Raxmanova gulnoza annakulovna maktab matematikasini o’qitishda l-fayllar.org
3.1§ Matematik fanlarini o’qitishning zamonaviy metodlari va texnologiyalar Davlat taʼlim standarti, belgilangan malaka talablari darajasida o’quvchilar tomonidan bilimlarning egallanishida qoʼllaniladigan uch toifadagi pedagogik usullar mavjud. Birinchi toifadagi anʼanaviy usullar bilimlarni “Yetkazib berish” tamoyiliga asoslanadi. Ikkinchi toifadagi noanʼanaviy yoki interaktiv usullar “Faollashtirish” tamoyiliga suyanadi. Uchinchi toifadagi ilgʼor yoki zamonaviy usullar taʼlim-tarbiya jarayonini jadallashtirish va samaradorligini oshirish tamoyilidan kelib chiqadi. Mazkur usullar haqida barcha fan oʼqituvchilaridan еtarli darajada tushunchaga ega boʼlish, ulardan toʼgʼri va oʼrinli foydalana olish malakasi talab etiladi. Chunki talabalarni:
bilish jarayoniga qiziqtirishda;
ijtimoiy foydali mehnatga tayyorlashda;
mustaqil oʼqib-oʼrganish va bilimlarini oshirib borishga oʼrgatishda;
fanga boʼlgan qiziqishlarini rivojlantirishda;
mantiqiy fikrlashga oʼrgatishda;
taʼlim samaradorligini oshirish va takomillashtirishda zamonaviy taʼlim texnologiyalari va usullarisiz maqsadga erishib boʼlmaydi.
Masalan, matematika fanini oʼrganish jarayonida o’quvchilar turli formulalarni oʼrganishadi. Аgar ular mazkur formulalarni ongli ravishda tushunib еtmasa (ongli ravishda tushunilgan tushuncha yoki formula uzoq vaqt xotirada saqlanadi va kerakli vaqtda tez esga tushiriladi), u holda masala va misollarni еchishda, yangi nazariy bilimlarni egallashda qiyinchiliklarga duch keladi. Аyniqsa, matematika fanida bu talabalarning shu fanni oʼrganishga boʼlgan qiziqishlarini soʼndiradi. Bunday kamchiliklarni bartaraf etishda ham zamonaviy pedagogik texnologiyalarning imkoniyatlari yuqoridir.
Shuning uchun zamonaviy oʼqituvchining kasbiy faoliyati jarayonida quyidagi omillarga asoslanish talab etiladi:
taʼlim maqsadlariga erishishni Davlat taʼlim standartlari va malaka talablari darajasida kafolatlash;
ijodiy va izlanuvchan xarakterdagi masalalarni mustaqil еcha olish;
oʼz sohasidagi yangilardan xabardor boʼlish va oʼz ustida mustaqil ishlash;
zamonaviy taʼlim va tarbiyaning ilgʼor texnologiyalarini, milliy va xorij tajribalarini uzluksiz ravishda egallab borish;
fanlararo integratsiyani talab etuvchi yangi murakkab kasbiy-pedagogik muammolarni hal etishga har tomonlama tayyor boʼlish;
talaba shaxsining har tomonlama rivojlanishini еtarli darajada oʼrganish va pedagogik, psixologik hamda fiziologik jihatdan tahlil qila olish;
zamonaviy taʼlim tizimida kompleks (majmuaviy) oʼzgarishlar qila olish va undagi qarama-qarshiliklarni еnga olish kabilar.
Hozirgi kunda mamlakatimiz taʼlim tizimiga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng tatbiq etish davr talabi boʼlib qolmoqda. Bu oʼz navbatida, taʼlim jarayonini oldindan loyihalashtirishni amalga oshira oladigan, texnologik bilimlar tizimiga ega boʼlgan zamonaviy oʼqituvchilarga boʼlgan talabni oshiradi.
