti, qilgan ishlari, bosib o`tgan yo`llari biz uchun .. yuksak namuna bo`lib xizmat qiladi) bosh gapdagi aniqlovchi (shunday) ni izohlagan bo`lsa, ikkinchi gap tarkibidagi (kechasi shudring tushmagan bo`lsa ham ) ergash gapi bosh gapning to`siqsizlik munosabati orqali butun holda izohlagan.
Bosh gapning biror bo`lagini izohlaydigan ergash gaplarga ega, kesim, aniqlovchi, to`ldiruvchi ergash gaplar; bosh gapni butun holda izohovchi ergash gaplarga payt, o`rin, sabab, maqsad, shart, to`siqsiz, ravish, miqdor daraja, o`xshatish, natija ergash gaplar kiradi.
I. Ega ergash gap bosh gapning olmosh bilan ifodalangan ega bo`lganing izohlab kim? Nima? So`roqlaridan biriga javob bo`ladi. ega ergash gap bosh gapga quyidagicha birikadi.
1.Ergash gapning kesimi shart mayli shaklida bo`ladi. Bunda bosh gapning egasi u , o`sha, o`zi, kabi olmoshlar bilan ifodalanadi. Masalan: Kimki birovning payini qirqsa, o`ziniki ham qirqiladi. Kimki o`tmishni yaxshi bilsa,u hozirgi zamon qadriga etadi.
2.Ergash gapning kesimi aniqlik maylida bo`ladi: M. Kim o`zini hurmat qilar ekan, u boshqalarni ham hurmat qiladi.
3.Ega ergash gap bosh gapdan keyin kelib bosh gapga –ki aniqlov bog`lovchisi orqali birikadi: Shu narsa ravshanki, o`tmishni bilmasdan turib hozirga zamon qadriga etib bo`lmaydi.
Ba`zan ega ergash gap bosh gapdagi shakllanmagan egani izohlashi mumkin. Masalan: Bizga ayonki, xalq o`z taqdirini o`zi yaratadi.
II. Kesim ergash gap bosh gapning olmosh bilan ifodalangan kesimini izohlaydi.
Bunda bosh gapning kesimi vazifasida shu, shunday, shu bo`ldi, shundan iborat, so`zlari kelib, ergash gap shu so`zlarini izohlagan holda bosh gapga – ki bog`lovchisi yordamida birikadi. Masalan: Farqi faqat shuki men madaniy navlarini chatishtirardim.. Hatto geografik uzoq navlarning ham madaniysini tanlab chatishtirganman. eng yomoni shundaki, u .. odamlarni yil sayin o`tkirroq dorilarni ishlatishga majbur qilayapti.. Do`stlikning qudrati shundan iboratki, bu qudratli kuch har qanday to`siqni enga oladi.
III. To`ldiruvchi ergash gap bosh gapdagi olmosh bilan ifodalangan to`ldiruvchini yoki bosh gapda qo`llanmagan to`ldiruvchini izohlaydi va bosh gapga quyidagicha birikadi.
1.Ergash gapning kesimi shart maylida bo`ladi. Masalan: Kimda gumon bo`lsa uni ko`zdan qochirma gapi tarkibidagi ergash gap (kimda gumon bo`lsa) bosh gapda uni to`ldiruvchisini izohlagan.
2.To`ldiruvchi ergash gap bosh gapga – ki bog`lovchisi orqali birikadi. Masalan: Men hech bir vaqt inkor qilmaymanki, yolg`iz o`z g`arazi yo`lida ish qiluvchi pand kishilar .. bizda ham yo`q emas. Gapi tarkibidagi yolg`iz o`zi g`arazi yo`lida ish qiluvchi pand kishilar bizda ham yo`q emas ergash gapi bosh gapda qo`llanmagan shuni to`ldiruvchisini izohlab, unga –ki bog`lovchisi yordamida birikkan.
IV. Aniqlovchi ergash gap bosh gapdagi aniqlovchi vazifasidan qo`llangan yoki qo`llanmagan so`zning ma`nosini izohlaydi.
Aniqlovchi ergash gap bosh gapga quyidagicha birikadi:
1.Ergash gap tarkibida kim, kimki, kimning kabi olmoshlar qatnishib, kesim shart mayli shaklida bo`ladi. Masalan: Kimning ko`ngli to`g`ri bo`lsa, uning yo`li ham to`g`ri bo`ladi.
