O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
O‘QUVCHILARNI PSIXOLOGIK-PEDAGOGIK QO‘LLAB-
QUVVATLASH ISHLARINI YANADA TAKOMILLASHTIRISH
TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va
jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat
jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 14-
avgustdagi PQ-3907-son
qarori
ijrosini ta’minlash, shuningdek, umumiy o‘rta va
o‘rta maxsus davlat ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni
psixologik-pedagogik
qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar
Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta
maxsus ta’lim vazirligining umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari
(keyingi o‘rinlarda ta’lim muassasalari deb ataladi) o‘quvchilarini psixologik-
pedagogik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish maqsadida ta’lim
muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi
ma’qullansin.
2. Quyidagilar psixologik xizmatning asosiy vazifalari etib belgilansin:
ta’lim muassasalarida psixologik xizmat faoliyatini samarali va sifatli tashkil
etish,
shu jumladan, ish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya
texnologiyalarini qo‘llash orqali o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlari
samaradorligini oshirish;
o‘quvchilarning qobiliyati,
layoqati, qiziqishlari hamda kasb-hunarga
moyilliklari asosida to‘g‘ri kasb-hunar tanlashlariga ko‘maklashish;
turli yosh davrlarida o‘quvchilarning shaxsiy, aqliy va ijtimoiy rivojlanishini
psixologik jihatdan kuzatib borish, ta’lim-tarbiyadagi psixologik nuqsonlarni
aniqlash, ularning aqliy taraqqiyotida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday
salbiy og‘ishlarning
oldini olish;
o‘quvchilar ta’lim muassasasining ijtimoiy muhitiga moslasha olmasligi
holatlarini korreksiyalash, ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha tadbirlarni
tashkil etish va amalga oshirish;
pedagogik jamoalarda sog‘lom psixologik muhitni yaratish va qo‘llab-
quvvatlash, jamoa a’zolarining
hissiy-emotsional holatlari, shaxslararo
munosabatlar va ziddiyatli xatti-harakatlarni korreksiyalash, ularning psixologik
madaniyatini yuksaltirish;
iste’dodli va iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularning individual-psixologik,
fiziologik xususiyatlari va qiziqishlarini o‘rganish, qobiliyatlarini namoyon etishlari
va rivojlantirishlari uchun shart-sharoitlar yaratish;
axborot-psixologik xurujlarning xavfi, Internet jahon axborot tarmog‘ining
salbiy ta’siri, yoshlar tarbiyasiga xavf solayotgan “ommaviy madaniyat”ning kirib
kelishi holatlarining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish;
pedagog xodimlar, o‘quvchilar hamda ota-onalarning psixologik-pedagogik
bilimlarini oshirishga ko‘maklashish,
pedagog xodimlar, ota-onalar va jamoat
tashkilotlarining samarali hamkorligini ta’minlash.
3. Quyidagilar:
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus davlat ta’lim muassasalarida psixologik
xizmat faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom
1-ilovaga
muvofiq;
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus davlat ta’lim muassasasidagi psixologik
xizmatning psixolog kadrlarini attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi
nizom
2-ilovaga
muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta
maxsus
ta’lim vazirligi ikki oy muddatda:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ta’lim
muassasalari psixolog kadrlarining lavozim majburiyatlari hamda ularga
qo‘yiladigan malaka talablarini qayta ko‘rib chiqsin;
ta’lim muassasalaridagi psixologik xizmat xonalarini jihozlash me’yorlarini
ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qaror ijrosini ta’minlash
bilan bog‘liq xarajatlar uchun zarur mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Davlat
budjeti parametrlarida “Ta’lim” sohasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida ajratilishini
ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus
ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda
o‘zlari
qabul
qilgan
normativ-huquqiy
hujjatlarni
ushbu
qarorga
muvofiqlashtirsinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston
Respublikasi
Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, O‘zbekiston Respublikasi xalq
ta’limi vaziri Sh.X. Shermatov hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta
maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov zimmasiga yuklansin.