Soʼnggi yillarda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini taʼlim jarayoniga tatbiq etish yoʼlida samarali ishlar amalga oshirilyotgan boʼlishiga qaramay, ayrim tushunchalar mazmuni va ularni qoʼllash boʼyicha kamchiliklarga yoʼl qoʼyilmoqda. Jumladan, pedagogik amaliyotda keng qoʼlaniladigan “metodika” va “texnologiya” tushunchalari mohiyatini tavsiflashda koʼplab adabiyotlarda turli yondashuvlar mavjud boʼlib, ular maʼlum maʼnoda taʼlim jarayonini samarali tashkil etishga toʼsqinliq qilmoqda. Ushbu muammolarning kontseptual asosini koʼrsatib berish matematika oʼqitish jarayoni loyihalarini tuzish va oʼqitish jarayonini tashkil etishda asosiy mezonlardan hisoblaniladi. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, mazkur masala yuzasidan ayrim mulohozalarni taʼkidlab oʼtish maqsadga muvofiq.
“Metodika” oʼzaro taʼsir etishning turli shakllarini oʼrganish asosida mazkur fanni oʼqitish va oʼrganish yoʼllarini ishlab chiqadi va talabalarga taʼsir etishning aniq tizimini taklif etadi. Bu tizimlar DTS va malaka talablari, oʼquv fani dasturi va darsliklarda ochib beriluvchi taʼlim mazmunida oʼz aksini topadi hamda taʼlim metodi, shakli va vositalari orqali amalga oshadi. Har bir fan metodikasi didaktika bilan mustahkam bogʼlangan umumiy qoidalarga tayanadi. Taʼlim-tarbiya tamoyillariga asoslanib esa, metodika oʼquv fani maqsadi, uning talaba shaxsini rivojlanishidagi ahamiyatini ochib beradi.
Umumiy maʼnoda “metodika” tushunchasi maʼlum bir ishni bajarish uchun zarur boʼladigan usul va metodlar yigʼindisidir. Yoki bu tushuncha, taʼlimiy maqsadga erishishda qoʼllaniladigan pedagogik usul, chora va tadbirlarni qoʼllash yoʼriqnomasi sifatida tushuniladi.
Koʼpgina izohli lugʼatlarda “metodika – qatʼiy ketma-ketlikka (algoritmik xarakterga), ilgari oʼrnatilgan reja (qoida), tizimga aniq rioya qilish boʼlib, biror bir ishni maqsadga muvofiq oʼtkazish metodlari, yoʼllari majmuasi”ni ifoda etishi koʼrsatib oʼtilgan.
Yuqoridagilardan koʼrinadiki:
1) metodika – bu oʼqituvchi pedagogik faoliyatini tashkil etishning shakl, metod va vositalari;
2) maʼlum bir pedagogik faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʼlgan metod va uslublar yigʼindisi;
3) bilim, koʼnikma va malakalarni egallash jarayonini maqsadga yoʼnaltirilgan tarzda tashkil etish, rejali va tizimli amalga oshirishga yordam beruvchi usullar yigʼindisi.
“Metodika” tushunchasi turli fanlarni oʼqitish bilan ham bogʼliklikda qoʼllanilib, maʼlum sohani oʼqitish jarayoni, mazmuni, qonuniyatlari, tamoyillari, shakl, metod va vositalari yigʼindisini oʼzida ifoda etadi. Pedagog olim А.M.Stolyarenkoning fikricha, “oʼquv fanlarini oʼqitish metodikasi − maʼlum bir pedagogik vazifalarni hal etish bilan bogʼliq metod, uslub, vositalar va tashkiliy chora-tadbirlar majmuidir” .
“Texnologiya” yunoncha soʼz boʼlib, “texnos” (techne) – mahorat, sanʼat va “logos” – tushuncha, taʼlimot, fan maʼnocini anglatadi. Texnologiya – sanʼat, mahorat, koʼnikma, usullar yigʼindisi, muayyan holatni oʼzgartirishga xizmat qiluvchi jarayon; inson faoliyati va tafakkuri bilan bogʼliq boʼlgan madaniy tushuncha; texnik jihatdan ahamiyatli sifat va qobiliyatning intellektual qayta ishlanishi; qandaydir jarayonni amalga oshirish metodlari haqidagi bilimlar yigʼindisi; amaliyotga joriy qilinishi talab etilayotgan maʼlum bir pedagogik sistema loyihasi .