2. Ergash gap bosh gapga ki bog`lovchisi yordamida birikadi. Bunda bosh gap tarkibida shunday, shunaqa so`zlari keladi, ergash gap tarkibida esa bunday, bunaqa so`zlari qatnashadi. Masalan: Shunday odamlar bo`ladiki, ularni mansab ham, daraja ham, shon –shuhrat ham, o`zgartirmaydi.
Ayrim hollarda olmoshlar ergash gapda ham bosh gapda ham tushirilgan bo`ladi. Masalan : Shoirlar bo`ladiki, ular kechasi yolg`iz o`qiydi.
5.Ravish ergash gapli qo`shma gap; ravish ergash gapni bosh gapga bog`lovchi vositalar.
Ravish ergash gap bosh gapdagi voqea-hodisa yoki harakatning qay tarzda yuzaga kelishini bildiradi. Ravish ergash gap bosh gapning kesimi orqali beriladigan qay tarzda? qay holda? qanday qilib? kabi so`roqlaridan biriga javob bo`ladi. Masalan: Dimog`imga alla qanday gullarning xushbuy hidi urilib, ajoyib yoz oqshomlari esimga tushib ketdi.
Ravish ergash gap bo gapga quyidagicha bog`lanadi:
1)ravish ergash gapning kesimi ravishdoshning –b (ib) qo`shimchasi bilan shakllanadi: Quyosh botib, poyonsiz chul birdan xuvillab qoldi.
2)ravish ergash gapning kesimi ravishdoshning bo`lishsiz shakli – may, -masdan shaklida keladi: Sabrim chidamay, yuqoriga intildim.
3)deb, deya yordamchilari orqali bog`lanadi: Baxting bor deb, esadi ellar. Deb, deya so`zlari «Ko`chirma gap muallif gapi» tarzida tuzilgan o`zga gap tarkibida qo`llanadi, bu bog`lanish ravish ergash gapli qo`shma gap tarzida ham keladi. Bunda ko`chirma gap ergash gap vazifasida,muallif gapi bosh gap vazifasida keladi.
Ravish ergash gap yuqorida sanab o`tilgan bog`lanishlarda bosh gapdan oldin kelgan.
6.Miqdor -daraja gapli qo`shma gap; miqdor-daraja ergash gapni bosh gapga bog`lovchi vositalar.
Miqdor- daraja ergash gap bosh gapdagi voqea –hodisa, harakatning qay miqdorda, qay darajada bajarishini bildiradi. Miqdor-daraja ergash gap bosh gap orqali beriladigan qancha? qay darajada? kabi so`roqlardan biriga javob bo`ladi. Masalan: Zulmat qancha quyuuq bo`lsa, yulduz shuncha ravshan charaqlaydi.
Miqdor-daraja ergash gap bosh gapga quyidagicha bog`lanadi:
1.Felning-sa shart mayili shakli orqali : egrini to`g`rilash qancha qiyin bo`lsa, to`g`ri ko`ngilga egri gapning singishi ham shunchalik qiyin bo`larkan.
Misollardan ayonki, miqdor daraja ergash gap tarkibida qancha, qanchalik, nechog`lik kabi nisbiy so`zlar bosh gap tarkibida esa unga mos ravishda shuncha, ushancha, shunchalik, kabi nisbiy so`zlar ishtirok etadi.
2.–ki aniqlov bog`lovchisi orqali:
Miqdor-daraja ergash gapli qo`shma gap qismlari felning – sa shart mayili shakli orqali bog`langanda, miqdor daraja ergash gap bosh gapdan oldin: – ki aniqlov bog`lovchisi orqali bog`langanda, bosh gapdan keyin keladi.
7.O`xshatish ergash gapli qo`shma gap o`xshatish ergash gapni bosh gapga bog`lovchi vositalar.
