2. Qurilish qorishmalari uchun materiallar Bog‘lovchi moddalar. Qurilish qorishmalari olishda portlandsementdan tashqari shlakli portlandsement, putssolanli portlandsement, past markadagi (M200) sement va xususiy hollarda kirishmaydigan, kengayuvchi sementlar ishlatilishi mumkin.
YUqori markadagi sementlarni qurilish qorishmalari (ayniqsa, past markadagi qorishma) olishda ishlatish qorishmaning suv ushlashlik, qatlamlanish kabi xususiyatlarini yomonlashtiradi.
Qorishmaning texnologik xossalarini yaxshilash va portlandsement kabi bog‘lovchilarni tejash maqsadida ikki va uch komponentli murakkab tarkibli qorishmalar keng ko‘lamda ishlatiladi.
Havoyi va gidravlik ohak qurilish qorishmalari olishda ohak xamiri yoki ohak suti ko‘rinishida qo‘llaniladi.
Qurilish gipsi alohida ravishda binolarning ichki va tashqi bezagi
uchun qorishmalar va murakkab qorishmalar tayyorlashda qo‘shimcha sifatida ishlatiladi.
Mayda to‘ldirgich. Og‘ir qurilish qorishmalari uchun mayda to‘ldirgich sifatida kvars qumlari, dala shpati qumlari kabi tabiiy qumlar, zich tog‘ jinslarini maydalab tayyorlangan sun’iy qumlar ishlatiladi. Engil qorishmalar uchun keramzit, agloporit, perlit, vermikulit, shungizit, kamporit singari g‘ovak sun’iy to‘ldirgichlar asosidagi qumlar; pemza, tuf, shlaklar kabi engil toshlarning qumlari ishlatiladi. Qum tarkibida yirik donalar bo‘lsa, uni albatta elakdan o‘tkazish kerak. Qum tarkibidagi eng yirik donalar diametri 2 mm oshmasligi kerak. Qurilish qorishmasining markasi M100 va undan yuqori bo‘lsa, tarkibidagi chang, loy aralashmalari miqdori 10% ortiq bo‘lmasligi kerak. Qorishma markasi M50 va undan past bo‘lsa, buyurtmachi bilan kelishilgan holda chang, loy aralashmalari miqdori 20% gacha bo‘lishi mumkin. Qum tarkibida organik aralashmalar meyordan ortiq bo‘lmasligi zarur.
Suv. Qurilish qorishmalari tayyorlashda ichimlik suvi yaroqli hisoblanadi. Boshqa suvlar ishlatilsa, ular tarkibida kislota, ishqor, tuz eritmalari va qoldiqlari, uglevodorod birikmalari va sh.k. qorishma bog‘lovchi moddasi qotishiga zararli ta’sir ko‘rsatadigan aralashmalar bo‘lmasligi kerak.
Maxsus bino va inshootlar qurilishida suvni distilyator moslamalaridan o‘tkazib, toza holda ishlatish tavsiya etiladi.