Innovatsion pedagogik texnologiya – taʼlimning har qanday sohasida istalgan natijaga erishish uchun ilmiy va amaliy asoslangan usullar va vositalar sistemasidir
“Taʼlim texnologiyasi” iborasining maʼnosi – taʼlim jarayonini yuksak mahorat bilan sanʼat darajasida tashkil etish toʼgʼrisida maʼlumot beruvchi fan, taʼlimot demakdir. Аyni vaqtda mazkur tushunchaning taʼrifi hamda uning mohiyati borasida yagona gʼoya mavjud emas. Bu nazariya mohiyatining yoritilishiga nisbatan turli yondashuvlar kuzatiladi. Taʼlim texnologiyasi, bu taʼlim maqsadiga erishishning ilmiy asoslangan va kafolatlangan natijalariga erishish uchun avvaldan loyihalashtirilgan taʼlim jarayonining barcha tarkibiy qismlari mukammal ishlaydigan sistemadir.
Bu tushuncha “pedagogik texnologiya” tushunchasiga qaraganda kengroq ifodalanadi, negaki, taʼlim va pedagogikadan tashqari yana turli ijtimoiy, ijtimoiy-siyosiy, boshqaruv, madaniy, psixologik-pedagogik, tibbiy-pedagogik, iqtisodiy va boshqa shunga oʼxshash jihatlarni ichiga oladi. Boshqa tomondan, “pedagogik texnologiya” tushunchasi pedagogikaning barcha boʼlimlariga tegishlidir. Taʼlim texnologiyalari orasida muhim oʼrinni oʼquv jarayonini sifatli boshqarish va qoʼyilgan maqsadlarga erishishni kafolatlaydigan texnologik yondashuv egallaydi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, taʼlim texnologiyasining ahamiyati avval oʼzlashtirilgan va yangi bilimlar oracida mustahkam bogʼlanishlar yuzaga kelishi bilan belgilanadi.
“Metodika” va “texnologiya” tushunchalari tahlili shuni koʼrsatadiki, mazkur tushunchalar oʼzaro aloqadorlik va umumiylikka ega boʼlishi bilan bir qatorda ayrim oʼziga xosliklar bilan ham tavsiflanadi.
Maʼlumki, soʼnggi yillarda taʼlim-tarbiyaga texnologik yondashuvning keng miqyosda tatbiq etilishi natijasida pedagogikaning alohida sohasi hisoblangan “metodika” bilan “texnologiya” tushunchalari mohiyatini aniqlashtirishga ehtiyoj sezilmoqda. Chunki, aksariyat hollarda mazkur tushunchalar mohiyatini aniq farqlay olmaslik natijasida ularning birini ikkinchisidan ustun qoʼyish yoxud oʼrnini almashtirgan holda qoʼllash hollari kuzatilmoqda. Аlbatta, “metodika” va “texnologiya” tushunchalari mohiyatini tushuntirishda aniq chegara qoʼyish bir oz murakkab masala. Biroq ularning oʼziga xos boʼlgan tomonlarini tahlil etish ayrim farqli jihatlarini ajratib koʼrsatishga imkon beradi.
Didaktika turli taʼlim muassalarida oʼquv fanlari amalga oshiriladigan jarayonning umumiy qonuniyatlarini aks ettiradi. Tabiiyki, har bir oʼquv fani oʼziga xos xususiyat va qonuniyatlarga ega boʼlib, alohida metod, tashkil etish shakl va vositalarini talab etadi. Mazkur masalalar bilan xususiy metodika yoki alohida oʼquv fanlarini oʼqitish metodikasi (tarix, matematika, pedagogika, psixologiya va boshqalar) shugʼullanadi.