O`xshatish ergash gapli qo`shma gaplarda bosh gapdan anglashilgan harakat, holat, belgi-xususiyat ergash gapdagi voqea-hodisa, belgi-xususiyatga o`xshatiladi. Masalan: Otabek ko`zini to`ldirib binoga qaradi, go`yo u bu qarashda o`z sevgani bilan vidolashar edi. (A.Qodiriy)
O`xshatish ergash gap bosh gap bilan quyidagicha bog`lanadi:
1) –dek, -day qo`shimchasini olgan fe`lning sifatdosh shakli orqali: Bahor faslining do`la yomg`irlari bo`lganidek, kelinlik gashtining ham o`ziga yarasha qiyinchiliklari bor. (U.Abduazimova)
2) fe`lning sifatdosh shakli –gan egalik qo`shimchasi kabi, singari ko`makchilarini keltirish bilan: Daryo suvi qancha oqqani bilan kamaymagan kabi, odam qalbi dunyo-dunyo shodligu, tog`-tog` qayg`u-alamlarni sig`dira olarkan.
3) fe`lning –guncha ravishdosh shakli bilan: Tiz cho`kib yashaguncha, tik turib o`lgan yaxshi.(Maqol)
4) fe`lning –sa shart mayli shakli vositasida: Bahor kunduzlari naqadar chiroyli bo`lsa, kechalari undan ham chiroyli bo`lishiga intiladi.(H.Shams)
O`xshatish ergash gap bosh gap bilan yuqorida sanab o`tilgan vositalar bilan birikkanda, o`xshatish ergash gap bosh gapdan oldin keladi.
5) –ki aniqlov bog`lovchisi orqali: Oppoq nozik yuzi quyoshda shunday tiniq ko`rindiki, go`yo u nurdan yaratilganday.(O)
bu bog`lovchi bilan birikkanda, o`xshatish ergash gap tarkibida xuddi,go`yo,go`yoki kabi bog`lovchilar ham ishtirok etadi. Bosh gap tarkibida esa o`xshatish ma`nosini kuchaytirib, ta`kidlab ko`rsatish maqsadida shunday, shunchalik, shu qadar kabi nisbiy so`zlar qo`llanadi: Ba`zan o`xshatish ergash gap bosh gap bilan faqat go`yo, go`yoki bog`lovchisi orqali bog`lanishi mumkin.
Masalan: Tabiatdan allaqanday g`ayri tabiiy jimjitlik hukmron, go`yo dalada hamma ishlar qilib bo`linganday.(G`.G`ulom)
Bunday bog`lanishda o`xshatish ergash gap bosh gapdan keyin keladi.

Qo`shma gapning yangicha talqini quyidagicha:


1.Teng bog`lovchili qo`shma gap.
2.Ergashtiruvchi bog`lovchili qo`shma gap.
3.Yuklama vositasida bog`langan qo`shma gap.
4.Nisbiy so`zli qo`shma gap.
5.Faqat ohang bilan bog`langan qo`shma gap.
Shunday qilib, qo`shma gapning yangicha talqini gaplardagi bog`lovchi vositalarga qarab ajratilgan.

Tekshirish uchun savollar:


1.Qo`shma gap qismlarining bog`lanishi va semantik munosabatiga ko`ra qanday turlari bor?
2.Bog`langan qo`shma gap nima?
3.Uning qismlari o`zaro qanday bog`lanadi?
4.Bunda qanday semantik munosabatlar ifoda qilinadi?
5.Bog`langan qo`shma gaplarda qanday tinish belgilari ishlatiladi?
6.Ergashgan qo`shma gap qismlarini bog`lovchi vositalar qaysilar?
7.Ergashgan qo`shma gap qismlari nima uchun bosh va ergash gaplarga bo`linadi?
