Maxsus sirtqi bo’lim uchun matematikadan o’quv dasturi
1. So’z boshi.
Mazkur dasturning maqsadi boshlang'ich ta'lim va tarbiyaviy ish mutaxasisligi maxsus sirtqi bo’limi bakalavrini boshlang’ich matematika kursining nazariy asoslari va oliy matematika qisqa kursi bilan tanishtirishdan iborat.
Bu o’quv dasturi matematika o’qitishda quyidagi vazifalarni hal qilishni o’z oldiga qo’yadi:
- talabalarga matematikaning dunyoqarashni shakllantirishdagi va atrof borliqni o’rganishdagi ahamiyatini ochib berish;
- talabalarga boshlang’ich matematika kursining nazariy asoslarini o’rgatish, ularda boshlang’ich matematika kursini chuqurroq o’zlashtirishlari uchun zarur ko’nikma va malakalarni shakllantirish;
- talabalarni oliy matematika qisqa kursi bilan tanishtirish;
- talabalarni o’quv qo’llanmalari va boshqa ilmiy adabiyotlar bilan mustaqil ishlashga o’rgatish.
Yuqoridagi maqsad va vazifalar matematika kursining asosiy mazmunini belgilaydi. Boshlang’ich matematika kursining asosini nomanfiy butun sonlar va ular ustida amallar, miqdorlar va ularni o’lchash tashkil qiladi. Shu bilan birga algebra va geometriya elementlari ham o’z o‘rnini topgan. Son tushunchasini shakllantirish va uni kengaytirish, miqdorlar tushunchasini shakllantirish va ularni o’lchash ko’nikmalarini hosil qilish uchun talabalarning bir qator umumiy matematik tushunchalarni bilishlari va o’zlashtirishlari talab qilinadi. Bular to’plam, munosabat, funktsiya tushunchalari va mantiqiy, algebrik, geometrik tushunchalardir. Son tushunchasini kengaytirish masalasi nomanfiy butun sonlar to’plamidan kompleks sonlar to’plamigacha bo’lgan barcha sonli to’plamlarni, ularning xossalarini, har birini tashkil etuvchi sonlarning ta'rifi va ular ustida bajariladigan amallar ta'rifi bilan qonun-qoidalarni o’z ichiga oladi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib matematika kursining mazmunini quyidagicha bo’limlarga taqsimlash mumkin.
I. Umumiy matematik tushunchalar.
II. Nomanfiy butun sonlar.
III. Son tushunchasini kengaytirish.
IV. Funktsiya, hosila, integral.
V. Algebra va analitik geometriya elementlari.
VI. Elementar geometriya elementlari.
VII. Miqdorlar va ularni o’lchash.