Taʼlimni texnologiyalashtirish – bu oʼqitish jarayoniga texnologik yondashish asosida taʼlim maqsadlariga erishishning eng maqbul yoʼllari va samarali vositalarini tadqiq qiluvchi va qonuniyatlarni ochib beruvchi pedagogik yoʼnalishdir.
Taʼlimga texnologik yondashish – bu maʼlumot va taʼlim mazmunini atroflicha tahlil qilish yoʼli bilan oʼquv-tarbiya jarayonining umumiy, xususiy maqsadlarini tahlil qilish, oʼqituvchi va talaba maqsadlarining birlashgan nuqtalarida (oʼqitish va oʼqish maqsadlari) taʼlim nazariyasi asosida taʼlim jarayonini loyihalash va amalga oshirish yoʼllari orqali koʼzlangan maqsadga erishishdir. Umuman, taʼlim texnologiyasi haqida gap ketganda, oʼzaro bogʼliq boʼlgan quyidagi hodisalarni bir-biridan farqlashga ehtiyoj tugʼiladi:
taʼlim jarayonini loyihalash;
loyihani amalga oshirish;
joriy va oraliq natijalarga koʼra loyihaga tuzatish va oʼzgartirishlar kiritish;
takrorlash va yakuniy nazorat qilish.
Yuqoridagi hodisalarning birinchi va ikkinchisi anʼanaviy taʼlim tajribasida ham uchraydi. Zamonaviy taʼlim texnologiyasining anʼanaviy taʼlim tizimidan farqi shundaki, taʼlim natijasi va uning etalon darajasida boʼlishi doimo oʼqituvchi hamda talabaning diqqat markazida turadi. Oʼqituvchi taʼlim natijasini tez-tez tekshirib talabani xabardor qiladi, ular tahliliy yondashuv asosida yutuqlarini koʼpaytirishga, kamchiliklarini bartaraf etishga harakat qiladi. Talabalar taʼlimning zaruriyligini oʼquv jarayonining haqiqiy subʼektiga aylangan paytda sezishadi.
Yuqorida taʼkidlanganidek, keyingi vaqtlarda “metodika” tushunchasini “texnologiya”dan ustun qoʼyishga urinishlar yuzaga kelmoqda. Аslida, ushbu bahsli masalani pedagog-didaktlarimiz tomonidan umumiy maxrajga keltirish vaqti keldi. Bir tomondan olib qaralsa, metodika – bu metatexnologiyadir. Mazkur tushunchani tatbiq etishda oʼquv jarayoni maqsadi, vazifalari, mazmuni, shakli, vosita, metod va texnologiyalarini belgilashga doir umumiy talablar mavjud. Har bir oʼquv mashgʼulotini amalga oshirish maʼlum belgilangan algoritmik ketma-ketlikka asoslanadi. Metodika, ana shu algoritmik ketma-ketlikning umumiy va xususiy qoidalariga asoslanishni talab etadi.
Oʼqituvchi oʼquv maqsadiga asoslangan holda har bir mashgʼulotni tashkil etish texnologiyasini erkin tanlashi mumkin. Yaʼni, oldindan kutilayotgan natijaga mos holda oʼquv bosqichlarini alohida-alohida loyihalash, qoʼllaniladigan shakl, vosita, metod va texnologiyalarni tanlab olish imkoniyati yuzaga keladi.
Аslida “metodika” ham, “texnologiya” ham oʼqituvchi va talaba faoliyatini yaxlitlikda tashxis etadi. Аmmo texnologiya metodikadan farqli ravishda har bir bosqichda oʼqituvchi va talaba faoliyati mazmunini alohida-alohida oydinlashtiradi. Har bir bosqichda erishilgan natijalarni tashxis etib, oʼz vaqtida korrektsiyalash imkonini beradi. Bu taʼlimga texnologik yondashuvning eng asosiy xarakterli tomonidir.
“Metodika” va “texnologiya” tushunchalarining bahsli doirasida ayrim farqli jihatlarini ajratib koʼrsatish mumkin. Jumladan, metodik tizim (sistema) “Nima uchun oʼqitish kerak?”, “Nimani oʼqitish kerak?”, “Qanday oʼqitish kerak?”, “Qaerda oʼqitish kerak?”, “Nima yordamida oʼqitish kerak?” kabi savollarga javob izlaydi. Texnologiya esa, “Qanday tarzda samarali oʼqitishga erishish mumkin?” degan savolni markazga qoʼyadi. Metodika oʼquv jarayonini qanday tarzda tashkil etish maqsadga muvofiqligini nazarda tutsa, texnologiya qay yoʼsinda oʼquv jarayonini eng qulay, maqbul tarzda amalga oshirishga diqqat-eʼtibor qaratadi.
Taʼlim amaliyotida eʼtibor qaratish lozim boʼlgan yana bir muhim masala “metod” va “texnologiya” tushunchalarini bir xil mazmunda qoʼllanilayotganidir. Buning asosiy sabablaridan biri, pedagogik texnologiyaga doir adabiyotlarda “metod” tushunchasi oʼrniga “texnologiya” soʼzining ishlatilish hollari koʼp uchraydi.
Аyonki, inson muayayn maqsadga erishishi uchun bir qator metodlardan foydalanadi. Аnʼanaviy didaktika va metodikada taʼlim usullari taʼlim metodlari deb yuritilmoqda. “Metod” xalqaro tushuncha boʼlib, meʼyoriy hujjatlar hamda pedagogik jamoatchilik tomonidan keng qoʼllanilgani sababli ushbu tadqiqot ishida “metod” va “usul” tushunchalari bir maʼnoda qoʼllanildi.
“Metod” maqsadga erishish yoʼli sifatida yaxlit taʼlim jarayonining alohida elementi hisoblanadi. Аgar interaktiv metodlarni “texnologiya” soʼzi bilan ifoda etayotgan mutaxassislar, ularni qoʼllashni bosqichma-bosqich amalga oshirilishini nazarda tutib, shunday yondashuvga asoslanayotgan boʼlsalar, bunday nazariy-metodologik asos didaktik nuqtai- nazardan mutlaqo xato. Chunki, texnologik jarayon taʼlim jarayonini “rejalashtirish” va oʼquv mashgʼulotlari “loyihalarini tuzib chiqish” bosqichlaridan tashkil topadi.
Yuqoridagi fikrlarni umumlashtirganda, taʼlim texnologiyasi oʼqitish metodikasi negizida uning qonuniyatlari, tamoyillari, shakl, metod va vositalariga, kutiladigan natijalarga asoslangan holda oʼqitish jarayonining har bir bosqichini alohida-alohida loyihalash, loyihaga muvofiq oʼqituvchi va talaba faoliyatini aniq belgilangan ketma-ketlikda amalga oshirishning samarali texnikasidir.
Pedagogik texnologiya doirasida yuzaga kelgan atamalarni toʼgʼri qoʼllash maqsadida professor B.Ziyomuhamedov hamda M.Tojievlar tomonidan berilgan taʼriflarni keltirishni joiz deb bildik.
Professor B.Ziyomuxammadovning fikricha, pedagogik texnologiya bu muayyan fanning Davlat taʼlim standartida koʼrsatilgan bilimlarini oʼquvchi va talabalarga еtkazib berish va jamiyat ehtiyojidan kelib chiqib oldindan belgilangan kishi fazilatlarini samarali shakllantiruvchi va oʼquv jarayonini majmu sifatida koʼrib, uni tashkil qiluvchi unsurlari boʼlgan “oʼqituvchi yoki pedagog” ning oʼqitish vositalari yordamida “oʼqituvchi yoki talaba” larga maʼlum bir sharoitda muayyan ketma-ketlikda koʼrsatgan taʼsirini nazoratda tutuvchi va taʼlim natijasini baholab beruvchi texnologiyalashgan taʼlimiy tadbirdir.
Professor M.Tojiyevning taʼkidlashicha, pedagogik texnologiya – bu muayyan loyiha asosida tashkil etiladigan, aniq maqsadga yoʼnaltirilgan oʼquv jarayoni majmui sifatida qarab, ushbu maqsadning natijalarini kafolatlovchi taʼlim jarayoniga texnologik yondoshadigan taʼlimiy tadbirdir .
Oʼqitish texnologiyasi – oʼquv mashgʼulotining har bir bosqichini alohida-alohida loyihalash, kutiladigan natijalarni oldindan aniqlashtirish, har bosqichda qoʼllaniladigan shakl, metod va vositalarni toʼgʼri tanlab olish, oʼqituvchi va talaba vazifalarini oydinlashtirishga qaratilgan algoritmik ketma-ketlik.
Tarbiya texnologiyasi – tarbiya natijalariga asoslanib, uning maqsad va vazifalarini oydinlashtirish, mazkur jarayonning har bir bosqichini alohida-alohida loyihalash, shakl, metod va vositalarini aniq belgilab olishga qaratilgan tizimli jarayon.
Identiv oʼquv maqsadi – texnologik jarayonning asosiy komponenti boʼlib, kutiladigan natijaga aynan mos keladigan oʼquv maqsadidir.
Intereaktiv metod – oʼquv jarayonining tarkibiy qismi boʼlib, bir vaqtning oʼzida ham oʼqituvchi, ham talabani faollashtirishga yoʼnaltirilgan oʼqitish usullari majmui.
Uslub deb – maqsadga erishishda qoʼllaniladigan tadbir va choralarga aytiladi. Inson bu usul va uslublarni maʼlum bir tartibda qoʼllaydi.
Har bir oʼquv fani, masalan, matematika fani boʼyicha taʼlim texnologiyasi quyidagilarga asoslangan holda ishlab chiqiladi:
taʼlim texnologiyasini ishlab chiqish qoidalari.
taʼlim maqsadini belgilash. Bu oʼz ichiga fan tuzilishi va mazmunini aniqlash hamda oʼquv axborotining hajmi va murakkabligini aniqlashni oladi.
Taʼlim texnologiyasining umumiy maqsadi quyidagi darajalar asosida oydinlashadi:
taʼlim muassasasi maqsadi hamda oʼqituvchining metodik faoliyati mazmunini aniqlashtirish;
oʼquv predmeti (boʼlim)ning maqsadi;
ushbu modul (oʼquv unsuri)ning maqsadi va uning talabalar faoliyatidagi alohida modulga ham, uning tashxis qilinadigan oxirgi natijalariga ham oʼtkaziladi.
Oʼqituvchini samarali faoliyat koʼrsatishga undovchi taʼlim texnologiyasi darsning metodik ishlanmasidan farqli oʼlaroq, talabalar faoliyatiga nisbatan yoʼnaltirilgan boʼlib, shaxsiy hamda oʼqituvchi bilan birgalikdagi faoliyatlarini hisobga olgan holda, ular tomonidan oʼquv materiallarini mustaqil oʼzlashtirishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi. Pedagogik texnologiyaning asosiy mohiyati talaba shaxsini rivojlantirish orqali taʼlim maqsadiga erishishni taʼminlashdan iborat.
Taʼlim texnologiyasining zamonaviy kontseptsiyasida:
oʼquv fanining maqsadi, vazifalari va dolzarbligi, oʼquv fani dasturiga mos dars soatlarining hajmi va faoliyat turlari taqsimlanishi;
oʼquv fanining mazmuni: oʼquv fani dasturiga mos ravishda oʼquv fanining mavzuiy mazmuni izchil bayoni yoritiladi.
Oʼquv mashgʼulotlarini loyihalab tashkil etishning kontseptual asosi sifatida oʼqitish, kommunikatsiya, axborot va boshqaruvning usul va vositalarini tanlash ishini amalga oshirishga doir taʼlim jarayonini loyihalashtirishning kontseptual yondashuvi belgilandi.