8.Bog`lovchilarning qaysi turlari ergash gapni bosh gapga biriktiradi? Qo’shma gap haqida umumiy ma‘lumot.Qo’shma gap sodda gaplar bilan mustahkam bog’langan, biroq undan ham struktur, ham uzatilayotgan axborot nuqtai nazaridan farqlanuvchi sintaktik qurilma hisoblanadi. Shu bois qo’shma gapning umumiy lisoniy mohiyati uning sodda gaplarga o’zaro munosabatida ochiladi. Lisoniy struktura jihatidan qo’shma gapning sodda gapdan farqi ma‘lum darajada ravshan. Aniqrog’i, sodda gapda shakllangan kesim bitta bo’lsa, qo’shma gapda u birdan ortiq bo’ladi va birdan ortiq sodda gaplarning mazmun, hamda, grammatik jihatdan birikuvidan tashkil topadi. Misollar: 1.Men sizni bilaman, siz bunday qilmaysiz. (O.) 2.Nima qilasan, qishloqqa qaytasanmi? (O). 3.Dunyoda nima ko’p - kulgu ko’p. (O). 4.Bilamanki, sodda barmoqlaring tilla uzuk taqmagan. (U.) 5.Majlisda ko’riladigan masalalarning muhim tomoni shundaki, Baqa qurilmadagi cho’l yerlarni suvga serob qilish masalasi muxokama qilinadi.
Ko’rinadiki, 1-gapda bilaman va qilmaysiz, 2-gapda qilasan va qaytasanmi, 3-gapda ko’p va ko’p, 4-gapda bilaman va taqmagan, 5-gapda shundaki va muhokama qilinadi kabi har bir gapdagi birdan ortiq kesim sintaktik qurilmalarning qo’shma gapligini ta‘minlovchi muhim asoslardan biridir. Kesimlarning birdan ortiqligidan tashqari, har bir qo’shma gapda ifodalanayotgan birdan ortiq fikr, axborotning o’zaro zich munosabati, gaplararo grammatik taqoza etuvchilik hamda intonatsion yaxlitlik kabilar ham bu sintaktik qurilmalarning qo’shma gapligini ta‘minlaydi.
Komunikativ nuqtai nazardan sodda gap bir fikrni, axborotni uzatish vazifasini bajarsa, qo’shma gapda birdan ortiq hukm o’z ifodasini topgan bo’ladi. Shuningdek, bu alohida axborotlar asosidagi munosabat ham qo’shma gapda qaysidir darajada bo’rtib turadi. Masalan: Jahongir keldi. Men shu ondayoq jo’nadim gaplarida ifodalangan fikrlar bir-biriga o’zaro bog’liq bo’lib, gaplarning biri ikkinchisini taqoza etadi. Bu jixatdan ular Jahongir keldi va men shu ondayoq ketdim gapidan ajralib turadi.
SHunday qilib, qo’shma gap grammatik shakllangan va birdan ortiq axborotni tashish uchun mo’ljallangan sodda gaplarning grammatik, semantik, intonatsion va kommunikativ jihatlardan yaxlitlangan butunligidir.
Qo’shma gap tarkibidagi sodda gaplar alohida olingan sodda gaplardan nisbatan mustaqil emasligi bilan ajralib turadi. Avvallo, bu grammatik va intonatsion nomustaqillikdir. Bahor keldi, shuning uchun dala ishlari qizib ketdi qurilmasini ergash gapli qo’shma gap qilib turgan narsa mazmuniy taqoza etuvchanlikdir. Birinchi gapdagi mazmun ikkinchi gapdagi mazmun uchun sabab maqomidir. Biroq bunday mazmuniy zich bog’lanishsiz ham qo’shma gap hosil bo’lishi mumkin. Osmonda turnalarning «qurey-qureyi» eshitilardi, uzoqlardan chuponlarning hay-haylagani quloqqa chalinardi. Ikkinchidan, shuning uchun bog’lovchisi qo’shma gap a‘zolarini grammatik jihatdan zich munosabatga kiritgan. (Biroq bu bog’lovchisiz ham qo’shma gap hosil qilish mumkin: Bahor keldi, dala ishlari qizib ketdi.) Ammo sodda gaplar orasidagi intonatsion uzilish qo’shma gapni sodda gapga parchalab yuborishi mumkin: Bahor keldi, shuning uchun dala ishlari qizib ketdi.
Demak, ma‘lum bo’ladiki, qo’shma gap tarkibidagi sodda gaplarning o’zaro zichlashuvi mazmun, grammatik shakl va intonatsiya nuqtai nazaridan bo’ladi. Ammo bu omillar darajali ziddiyatda turadi.
intonatsiya - grammatik shakl - mazmun
CHunki mazmuniy bog’liqlik va grammatik shakl mavjud bo’lsa ham, birlashtiruvchi intonatsiya bo’lmasa, ayrim gaplar qo’shma gapni tashkil eta olmaydi. Ammo mazmuniy bog’liqlik va grammatik aloqa bo’lmasa ham, intonatsiya asosida qo’shma gap hosil qilish mumkin (bog’lovchisiz qo’shma gap.) Sodda gaplar asosida ajratuvchi pauza bo’lganda, qo’shma gapning yaxlitligiga putur yetadi. Masalan, Men sen bilan bormoqchi edim. Biroq sen qarshilik qilmasliging kerak. Gaplar orasida qushma gapning barcha belgilari mavjud. Birgina birlashtiruvchi ohang yo’qligi sodda gaplarning mustaqil bo’lishiga olib kelgan.
Qo’shma gaplarni uyushiq kesimli sodda gaplardan, sodda va qo’shma gaplar orasidagi uyushgan gaplardan farqlash lozim. Uyushiq kesimli sodda gaplar egasi bitta, bitta umumiy Pm ga ega bo’lgan birdan ortiq kesimlardan tashkil topgan gaplardir. Misollar: 1.Jamshid o’qir, yozar va chizar edi. 2.Do’kondorlar do’konlarini ochib, mudrab o’tirishardi. 3.Qushlar tinimsiz chug’urlashar va charx urishar edi. Uyushgan gaplar esa, aytilganidek, birdan ortiq egaga, shuningdek, bitta umumiy Pm li birdan ortiq kesimga ega bo’lgan gaplardir. Misollar: 1.Bahor kelar, dala ishlari qizib ketar edi. 2.Jamshid o’qir, Jahongir yozar, Isroil esa chizar edi. 3Do’kondorlar savdoga chorlab, attorlar esa mollarini maqtab o’tirishardi. Qo’shma gaplar esa har biri o’z Pm ga ega bo’lgan birdan ortiq kesimlardan tashkil topadi. 1.Jamshid o’qirdi, Jahongir yozardi, Isroil esa chizardi.
Qo’shma gaplardagi formal-funktsional yondashuvda bir egali, lekin birdan ortiq kesimli gaplar qo’shma gap sifatida qaraladi. Chunki har bir kesimda shaxs-son, zamon, tasdiq-inkor, modallik/mayl (kesimlik) ma‘nolari birdan ortiq ifodalanadi. Bu esa semantik nuqtai nazardan ularning har birida alohida axborot mavjudligidan dalolat beradi.
Qo’shma gaplar tarkibiga kiruvchi sodda gaplar orasida teng yoki tobe sintaktik aloqa mavjud bo’ladi. Agar u teng bog’lovchi yordamida amalga oshirilgan bo’lsa, tenglanish deyiladi. 1.O’g’lim keldi va tuyni boshlab yubordik. 2. Bahor keldi va dala ishlari qizib ketdi. To’g’ri, gaplar orasida sabab-oqibat aloqasi mavjud va gapni mazmunan tobe-hokim gaplarga kiritish mumkin. Biroq gaplarda mazmunan tobelik, shaklan tenglik mavjud bo’lganda,
grammatik jihatdan nisbiy yakunlangan bo’ladi. Bu nisbiylik mustaqil sodda gaplardagi tugallanganlikdan farqlanadi. Qo’shma gap tarkibida birikayotgan bir sodda gapning modal sifatlari ikkinchisiga ta‘sir etmasdan qolmaydi. Natijada yangi modal ma‘no vujudga keladi. Bu masala kesimlarning MKSH va NKSH turlari bilan ham zich aloqador xodisadir. Shuningdek, qo’shma gap tarkibiy qismlarini bog’layotgan bog’lovchi vositalardagi modal ma‘nolar ham ana shu xosila modal ma‘noga qorishadi.
Lisoniy birliklar serqirra mohiyatli bo’lganligi bois kamida ikkita paradigmaga kiradi. Shu boisdan biror butunlikka kiruvchi lisoniy birliklarni kamida ikki tomondan tasniflash mumkin bo’ladi.
Qo’shma gap ham lisoniy birlik sifatida murakkab tabiatli bo’lib, bu murakkablik uning lisoniy sathda tutgan o’rni, tarkibidagi sodda gaplarning grammatik shakli va bog’lovchi vositalari hamda mazmuniy munosabatlarning rang-barangligi bilan belgilanadi. Shuningdek, qo’shma gap turlarini xilma-xil asoslarda turlicha tasniflash mumkin bo’ladi. Tasnif asoslarining aniqligi va tasnifning izchil amalga oshirilishi masala mohiyatini oydinlashtirishda muhim omillardan biridir.
Qo’shma gaplarning ma‘noviy va struktur sintaksis nuqtai nazaridan tasnifi ko’p hollarda o’zaro farqlanadi.
An‘anaviy sintaksis qo’shma gaplar tasnifida ko’p hollarda ularning nutqiy belgi-xususiyatlariga, zohiriy alomatlariga tayanadi. Struktural sintaksis tasnifi esa qo’shma gaplarning lisoniy mohiyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Qo’shma gaplar, avvalo, sodda va uyushgan gaplardan o’z qurilish usullarning boshqachaligi bilan farqlanadi. Demak, umumiy lisoniy mohiyat sifatida gaplar qurilish qoliplariga ko’ra dastlabki tasnifda uchga bo’linadi. (Tasnifda gaplarning eng kichik qurilishi qoliplariga tayanamiz.)
[WPm] [((S-W)(S-W))Pm] [WPm + WPm]
Bunda, aytilganidek, sodda va qo’shma gaplar tasnifning chekka va uyushgan gaplar oraliq vaziyatini egallaydi.
Qo’shma gaplar ham o’z navbatida qoliplarning tur va ko’rinishlariga ega bo’ladi.
[WPm + WPm] umumiy qolipining yuzaga chiqish turlarini, umumiy qolip bilan nutqiy ko’rinish orasidagi turli bosqichdagi oraliq qoliplarni aniqlash me‘yorlari, belgi va mezonlarni muayyanlashtirmoq lozim bo’ladi.
Ma‘lumki, qo’shma gapning tur va ko’rinishlarini o’rganishda sodda gapning eng kichik qolipi asos qilib olingan. Sodda gapning eng kichik qolipi [WPm] dan iborat bo’lsa, mantiqan qo’shma gapning qurilish qolipi [1-WPm + 2-WPm + 3-WPm +..n-WPm]dir.
Qo’shma gapning lisoniy qolipi [1-WPm+2-WPm=3-WPm+...n-WPm]ekanligini nazarda tutgan holda qo’shma gapning eng kichik qolipi uchun [WPm+WPm] ramzidan foydalaniladi.
Qo’shma gapning voqelanish usullarini belgilashda uch ko’rsatkichga tayaniladi.
[WPm] larning egasi [S] bor-yo’qligiga, bir xil yoki boshqa xil ekanligiga.
[WPm]lar tarkibidagi [W]ning xususiyatlariga (W larning bir xil yoki boshqa-boshqa bo’lishb, bir xil yoki xar xil co’z turkumlari bilan ifodalanishi, turlanishiga ko’ra.
[WPm] tarkibidagi [Pm] larning bir xil yoki qisman bir xil ekanligiga ko’ra.
[WPm+WPm] qolipining to nutqiy muayyan gaplargacha bo’linishlarini bundan boshqa o’lchovlar asosida ham berish mumkin. Masalan, ikkita [WPm] ning bog’lanish usullari va yo’llari, [WPm+WPm] umumiy qolipining turli xil ko’rinishlarida tarkibiy qismlarining bog’lanish xususiyatlari va ularni bog’lovchi vositalar, qo’shma gap tarkibiga kirayotgan har bir [WPm] da to’liq o’xshash, qisman o’xshash, yaqin va zich a‘zolarning bo’lish-bo’lmasligi, birinchi [WPm] tarkibida ikkinchi [WPm] ga ishora qiluvchi vositaning bor-yo’qligi, [WPm] lar tarkibida nisbiy, bir-birini taqozo qiluvchi unsurlarning bor-yo’qligi kabilar shular jumlasidandir.

Yüklə 117,5 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin